9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

EL NOMUSI TIL NOMUSIDAN

notiq.uz > TIL TARAQQIYOT  > EL NOMUSI TIL NOMUSIDAN

EL NOMUSI TIL NOMUSIDAN

Erning or-nomusi oilasi va eli bilan bog‘liq bo‘lsa, til nomusi butun bir xalqning, millatning taqdiriga daxldor muammodir. Or-nomus vijdon amri, jamiyatning tartib-tizginlari bilan aloqador bo‘lgan, amal qilish qoidalari-yu qonunlarni o‘z ichiga oladi. Iqtidorli filolog, Adliya vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi Shahnoza SOATOVAning mulohazalari e’tiborga molik. Mutolaa qilishga shaymisiz, marhamat.

 

TIL NOMUSI

Til — milliy gʻururimiz 

Bir muddat avval xizmat safari bilan Niderlandiyada, aniqrogʻi, Gaaga, Amsterdam shaharlarida boʻldik.

Niderlandlar, umuman, Yevropa xalqlarining til muhofazasi uchun qatʼiyati va jonkuyarligidan ibrat olish kerak. Masalan, Gaagada men ingliz tilida yozilgan biror peshlavha yoki joy nomini koʻrmadim (Amsterdamda biroz bor). Boʻlmasa, qancha xalqaro tashkilotlar bosh qarorgohlari va elchixonalar joylashgan, turli davlatlar delegatsiyalari qadami uzilmaydigan shahar.

Ingliz tilini bilmagan mahalliy aholini uchratmadim, inglizcha gapirsangiz, hamma javob qaytaradi. Lekin asosiy muloqot niderland, yaʼni golland tilida. Bizga hamrohlik qilgan elchixona xodimi aytgandi: “Niderlandlar yanayam til borasida demokrat. Belgiyaliklar yoki fransuzlar… Bay-bay-bay, ingliz tilini biladi, ammo inglizcha gapirsang ham fransuzcha javob qaytarib turaveradi. Ayniqsa, ularga ishing tushib borsang. Keyin men yozma gaplasha qolaylik, deb elektron pochtamni beraman. Ular elektron pochtaga ham fransuzcha yozadi, gugl-tarjimondan oʻgirib olaman. Kelganimga 2 yil boʻldi, asta-asta fransuzchani ham oʻrganyapman”.

Yevropa xalqlari bir ittifoq tarkibida, orasida chegarasi yoʻq, xuddi biz qoʻshni viloyatga borgandek bir-birlarining mamlakatlariga oʻtib-qaytib yurishadi. Bunday sharoitda kuchli tillar maydalarini yeb yubormayotganining, jadal iqtisodiy, siyosiy integratsiya manzarasida milliy xoslik — oʻzlik saqlanib qolayotganining asosiy sababi nima? Millatning xarakteri!

Qarang, hech kim qonunlar chiqarmayapti, majlislar oʻtkazmayapti, nazorat qilmayapti, maxsus organlar tuzmayapti, byudjet pulini sarflamayapti. Shunchaki, ona tilida gaplashyapti! Bizga shunday xarakter yetishmayapti. Buni rahmatli Mahmud Saʼdiy “til nomusi” degandi.

Odam oʻz ona tilini qanday unutadi yoki qanday saqlab qoladi?

1-holat: Niderlandiyada millati qozoq, hozir u yerda muqim yashaydigan bir inson bilan tanishib qoldim. Qozoq tilidan tashqari ingliz, turk va niderland tillarida erkin soʻzlashadi. Oilada nabiralarim ham qozoqcha gaplashadi, dedi. Qozogʻistonning qayeridan kelgansiz, degan savolga aniq javob bera olmadi. Men Qozogʻistonda tugʻilmaganman, katta bobom bundan 130-yil avval Qozogʻistonni tark etgan, avval Turkiyaga, keyin Yevropaga kelgan, dedi. Oʻzining qaysi urugʻdanligini ham aytdi. Qarang-da, bobosi qaysi viloyatdanligini bilmaydi, ammo urugʻi va tilini biladi, yaʼni oʻzligini hudud bilan emas (mahalliychilik qilmay), til va urugʻ bilan birlikda identifikatsiya qilyapti. Qolaversa, rus bosqinigacha boʻlgan muddatda, hali istilo etilmagan ongini va oʻzligini olib chiqib ketgan inson bu xotira va anʼanalarini genlari orqali avlodlariga qoldirgan va avlodlar uni sharaf bilan saqlab kelmoqda.

2-holat: Esseks universiteti tadqiqotchisi, lingvist Monika Shmidt tilni yoʻqotish muammolari bilan shugʻullanadi. U Germaniyani oʻtgan asrda tark etgan yahudiylarning nemis tilini unutish darajasini oʻrganganda, qiziq holatga duch kelgan.

Germaniyani fashizm davrigacha tark etib, AQSH va Britaniyada joylashgan yahudiylar nemis tilini unutmagan. Fashizm qatagʻonlari tufayli Germaniyani tark etganlar esa nemis tilini unutib yuborishgan. Chunki ular uchun nemis tili yomon xotiralar, qatagʻon, talon-taroj bilan uygʻun edi. Ushbu holat insonning tilga munosabati oʻzini mansub koʻrishni istagan (yoki istamagan) tarix, millat va mamlakatga munosabati bilan chambarchas bogʻliqligini koʻrsatadi.

Oʻzbek tilining shunchaki adabiy til emas, tafakkur tarzi va muloqot quroli sifatida yashab qolishi va rivojlanishi, tabiiyki, fuqarolarning oʻzligiga sodiqligi, yurtiga muhabbati va millat sifatida oʻzini boricha qabul qila olishi, bu bilan faxrlanishiga bogʻliq tushunchadir.

