9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Pedagog kasbiy kompetensiyasining takomillashuvida ritorik mahoratning o‘rni

notiq.uz > IJODIYOT  > Pedagog kasbiy kompetensiyasining takomillashuvida ritorik mahoratning o‘rni

Pedagog kasbiy kompetensiyasining takomillashuvida ritorik mahoratning o‘rni

Kasbiy layoqat kasbiy mahorat bilan uyg‘un. Fanlar yo‘nalishida o‘qituvchining salohiyati va qobiliyati masalasi ko‘pgina muammolarning ijobiy hal etilishida muhim rol o‘ynaydi. O‘z fanini nazariy jihatdan chuqur bilish, yuksak intellektual salohiyatga ega bo‘lish mumkin, lekin ma’lumotni, axborotni o‘quvchi qalbu ongiga singdirish, etkazish yo‘llari, aniqrog‘i, o‘tkazish masalasi muhim muammoligicha qolmoqda.

O‘quvchining diqqat-e’tibori, qiziqishi bilan qiziqmasdan turib ta’lim-tarbiya jarayonining sifati va samarasini tasavvur etish mushkul. Buning uchun o‘qituvchi ikkita asosni doimo e’tiborda tutishi zarur. Bu ta’limning talabi nutq bilan, tarbiyaning talabi xulq bilan ekanligi omilidir. O‘quvchida ham shu xususiyatlarning mujassamini ko‘rishni istagan pedagog, avvalo, nutqiy va xulqiy madaniyatning o‘z tiynatida bo‘lishiga erishishi maqsadga muvofiq. O‘qituvchining yurish-turishi, kiyinishi va ko‘rinishi, nutqi va xulqi go‘zallik kategoriyalariga, ya’ni etik va estetik asoslarga qurilgandagina maqsadning ro‘yobini ko‘rish mumkin. O‘zi istagan va istamagan holda o‘quvchi nigohida tasdiq yo inkor mazmunidagi munosabat oshkora bo‘lmasada pinhoniy tarzda aks etishi tabiiy. SHunday ekan, dili, didi, bilim-saviyasi va mahorati ibratli bo‘lgan pedagoglarga o‘quvchilarning ergashishi, ulardan ta’sirlanish asnosida taqlid qilishi bejiz emas.

O‘qituvchining ritorik mahoratga ega bo‘lishi ana shu bo‘shliqni to‘ldirish uchun asosiy faktorlardan biridir. Xoh ijtimoiy, xoh tabiiy fanlar negizida bo‘lsin, pedagoglar o‘z fanlari yo‘nalishidagi ma’lumotni nutq qobiliyati, ritorik mahorat orqali etkazadi. Xalqimizning “So‘zdan so‘zning farqi bor, o‘ttiz ikki narxi bor”, “O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar” kabi maqollari ham pedagog kompetensiyasining ayrim qirralarini oydinlashtirishga xizmat qiladi.

Adabiy til me’yorlariga rioya etish, nutqning to‘g‘riligi, aniqligi, mantiqiyligi, tozaligi va boyligi masalasini bilish, amalda qo‘llay olish pedagogning o‘z fanini chuqur bilishi bilan birgalikda muhim ahamiyat kasb etishi muqarrardir. Har qanday pedagog, avvalombor, notiq, ya’ni ritor bo‘lishi kerak. So‘zdan ustalik bilan foydalana bilishi zarur. Buning uchun u ancha tajriba va malakaga ega bo‘lishi kerak. Nutq xususiyatlarini bilmaslik va nutq texnikasiga amal qila olmaslik ham o‘quvchini chalg‘itadi, ularning e’tiborini susaytiradi. Natijada fandan bezish boshlansa, o‘quvchilar har xil ta’sirlarga beriluvchan bo‘ladi. Fandan bezsa, ertaindin vatandan bezadi, vatandan bezdimi, demak vatangado, oqibatda kafangado demakdir. Achchiqroq  bo‘lsada, bu haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi. O‘quvchining fanga qiziqtirish, e’tiborini tortish masalasi ham pedagogning ritorlik mahorati, tajribasi kasbiy kompetensiyasi bilan bog‘liqdir.

“Poetika”, “Ritorika” kitoblarining muallifi, antik dunyo ritorika nazariyasining asoschisi Aristotel shoh Fillip saroyida ikki-uch yashar bolalarga talaffuz qoidalari bo‘yicha saboq berganligi ma’lum. Zeroki, ularning tovushlarni, so‘zlarni aniq talaffuz qilishi ham yuksak madaniyat belgisi hisoblangan. Tovush va so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilmaslik, ularni yamlab aytish ayb sanalgan. Keyingi davrlarda nutq qoidalariga amal qilmasdan, g‘o‘ldirovchilarni “Varvarlar” deb yuritishgani ham aslida, shundan. Nutqning aniqligi tafakkur va talaffuzning tiniqligidan ekanini yodda tutish foydadan xoli emas.

