9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Uzoq yillik orzularning yaqindagi ijobati

notiq.uz > TIL TARAQQIYOT  > Uzoq yillik orzularning yaqindagi ijobati

Uzoq yillik orzularning yaqindagi ijobati

Davlat tilining rutbasi borasida yozilgan maqolalar ko‘p. lekin ularning orasida mulohazakorligi, hayotga yaqinligi, dalillanganligi, ilmiy asosi bilan ajralib turadigani Zuhriddin aka Isomiddinovning qarashlari desak, o‘rinli bo‘ladi. Qanday qilinsa, davlat tili borasidagi harakatlarimiz ijobiy ahamiyat kasb etadi? Ushbu savolga, aniqrog‘i muammoga aniqlik kirirtish uchun Oliy attestatsiya komissiyasi raisining maslahatchisi Zuhriddin Isomiddinovning quyidagi maqolasini o‘qib chiqish foydadan xoli emas.

O‘TTIZ YILLAB KUTILGAN BAYRAM

 

O‘n yilcha bo‘lib qoldi, bir guruh olimlar, san’atkorlar bilan Moldaviyaga borib, MDH davlatlari ijodiy va ilmiy intellegentlarining Kishinyov shahrida o‘tkazilgan to‘rtinchi forumida qatnashgan edik. Mehmonxonamiz shaharning qoq markazida, “31- avgust” ko‘chasida joylashgan ekan. Men ajablanib,: “Nima, 31-avgustda mamlakat tarixida shunga arziydigan biron buyuk voqea bo‘lib o‘tganmi, poytaxtning eng katta prospektlaridan biriga shunday deb nom beribsizlar?” — deb so‘radim. “Ha, bu sana biz uchun juda ulug‘ kun, – dedi bizni shahar bo‘ylab sayr qildirib yurgan mezbonlardan biri. – Chunki 1989-yil 31- avgustda moldovan tili davlat tili deb e’lon qilingan”.

Forum tugagach, qaytib keldik, oradan bir-ikki hafta o‘tgach, kasb-korimiz taqozosiga ko‘ra, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun (moldovanlardan ikki oycha keyin, 21-oktyabr) tashkilot va muassasalarda o‘tkaziladigan “tadbir”larga tayyorlanishga kirishdik. Odatda, idoradan zo‘r-bazo‘r ishtirok etadigan besh-o‘n nafar xodimni demasangiz, qolganiga zalni to‘ldirish uchun, tibbiyot kolleji talabalarimi yo harbiy qism askarlarimi, chorlanar, ular huzurida “tilimiz boy va qadimiy…” degan siyqa gaplarni har yili takrorlab (boshqa jiddiy masalani uqtirish behuda, albatta), bir-ikki o‘quvchining til haqida yodlagan she’rini tinglab qaytar edik. Bunday “nishonlash” o‘ttiz yilcha davom etdi. Uyog‘ini so‘rasangiz, shunga o‘rganib ham qolgandik.
Ammo ana shu Kishinyov safaridan keyin yuragimda bir g‘ashlik paydo bo‘ldi. O‘zbekistondagi yigirma besh millionlik o‘zbek ona tilimiz haq-huquqini Moldaviyadagi ikki yarim millionlik moldovanchalik ham himoya qila olmayotgan ekanmiz! Yilda bir martagina “Ona tili kuni”ni eplab-seplab o‘tkazamiz-da, ertasidan yana hamma joyda eski to‘ralarning tilida ish yurita beramiz, go‘yo rus tilini qo‘llash – baynalmilallik, o‘zbek tilida ish yuritish esa millatchilik deb qabul qilinadi, kimki yurak yutib, biron qog‘ozni o‘zbekcha yozib jo‘nataylik, axir o‘zbek tili – davlat tili-ku, desa, shakkoklik bo‘lib ko‘rinsa… Davlat tili haqidagi qonun esa qog‘ozda bor, amalda yo‘q narsa edi-da.

Yodingizdadir, II Jahon urushining eng og‘ir bir pallasida ulug‘ shoirimiz G‘afur G‘ulom sarosimaga tushmay, komil ishonch bilan “Bizning ko‘chada ham bayram bo‘lajak!” deb yozgan edi. Bugun ham, barchaning diqqati bemisl katta muhorabaga – koronavirus ofatiga qarshi kurashga qaratilgan bir paytda Prezidentimizning ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan kunni Til bayrami kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qonunni imzolashining o‘zi, mohiyat-e’tibori bilan – kelajakka komil ishonchning namoyishi, xalq irodasining tantanasi deb qaralmog‘i kerak. Bu qonun ona tilimizning ko‘chasidagi, o‘zbek tili jonkuyarlarining ko‘chasidagi, qo‘yingki, o‘zini o‘zbekman deb biladigan, shundan faxrlanadigan har bir fidoyi mardumning ko‘chasidagi bayramdir.

Diniy bayramlarimiz bor – Ramazon va Qurbon hayiti degan, siyosiy bayramlarimiz bor – Mustaqillik va Konstitutsiya kunlari, taqvimiy bayramlarimiz bor – Navro‘z va Yangi yil kunlari va hokazo. Ana endi ular qatoriga Milliy bayram – til bayrami qo‘shiladigan bo‘ldi. Mahmud Koshg‘ariyning, Navoiy va Boburning, Abdulla Qodiriy va Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir va Erkin Vohidov kabi ulug‘ til fidoyilarining ruhlari shodlanadigan, o‘ttiz besh millionlik o‘zbek elining milliy ruhi shodumon bo‘lib tantana qiladigan bayram bu!

