TIL RAVNAQI NIMA BILAN YOXUD KIM BILAN?
Shu savol ko’ndalang turganda har birimiz o‘z qarashimiz va bilimimiz nuqtai nazaridan javob izlaymiz. Olim-u shoirning ham, yozuvchi-yu jurnalistnibg ham, xullas har birimizning javobimiz o‘ziga xos. Til imkoniyatlaridan o’rinli foydalanish va uning barcha jabhalarda qo’llanilishi til taraqqiyotiga xizmat qiladimi? Keling, yaxshisi shu borada “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Bosh direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi muqtadir shogirdim Rustam Jabborovning mulohazalari bilan tanishaylik.
Til faqat rasmiy hujjatlar, tadbir va tantanalar, balandparvoz shiorlar bilan yuksalib qolmaydi
Tilshunos olim Baxtiyor Mengliyev bilan suhbat
Ijtimoiy hayotdagi muammolarning yechimi oldimizga yangi-yangi muammolarni qo‘yadi. Aslida taraqqiyotning mohiyati ham, mantig‘i ham mana shunda. Bu – jamiyat taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydigan ta’lim sohasiga ham birday tegishli. Ayniqsa, milliylikning ifodasi bo‘lgan ona tili ta’limida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Bu boradagi muammolar va ularning yechimiga doir fikrlarini bilish maqsadida sohaning yirik mutaxassisi, professor Baxtiyor Mengliyevni suhbatga tortdik. Albatta, ustozning fikrlarida bahstalab o‘rinlar ham yo‘q emas. Shuning uchun takliflarni Kun.uz o‘quvchilari e’tiboriga havola etishni ma’qul topdik.
– Hozirgi kunda ona tili ta’limidagi muammolar nimalarda ko‘rinadi?
– Hammamiz maktabda fizika, kimyo, matematika, biologiya predmetlarini o‘qiganmiz. Ulardan qoyillatib besh baho olganmiz. Ammo ko‘p hollarda oddiygina elektr chirog‘i patronini o‘rnatishni ham, daraxtni payvand qilishni ham, yulduzlarga qarab vaqtni aniqlashni ham, jarohatga qanday malham qo‘yishni ham, biror narsaning hajmini hisoblashni ham eplay olmaymiz. Hatto oddiygina isitish tizimidagi suvning aylanma harakatini ham tushunmaymiz. Nega? Chunki biz olgan ta’lim hayotdan uzilib qolgan. Hamma ham fizik, matematik, biolog bo‘lavermaydi-ku! Shuning uchun o‘quvchida hayotiy kompetensiya birinchi o‘ringa chiqishi lozim edi.
Endi o‘zimizning «Ona tili»mizga kelaylik. Ona tili ta’limining ahvoli qanday? Boshi ham, adog‘i ham yo‘q, buning ustiga darslikdan darslikka o‘tish, sinfdan sinfga ko‘chish bilan o‘zgarib turadigan son-sanoqsiz ilmiy (lingvistik) qoidalarni yodlatamiz. Matnning, berilgan gaplarning avra-astarini chiqarib, ipidan ignasigacha tahlil qildiramiz. Biroq bu «bilim»lar og‘zaki va yozma nutqimizga qay darajada ta’sir qilishi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz.
Bolalarimizning nutqi qanday? Tutiladi, duduqlanadi. «Anaqa», «haligi», «nima desamikin», «o‘sha-de» kabilarni har ikki so‘z orasida go‘yo «bog‘lama» sifatida qo‘llaydi va bundan hijolat ham bo‘lmaydi. Arizani qoyillatib yozib, fikrini lo‘nda va aniq tushuntirib bera olmaydi. Davralarda mikrofon tutqazib qolishsa qochib, ta’ziyalarda marhumning yaqinlariga «bandalik» ifodasidan boshqa biror so‘zni yolchitib aytolmaydi.
Biz, o‘qituvchilar esa unli tovushning til oldi va til orqaligi, lablangan-lablanmaganligi, quyi keng, o‘rta keng, yuqori torligi, til undoshning lab-lab, lab-tish, til oldi, til yoni, til o‘rta, til orqa tovushining yaqin til orqa, chuqur til orqaligi haqidagi bilim shaxsning tildan foydalanish malakasini qanday va qanchalik ta’minlashi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz.
Ona tili predmeti to‘la-to‘kis tilshunoslik faniga aylanib bo‘ldi. O‘qituvchi ham, o‘quvchi ham, ota-onalar ham ona tili ta’limi deganda tilshunoslik qoidalarini yodlash va ularga doir mashq va topshiriqlarni bajarishdan boshqa narsani tasavvur qila olmaydigan bo‘lib qoldi. Birinchi planda turishi kerak bo‘lgan og‘zaki va yozma nutq bo‘yicha savodxonlik, nutq va muloqot madaniyati, boy so‘z zaxirasi, notiqlik eng oxirgi o‘rinlarga tushib ketdi.