To‘g‘ri, hozirgi kunda ta’lim jarayoniga yangi, zamonaviy usul va vositalarning kirib kelishi, uni keng ko‘lamda, jadal sur’atlarda  amalda qo‘llash kuzatilmoqda. Lekin bu pedagogning boshlovchilik va nutq mahoratini inkor qilolmaydi. O‘quvchi ham, o‘qituvchi ham bilim olishning yagona manbai bo‘lib qolishi kerak emas, balki fikrlovchi, mustaqil ishlash asnosida o‘quv jarayonining faol ishtirokchisi bo‘lishi lozim. Qarsak ikki qo‘ldan chiqishini bilish foydadan xoli emas. Zamon talablariga javob beradigan fidoyi, ritorik mahoratga ega, izlanuvchan, yangilikka intiluvchan, tashabbuskor, kasbiy bilimlarga ega kadrlar davlatimiz istiqbolidir. Pedagog kompetensiyasi avvalo, uning nazariy va amaliy bilim, ko‘nikma va malakasi, dunyoqarashi, e’tiqodi va barcha shaxsiy individual ijtimoiy psixologik sifatlarining namoyon bo‘lishi bilan birga uning notiqlik san’atidan mohirona foydalana olishi bilan izohlanadi. Bu esa ta’limning sifat va samaradorligini ta’minlovchi muhim omillardan bo‘lib, u pedagogik moslashuv tizimi asosida namoyon bo‘ladi. Bular: ilmiy bilish, gnoseologik bilish, pedagogik faoliyatni epchillik, omilkorlik, mohirlik bilan bajara olish, har qanday muammoli vaziyatlarning samarali echimini topishga ijodiy kreativ yondashish, ta’limiy, tarbiyaviy ta’sir jarayonida yuksak ijtimoiy psixologik xususiyatlarni namoyon etish, o‘zining intellektual, kognitiv, emotiv, ritorik, axloqiy salohiyatini, o‘rganish va ichki psixologik zahirasidan samarali foydalanish orqali o‘zini muttasil rivojlantirish, jamiyat va insonlarga, tabiatga  borliqqa ijobiy emotsional munosabatda bo‘lish ijobiy pozitiv fikrlashga o‘tish tajribasidir.

Kompetentlik — olingan nazariy bilim, ko‘nikma va malakalarning majmuasini amaliyotga mustaqil va ijodiy qo‘llay olish darajasidir. O‘quvchi shaxsini rivojlantirishga yo‘naltirilgan talim modelining markazida o‘quvchi turadi. Har damda, har qadamda har bir maqsad o‘quvchining ehtiyojlaridan kelib chiqib belgilanadi. Jadallik bilan rivojlanayotgan kommunikatsiya vositalari inqilobi, axborot to‘lqinining kuchayib borishi, globallashuv zamoni yashash, tafakkur qilish va muloqot tarzini ham o‘zgartirishi, shubhasiz. Interfaol ta’limning ommalashuvi ham aslida shundan.

Nazariy ma’lumot va amaliy mashg‘ulotning o‘zaro uyg‘unligi bo‘lmasa harakatimiz besamardir. Donishmand Konfutsiyning ushbu fikriga e’tibor qiling. “Men nimani eshitsam, unutaman, nimani ko‘rsam xotiramda saqlayman, nimani o‘zim bajarsam, tushunaman”. Bu esa treninglar tarzida bilim berish manfaatli ekanini anglatadi. Trening-interfaol uslublar bilan ta’lim berish, qabul etilgan axborotlarni qo‘llash va muhokama etish deganidir. Trener maxsus tayyorgarlik ko‘rgan, malakasini oshirgan bo‘lishi lozim. Muhimi, u o‘zining boshlovchilik mahoratini, notiqlik san’atini puxta egallagan bo‘lishi, auditoriyaning yosh xususiyatlarini e’tiborga olib, ularning tilida so‘zlashishi lozim. Trener yoki moderator illyustratsiya va ko‘rgazma materiallarni namoyish etish, aqliy hujum, guruhlardagi bahslar, audiovizual vositalar, rolli o‘yinlar, vaziyatli vazifalar kabilarni amalga oshira olishi zarur. Xo‘sh, ushbu usul va uslublarni qo‘llash zamirida nima yotadi? SHubhasizki, buning asosida o‘qituvchining til, so‘z, nutq, mantiq, ritorika, notiqlik san’ati va boshlovchilik mahoratiga unumli munosabati turadi. Bularni his etmasdan, amalda qo‘llay olmasdan, yuqoridagi kommunikativ vositalarni ishlatishnigina bilish oddiy texnik xodimning vazifasiga o‘xshab qoladi. Tushuntirish, izohlash, undash, yo‘naltirish, da’vat etish orqali maqsadni ifoda etishning asosiy omili – ritorlik mahoratini pedagog muntazam ravishda takomillashtirib bormas ekan, kutilgan natijalarga erishishi mushkul.

 

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.