To‘y qilmasdan – bayram qilib nishonlamasdan o‘g‘lingizni uylantirmaysiz, qizingizni kuyovga bermaysiz. Chunki to‘y ular oldiga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Endigi hayotlarida shuncha odamning e’tiborida ekanini har lahza his etib turishadi.

Davlatli tilimiz davlat tili bo‘lganini umumxalq miqyosida bayram qilib, to‘yini o‘tkazish, shu ma’noda, gardanimizga katta vazifa ham yuklaydi. Ona tilimizning chinakam davlat tili bo‘lishi – O‘zbekiston davlatida barcha ishni shu tilda yurgizish deganidir. Ishlab chiqarish va texnologiyani shu tilga o‘tkazish, olimlar ilmiy asarlarini o‘zbek tilida yozishi, sanoat, kon ishlari, bank hujjatlari… tamomila shu tilda bo‘ladi pirovardida. Ya’ni, Angliyada mebel fabrikalari ingliz tilidagi texnologiya asosida shkaf yasagani, yo bo‘lmasa, Yaponiya Tashqi ishlar vazirligida barcha hujjatlar yaponcha o‘ylab yaponcha yozadigan odamlar qo‘lida bo‘lgani kabi. Ammo biz o‘ylaganimizday, banner va shiorlarni, ko‘cha peshlavhalarini o‘zbek tiliga o‘tkazsak, ish yuritish – idoradagi qaror va buyruqlarni o‘zbek tilida chiqarib, boshqa tashkilotlarga xat-hisobotlarni o‘zbekcha yuborishga o‘tsak, shu bilan ona tilimiz davlat tili bo‘ladi-qoladi desak, o‘zimizni aldagan bo‘lib qolamiz. Bu, nari borsa, olti oylik ish, xolos.

Bu – muztog‘ning suv ustidagi ko‘zga ko‘rinib turgan o‘n foizi, ehtimolki, undan ham ozroq qismi. Ish yuritishni o‘zbekcha qilish va ko‘cha yozuvlarini epaqaga keltirish, aslida, vayronaning oldini chiroyli banner bilan to‘sishday gap. Albatta, birinchi navbatda shunday qilamiz ham, ammo o‘sha bannerning ortidagi imoratni chiroyli qilib qurish, ona tilimiz maqomini o‘rniga qo‘yish – asosiy narsa. Biz shunga erishishimiz kerakki, Turkiyada turk tili butun mamlakat tili bo‘lgani, boshqa til muhiti hukm surmagani kabi, O‘zbekistonda ham o‘zbek tili ilm-fan, texnika va texnologiya, qurilish va tibbiyot tiliga aylanishi kerak.

Hozircha bu – orzu. Chunki… birgina misol aytay: 2007-yilda Samarqandning 2750 yilligi va Marg‘ilonning 2000-yilligi o‘tkaziladigan bo‘lganda, o‘zbek tarixchilarining bu shaharlar o‘tmishiga atab bitilgan asarlarini kamina… ona tilimizga o‘girganman. Xayriyatki, bu kitoblarni chop etgan nashriyot pardalabdi – mutarjimni ko‘rsatmay, go‘yo o‘sha olamlar o‘zbekcha yozganday qilib taqdim etibdi. Boshqa aniq fanlar sohasini, texnika va tibbiy ilmlarni qo‘ya turing, aksar o‘zbek tarixchilari ham, to hanuz o‘z ona tilida emas, sobiq valine’matlarining tilida yozyapti yozadiganini!

Ziyolilarningki vatanparvarligi, millatsevarligi shu holda bo‘lsa, boshqalardan o‘pkalash na hojat?
Demak, ish yetarli.

Har yili 21-oktyabr sanasida o‘tkaziladigan Til bayramini biz nafaqat bir yillik ish yakunini namoyish qilib, balki o‘tgan o‘ttiz yil davomida to‘planib qolgan muammolarni ham hal etib, ya’ni har bir yilda kamida uch yillik vazifani bajara borib nishonlasak, chinakam yarashadi. Va bunda eng muhimi – til sohasidagi barcha g‘ayratu tashabbuslarimiz asosan ana shu bayramni nishonlashga emas, balki bayram bor, bayramning ertasi ham bor, degan maqoldagidek, ona tilimizni rivoj toptirishga qaratilishi, har bir oy, har bir yilchorakda qilinadigan ishlarni belgilab, bosqichma-bosqich bajarib borsak, ana o‘shandagina qadimiy, boy va rangin ona tilimiz chinakam davlat tiliga aylanadi. Ana o‘shanda bu bayramning, yana boshqa bayramlarning ssenariysi ham o‘zbekcha yoziladi, nafaqat “milliy libos”i, balki qalbi ham, ruhi va turmush raftori ham o‘zbek bo‘lganlar mamlakatimizning eng ulkan maydonlarida o‘zbek millatining ruhini ko‘klarga ko‘tarib tantana qiladilar.

Ozod bo‘lgan, obod bo‘layotgan elimizning bayramlari qatoriga yana bir bayram qo‘shilgani muborak bo‘lsin, aziz vatandoshlar!

 

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.