Bosh vazir: Ularda davlat tiliga hurmat degan tuyg‘u bormi o‘zi?!
O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi qadrini hurmat qilish, unga beparvolik bilan qaramaslik, ayniqsa, ommaviy joylardagi yozuvlar, reklama va e’lonlarda til va imlo qoidalariga rioya qilish, shu orqali ona tilimizga bo‘lgan hurmat—ehtiromni saqlash eng og‘riqli nuqtalardan biri bo‘lib kelyapti.
Shu vaqtgacha «Oila davrasida» gazetasida xuddi shu mavzu yuzasidan o‘nlab tanqidiy-tahliliy maqolalar e’lon qilingan edi. Soha mutaxassislari, olimlar va keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari gazeta sahifalarida peshma-pesh berib borildi…
Endilikda bu masala davlat va hukumat miqyosida muhokama qilinib, jiddiy choralar belgilanadigan bo‘ldi. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan ko‘cha va aholi punktlarini nomlash, peshlavhalar, reklama va e’lonlarning davlat tilida berilishi singari masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi ayni shu dolzarb mavzuga qaratildi. Unda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvarda qabul qilingan «Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori joylarda qanday ijro etilayotgani masalasi ham muhokama qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq, vazirlik, idora, tashkilotlar rahbarlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunga qadar 24 ta vazirlikning 14 tasida maslahatchi lavozimi joriy etilgan, xolos. Mazkur masalaga viloyat, tuman (shahar) hokimlari tomonidan ham jiddiy e’tibor qaratilmayapti. Ayrim hokimlar topshiriqni nomigagina ijro etayotgani, maslahatchilik vazifasi sohaga umuman aloqasi bo‘lmagan xodimlar zimmasiga yuklatilayotgani tanqid qilindi.
Shuningdek, ko‘chalardagi reklama e’lonlarida mantiqsizliklar, o‘zbek tiliga nisbatan bepisandliklar singari qator muammolar xususida so‘z yuritildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublika bo‘yicha 10 mingdan ortiq tashqi reklama konstruksiyalari mavjud. Ularning 7 mingdan ziyodi Toshkent shahrida joylashgan.
Yig‘ilishda Bosh vazir ko‘pchilikning dilidagi savollarni o‘rtaga tashladi.
«Reklama bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar qonun talablariga rioya qilyaptimi? Reklamalarning mazmunini o‘rganadigan, tahlil qiladigan bormi o‘zi? Jamoatchilik muammoni ko‘tarib chiqmaguncha, qo‘l qovushtirib o‘tiraveramizmi?..»
Ba’zi reklama mahsulotlarida qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani ham tanqid qilindi. Xususan, 2019-yil noyabr oyida Toshkent shahrining Yashnobod tumanida, Samarqand shahrida «Buni qil va birinchi bo‘l» shiori bilan narkotik va tamaki qorishmalari tashqi reklama orqali targ‘ib qilingan. Buni jamoatchilik ijtimoiy tarmoqlarda ko‘targanidan keyingina tegishli organ chora ko‘rgan.
Shuningdek, Buxoro shahridagi madaniy-tarixiy obektlarga o‘zboshimchalik bilan tashqi reklamalar osib qo‘yilishi, ovqat yetkazib berish xizmati reklamasida Zahiriddin Muhammad Bobur obrazidan foydalanilayotgani ham jiddiy kamchilik sifatida tilga olindi. Reklama ommaga chiqquniga qadar uning mazmuni bilan «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi, mahalliy hokimiyat vakillari yoki boshqa tegishli mas’ul tashkilotlar tanishishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
«Yanada achinarlisi, bugun poytaxt ko‘chalari yoki qaysi viloyat markazida bo‘lmang, xuddi xorijga tushib qolgandek bo‘lasiz, – dedi Bosh vazir. – Ko‘cha-ko‘yda ajnabiy nomlar ko‘payib ketgan. Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Jurnalistlar uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, ziyolilar va boshqa jamoatchilik jim, go‘yoki hech narsa bo‘lmaganday, eshitmaganlikka, ko‘rmaganlikka olamiz.
Uzoqqa bormaylik, har kuni ertalab uydan ishga, ishdan esa uyga qaytayotganda yo‘limizdagi savdo do‘konlari, oshxonalarning peshlavhalari, ko‘cha va binolardagi reklamalar hamda e’lonlarga ko‘zimiz tushadi. Aksariyati xorijiy tillarda yozilgan. Davlat tilida yozilganlarining ko‘pchiligi qo‘pol xatolar bilan yozilgan.
Ayrim hali ochilib ulgurmagan savdo do‘konlari, oshxonalar va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining peshtoqiga katta harflar bilan «Скоро открытие», «Мы открылись», deb yozib qo‘yishadi.
Eng qizig‘i, faqat markazlargina emas, uzoq tumanlarda ham rus tilida e’lon osish urfga kirmoqda. E’lonlarni o‘z tilimizda yozsa hech kim tushunmaydimi? Yoki shu do‘kon yoxud oshxonaga hech kim kirmay qo‘yadimi? Bu kabi nomlarni tanlayotgan insonlarda vatanparvarlik, davlatga, tilga hurmat degan tuyg‘u bormi o‘zi?»
Hukumat rahbarining bunday dolzarb savollari har bir mas’ulning nafaqat jiddiy bosh qotirishi, hatto bu kabi nuqsonlarni tuzatish uchun allaqachon amaliy faoliyatga kirishishi uchun yetarli tanbeh bo‘lishi kerak.
Yig‘ilishda faqat boylik orttirish ilinjida reklama bozorini egallab, davlat tili haqidagi qonun talablariga rioya qilmaydigan ba’zi tadbirkorlar faoliyatiga ham ahamiyat qaratildi. «Aslida, reklamaning tili xaridor e’tiborini tortishi kerak. Boshqa tilda bersa, kimning e’tiborini tortadi?! – dedi Bosh vazir. – Uzoq xorijni qo‘yib turing, yaqin qo‘shnilarimizda ham reklamalar o‘z ona tillarida beriladi. Buni qonun bilan mustahkamlab qo‘yishgan. Mana, biz ham shu ishni boshladik, yo‘limizda oxirigacha qat’iy turamiz, buni barcha yaxshi anglab olishi shart.
Biz hech bir tadbirkorga to‘siq qo‘ymoqchi emasmiz. Marhamat, reklama bozori erkin faoliyat yuritsin. Biroq, asosiy iste’molchisi, xaridori o‘zbek tilli aholi ekanini bila turib boshqa tilda e’lon berish amaliyotiga chek qo‘yish shart. Reklamalarda, avvalo, davlat tilining ustunligini ta’minlashimiz kerak, – deya ta’kidlab o‘tdi Bosh vazir.
Iroda Rabbimova