Qiroatxonlik nima?
Qiroatxonlik – ifodali o‘qish san’ati. Aslida, qissaxonlik, suxandonlik ham uning muayyan ko‘rinishlaridan. O‘ziga xos o‘qish yo‘li va uslubini o‘z ichiga olgan bu san’at qiroat qoidalari bilan turli xalqlarda mavjud bo‘lgan. Evropada nazmni nasrga, nasrni nazmga moyil qilib o‘qish usulida ham qiroatxonlikning ayrim qirralari bor. Qiroat oddiy so‘zlashuv uslubi va ohangidan farq qilgani holda, musiqiylikka moyilligi bilan ajralib turadi. Arabiy qiroatga tajvid koidalari bilan o‘qiluvchi qur’on tilovati misoldir. Qur’on yoddan yoki manbaning o‘zidan o‘qiladi. Har ikkalasida ham qiroatga rioya etiladi. Oddiy so‘zlashuv bilan qo‘shiq orasidagi ohang mushtarakligi uning tabiatini belgilaydi. Bu xususiyat forsiy va turkiy qiroatga ham tegishli.
Jangnoma, oshiqona yoki falsafiy dostonlarning ham o‘z o‘qilish yo‘llari bor. «SHohnoma», «Saddi Iskandariy» asarlari uchun muayyan vazn, ohang qo‘llansa, “Farhod va SHirin”, “Layli va Majnun”, “YUsuf va Zulayho”, uchun boshqacha, «Xiradnoma» uchun esa yana boshqasi qo‘llaniladi. Demak, qiroatxonlikda nazmiy asarlarni o‘qishda vazn talablarini bilish hamda amal qilish muhimdir.
Aniqrog‘i, aruz vaznidagi asarlarni o‘ziga xos o‘qish qoidalari bor. Bu esa barmoq vazni yoki erkin vazndan keskin farq qiladi. Unli tovushlarning cho‘ziq, qisqaligiga asoslangan izchillik, musiqiylik aruz vazni tabiatini belgilashini yaxshi bilasiz. Hozirda qiroatxonlikning bir necha ko‘rinishlari ta’lim tizimida qo‘llaniladi. Nazmiy hamda nasriy matnlarni ifodali o‘qish. Ayni paytda adiblarning nomlari bilan bog‘liq bo‘lgan adabiy o‘qishlar ham bor. Deylik, navoiyxonlik, bedilxonlik, ogahiyxonlik, mashrabxonlik, furqatxonlik va hokazo.
Ularda nomi qayd qilingan adibning ijodidan namunalar o‘qiladi. Asarlari tahlil etilib, tushuntiriladi. Ifodali o‘qish mahoratini egallaganlar rag‘batlantiriladi.
SHuningdek, mumtoz she’riyat janrlarining nomlari bilan bog‘langan qiroatxonlik ham mavjud bo‘lib, bularga g‘azalxonlik, masnaviyxonlik, muxammasxonlik, hikmatxonlik, ruboiyxonlik, qit’axonlik, fardxonlik va hokazolarni kiritish mumkin.
Mashriqzaminda rasululloh misolida ovozga munosabat ifoda etilgan. Nutq qoidalarini o‘rgatishga qaratilgan “Xatoba” kitobida ularning suvratu siyratlari borasida mulohazalar keltirilgan. Ularning tinglovchiga ko‘ra, ovoz tanlashlari alohida e’tirof etiladi. YA’ni, tinglovchilarning oldinda turganlarini bezovta qilmaydigan, orqa qatordagilarga ham eshitiladigan bir ovoz tanlashlariga ahamiyat berganlar. Ularning mayin ovozda salom berishlari ham tinglovchini bezovta qilmaslik odoblaridan bo‘lgan. Ayni damda mavzuga qarab ovoz tanlashlari ham mohiyat kasb etgan. Tilovat qilayotganlarida ba’zan ovozlarini baland yoki sekin chiqarganlari kabi, suhbatlashayotganda ham mavzuni ahamiyatini urg‘ulash uchun ovoz tanlashga rioya qilganlar. Rasululloh ovozlarining ohangiga ham keraklicha ahamiyat berganlar. Biron bir ishdan yoki so‘zdan mamnun bo‘lganlarini yoki xushlamaganlarini yuz ifodalaridan anglash mumkin bo‘lganidek, ovoz ohanglaridan ham aniqlasa bo‘lardi. O‘sha kitobda fikr tasdiqlari va ovoz tovlanishlari ularning barmoq va qo‘l harakatlari uyg‘un bo‘lganligi ta’kidlangan.