9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Qo‘nalg‘a tizimida ham tilga yuksak e’tibor

notiq.uz > TIL TARAQQIYOT  > Qo‘nalg‘a tizimida ham tilga yuksak e’tibor

Qo‘nalg‘a tizimida ham tilga yuksak e’tibor

Yerda, suvda, havoda hukmronlik qilishni istagan inson o‘zining tilini va millatini himoya qilishi ham majburiyat burchi, mas’uliyat hissiga daxldor masaladir. Transport tizimi, aniqrog‘i, havo yo‘llari va temir yo‘llarida bu muammo sifatida kelayotgani ham sir emas edi.  Fevral oyida Ispaniya va Istambul safarida bo‘lib qaytgandik, aeroportlardagi yozuvlarning ifodalanishidagi milliylikni ko‘rib ichdan ezilgandek bo‘ldim. Nahotki, biz ulardan o‘rnak ololmaymiz deya o‘kingandek bo‘ldi.

Styuardessaning rus va ingliz tillarida e’lonlarni yaxshi o‘qiy olishi, o‘zbekchani esa zo‘rg‘a amallashi taajjubli va achinarli emasmi? “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati Axborot siyosati masalalari bo‘yicha Boshqaruv raisi maslahatchisi, Matbuot kotibi La’lixon SOBIROVAning shu xususdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashaylik-chi.

O‘zbekiston aeroportlari Davlat tilida ish yuritishning yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda

Har bir yurtning o‘z darvozasi bor!

Uzoq-yaqindan keladigan mehmonlarning ilk qadam qo‘yadigan manzili ham, sayyohlarga “tashrif qog‘ozi” ham – shu! Havo kemasidan tushiboq, O‘zbekistonning musaffo havosidan ayni shu erda nafas olishadi, zaminimiz taftini his qilishadi, ko‘rku tarovatidan bahra olishadi. SHunday ekan, xalqaro aeroportlarimiz milliy qiyofamizga mos bo‘lmog‘i kerak. Unda o‘zligimiz, yuzimiz, milliy qadriyatlarimiz aks etishi shart! Buning eng asosiy omili – til! Davlat tili!

Dunyoning uzoq bir nuqtasidan kelgan inson “Assalomu alaykum, xush kelibsiz” degan o‘zbekcha lutf bilan qarshi olinsa, qanday yaxshi?! “Aviatsiya” sohasiga taalluqli aeroport, aerodrom, aerovokzal, ramp, perron, dyutifri, terminal, notam, ambulift, shassi, agent, dispetcher, VIP, biznes laundj, shatlbas, post degan baynalmilal so‘zu atamalar qanday bo‘lsa, shundayligicha hayotimizga kirib keldi. Ularning o‘zbekcha muqobillarini topish masalasi ham ko‘ngildagidek kechmadi. Xalqaro aeroportimizning turli nuqtalaridagi monitoru e’lonlar, burchaklaridagi ma’lumotlar, reklama roliklari asosan baynalmilal so‘zlar, jumlalar bilan to‘lib-toshdi. Idoralararo xat almashuv jarayonlarida ham sohaning baynalmilal so‘zlarga boyligi tufayli ko‘p hollarda deyarli davlat tiliga ehtiyoj sezilmadi.

Mana, endi davlatimiz, hukumatimiz tilimizning mavqeini yuksaltirish masalasini kun tartibiga olib chiqdi. O‘zbek tilining qaddini baland, qadrini yuksaklarga ko‘tarishga astoydil kirishildi. Prezidentimiz tomonidan o‘tgan yilning 21 oktyabrida “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolanganida qanchalik quvongan bo‘lsak, joriy yil 20 yanvarda Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi xalqimizni shunchalik xursand qildi.

Kuni kecha e’lon qilingan qonun esa bu sohada navbatdagi tarixiy hujjat bo‘ldi. “21 oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni” etib belgilandi.