Qaysi tilda oʻylashimiz — bizning tanlovimiz!

Tunov kuni “Munosabat” koʻrsatuviga borganimda, ayrimlar: “Nima uchun bizda peshlavhalar koʻpi oʻzbek tilida emas? Qonun chiqarib, buni majburiy qilib qoʻyish kerak!” degan fikrlarni aytdi. Bu fikrlarda jon bor, ammo 100 foiz toʻgʻri gap emas.

Avvalo, jon bor tomonini aytsam. Bizning “Reklama toʻgʻrisidagi” qonunimiz tahrirtalab, yaʼni til masalasida. Qonunning 5-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida yoki reklama beruvchining xohishiga koʻra, boshqa tillarda tarqatiladi”, deyilgan. Mana shu “yoki” bogʻlovchisi tufayli reklamani oʻzbek tilida berish majburiyligi yoʻqoladi, yaʼni reklama beruvchi istagan tilida uni tayyorlashi va tarqatishi mumkin. Hozir ushbu moddani va qonunchilikdagi shunga oʻxshash normalarni tahrirlash toʻgʻrisida hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda. Endilikda reklama matnlarining oʻzbek tilida boʻlishi majburiy va boshqa tillarga tarjimasi ixtiyoriy, deb belgilanishi mumkin.

Talabning notoʻgʻri tomoniga kelsak. Tashqi yozuvlar, peshlavhalar — bular faqat tashqi reklama matnlari, degani emas. Ular orasida xususiy tashkilotlar nomlari, brend nomlari va hokazo tadbirkorlarga oid nomlar ham borki, ularni qonun bilan majburlab, faqat davlat tilida nom qoʻyasan, deyish huquqqa mos kelmaydi. Masalan, tadbirkorni olaylik, u oʻz qizining ismiga shirkatini “Viktoriya” deb nomlagisi kelsa, nomlaydi. Uning bu huquqini cheklab boʻlmaydi. Bu tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuv boʻlishi mumkin. Demak, masala yechimini faqat majburlash va hujjat qabul qilishda koʻrmaslik kerak. Boltiqboʻyi, Kavkaz va Kavkazorti mamlakatlarida peshlavhalar va nomlar faqat oʻsha mamlakat tilida yoziladi-ku, degan argument keltirishdi. Avvalo, “faqat” emas, istisnolar bor. Hamma gap meʼyorda va bizda bu meʼyor tilimiz zarariga buzilgani rost. Lekin asosiy jihati — oʻsha mamlakat aholisini hech kim shu tilda nomlaysan, deb majburlamagan, bu ularning ONGLI TANLOVI!

Nima uchun tadbirkor oʻzi asos solgan brendga, masalan, “Bonito”, “Fratelli casa” yoki “Nestuan” deb nom beryapti? Chunki u shunday nomlasam, mening mahsulotim chet elnikidek tuyuladi va xaridorgir boʻladi, deb oʻylaydi. Xaridor esa chindan ham ajnabiy nomlarga oʻch, chet elniki yaxshi, deb oʻylaydi. Vaholanki, masalan, “Alvon”, “Hamza” degan brendlar ham bozorga muvaffaqiyatli kirib boryapti-ku.

Neyming (nomlash) borasida tavsiya va targʻibotdan ortiq qurolimiz yoʻq. Biz bundan samarali foydalanishimiz kerak. Balki xususiy tadbirkorlar uchun “nomlar banki” tuzib berarmiz (Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida shunday loyiha ustida ish olib borilayotganidan xabarim bor). Mahsulot sotib olayotganda uning milliy nomlanganidan qochmasmiz, aksincha, shunaqasiga intilarmiz.

“Inson qaysi tilda oʻylasa, shu millatga mansubdir”, degan ekan mashhurlardan biri. Taniqli notiq Rahimboy Jumaniyozov “Men tillarda soʻylayman-u tilda oʻylayman”, deydi. Yaʼni qanchalik koʻp til bilmasin, inson ongida bir til ustun turadi, oʻsha tilda oʻylaydi. Qaysi tilda oʻylab, qaysi millatga mansub boʻlishni uning oʻzi tanlaydi.

Xulosa

Tilimiz oldida turgan muammolar faqat neyming, peshlavha, tashqi reklamadangina iborat emas. Asosiy muammolar chuqurroqda, albatta. Bu davlat tashkilotlarida ish yuritishdan tortib, qonun loyihalarini davlat tilida tayyorlashgacha, atamashunoslikning rivojlanmaganidan tortib, davlat tilida sifatli kontent kamligigacha, oʻzimiz oʻzbekcha oʻylab turib, farzandlarimizga dunyoni boshqa tillar orqali tanitayotganimizdan tortib, oʻzbek tili taʼlimining yigʻilib qolgan muammolarigacha…

Xullas, bu muammolarni aniqlash, tan olish, tizimlashtirish va aniq reja asosida ular ustida ish boshlash vaqti keldi.

Faqat bir narsani unutmaslik lozim — davlat tiliga eʼtibor aslo boshqa tillarni kamsitish, boshqa tilli yurtdoshlarimizning oʻz ona tilida muloqot qilish huquqiga daxl qilish degani emas. Mavzuni shu tomon burib, turli fitnalar chiqishiga yoʻl qoʻymaylik. Til borasida ehtiroslarga berilmaylik. Oʻzbek xalqi bagʻrikeng, Oʻzbekiston koʻp millatli mamlakat. Buni hammamiz yaxshi anglaymiz.

                                                               Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi

 

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.