“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tizimiga ham mazkur sohadagi islohotlar izchil tatbiq etib borilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlashimiz mumkin. Dastavval Boshqaruv raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy qilindi. Davlat tili to‘g‘risidagi qonun ijrosidan kelib chiqib, “Yo‘l xaritasi”, tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. YUrtimizning 11 ta xalqaro aeroportlari faoliyatida qo‘llash uchun zarur topshiriq hamda tavsiyalar yuborildi. Xodimlarning davlat tilida ish yuritishi, xizmat ko‘rsatishi qat’iy talab qilib qo‘yildi. Tizimda davlat tilining to‘liq qo‘llanilishini ta’minlash yo‘lidagi boshlangan sa’y-harakatlar faqatgina bu emas.

Xo‘sh, “Uzbekistan Airports” AJ bu sohada yana nimalarni maqsad qilgan? Birinchi navbatda, sohadagi barcha baynalmilal so‘z-atamalar ro‘yxatini tuzish, ularni hujjatlashtirib, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentiga muqobilini topish maqsadida taqdim qilish asosiy masalalardan. Bu borada tizim xodimlarining bilim, malaka va ko‘nikmalarini oshirish, ta’lim jarayoniga malakali filolog-pedagog, tilshunos olimlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Sayyohlik va investitsiyaviy salohiyati yuqori davlatlar aeroportlaridagi targ‘ibot-tashviqot, reklama, roliklar, ko‘rgazmali materiallar, xabarnomalarda mujassam o‘ziga xoslikni umumlashtirish va amaliyotga kiritish ham ko‘zda tutilgan. Buning uchun mutaxassislarni xorijiy davlatlarga xizmat safarlariga yuborish bo‘yicha takliflar shakllantirilmoqda. Sohaga doir ilmiy tadqiqotlar, izlanishlar qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi bilan, ko‘nikmalarni oshirishda esa Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlik qilish istaklarimiz bor.

Masalaning mohiyati ham shu, yurtimizda aeroportlar tizimini rivojlantirish muhim sanaladi, zero O‘zbekistonga kelayotgan mehmonlar va sayyohlarni, birinchi navbatda, milliy o‘ziga xosligimizning qiziqtirishi tabiiy. Ular, avvalo, aynan Vatanimizgagina taalluqli qirralarni ko‘rishni istashadi. Ko‘cha-ko‘ydagi e’lonlar, yurtdoshlarimiz va mehmonlarga xizmat ko‘rsatadigan oddiy do‘konlar peshlavhalarigacha “Open”, “Welcome”, “Exit”, “Mы otkrыlis”, “Dobro pojalovat” degan yozuvlar bilan to‘lib-toshgan bir paytda chet el fuqarosi o‘zini O‘zbekistonda yurganini aynan aeroportga qadam qo‘ygandayoq his qilishi zarurligini, kezi kelganda, buni xalqimiz faxri sifatida ko‘z-ko‘z qilish fursati etganini e’tirof etish lozim. Ko‘plab rivojlangan davlatlar xususan Tailand, Hindiston, Rossiya kabi mamlakatlarning xalqaro aeroportlarida faqat davlat tilida, qo‘shimcha tarzda esa ingliz yozuvida ma’lumotlar havola qilingan. Bundan ko‘rinadiki, milliy g‘ururning boshlanish joyi “YUrt darbozasi” – aeroportlar!

Binobarin, idoraviy hujjatlar, ish qog‘ozlarini davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga moslash, rasmiy veb-sayt, maqolalar, reklama-targ‘ibot matnlari, binolarimiz va unga tutash hududlardagi tashqi hamda ichki yozuvlarning ham shu talablarga mos bo‘lishiga erishish galdagi ustuvor vazifalardan.

Xullas, oldimizda katta ishlar turibdi. Ularning ijrosini paysalga solishga esa haqimiz yo‘q. Aeroportlar Vatan darvozasi ekan, bu darvoza millatimiz faxri bo‘lmog‘i kerak. O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi” esa, avvalo, dunyoga o‘zligimizni yaqqol namoyon etib tursin!

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.