O‘quvchilarning qo‘lida o‘quv lug‘atlarining yo‘qligi, hatto tuzuk-quruq imlo lug‘atining mavjud emasligi, ona tili darslarida lug‘at daftarlari yuritilmasligi – buning inkor qilib bo‘lmaydigan dalili. Hatto insho yozishni o‘rgatadigan texnologiya ham, manba ham yo‘q. Har qanday o‘qituvchi insho mavzusini berish, shablon reja tuzish va epigraf tanlashdan boshqa tavsiya bera olmaydi. O‘quvchilarda matn yaratish ko‘nikma va malakasi mutlaqo shakllanmasdan qolayapti. Ayrim iqtidorli bolalar o‘qigan matnlariga taqlid qilib, mustaqil ravishda yozma nutqlarini takomillashtiradilar, xolos.
Bunday ona tili ta’limini bolalarni, o‘zimizni, jamiyatni aldashdan boshqa narsa emas! Uni tubdan isloh qilmas ekanmiz, bu aldov yana ko‘p yillar davom etadi.
– Bu borada yutuqlar ham bormi? Balki, sohaga ijobiy nigoh ham tashlash kerakdir?
– Albatta. Mustaqillik yillarida ona tili ta’limi tizimida ayrim jihatlardan katta yutuqlarga erishildi. Fidoyi ustozlarimiz, ta’lim jonkuyarlari professorlar Hamid Ne’matov, Abduhamid Nurmonov, Nizomiddin Mahmudov, Ra’no Sayfullayeva, Askar G‘ulomov, Muhammadjon Qodirov, Muhabbat Abduraimova va boshqalarning vatanparvarlik, millatparvarlik hissi bilan yo‘g‘rilgan mashaqqatli mehnatlari, milliy til rivoji va ona tili ta’limi uchun fidoyiliklari natijasida:
– ta’lim oluvchilarda milliy tafakkur va dunyoqarashni, mustaqil mantiqiy, ijodiy tafakkur sohibini tarbiyalashga qaratilgan ta’lim maqsadi ishlab chiqildi;
– milliy tilimizning o‘ziga xos qurilishi talqinini o‘z ichiga olgan ta’lim mazmuni yo‘lga qo‘yildi;
– tafakkur salohiyatini rivojlantirishning eng samarador ta’lim usuli joriy etildi.
Ta’lim maqsadi yangilandi. Sobiq tuzum davrida ona tili ta’limida ta’lim maqsadi masalasi kun tartibiga qo‘yilmagan. «Mustaqil va ijodiy tafakkur sohibini yetishtirish, ularda fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon va lo‘nda ifodalash malakalarini shakllantirish» tarzida umumlashtirilgan ta’lim maqsadi bizning ona tilimiz ta’limidan boshqa milliy tillar ta’limida uchramaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu ta’lim oluvchilarda milliy ong va qadriyatlarni rivojlantirishda misli ko‘rilmagan darajada katta ahamiyat kasb etadi. Ta’lim maqsadi o‘quv dasturlari va u asosdagi zamonaviy ona tili darsliklarida chorak asr davomida o‘z ifodasini topib kelmoqda.
Ta’lim mazmuni tubdan o‘zgardi. Umuman olganda, o‘zbek tili ham, sobiq ittifoq hududidagi barcha milliy tillar talqinida bo‘lgani kabi aksar hollarda, ayniqsa, uning fonetik va grammatik tizimi rus tili qoliplari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, agar talqinlar tegishli tillardan keltirilgan dalillardan xalos qilinsa, ular go‘yo rus tili talqinlarining o‘zi bo‘lib qolaverar edi. Mustaqillik sharofati bilan o‘zbek tilshunoslari o‘zbek tilining sof turkona tabiatini ilmiy tavsiflashda, tilimiz ta’limida ham ushbu tamoyilga tayanib ish ko‘rdilar. Natijada ona tili ta’limi mazmuni qisqa muddat ichida g‘ayrimilliy unsurlardan to‘la-to‘kis xalos etildi. Istiqlolgacha bu faqat orzu qilinadigan, ushalmas bir narsa edi.
Ta’lim usuli ham yangilandi. «Labbaygo‘y», «doim tayyor», ijrochi shaxs reproduktiv va retroskopik ta’lim usuli bilan yetishtiriladi. Buning zararli oqibatlarini ilmiy asoslab berishgan mazkur ta’lim fidoyilari mustaqil mantiqiy, ijodiy va obrazli tafakkur sohibini tayyorlashning yagona usuli bo‘lgan kognitiv-pragmatik metodni ona tili ta’limi jarayoniga tatbiq etishdi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, ta’lim samaradorligini to‘la ma’noda ta’minlash omili bo‘lgan bu uch ajralmas uzvning yaxlitlikda ona (o‘zbek) tili ta’limiga joriy etilishini to‘la ma’noda inqilobiy hodisa, ma’naviy jasoratning yorqin namunasi deyish mumkin. Ona tili va ta’lim fidoyilarining bu xizmatlari, shubhasiz, yuksak ehtiromga loyiq.
– Biz ona tili ta’limida siz aytgan ayanchli ahvolga qanday kelib qoldik? Bunga nimalar ta’sir qildi?
– Ma’lumki, XIX asrning keyingi yarmida Yevropa va G‘arbda sanoatlashuv davri boshlandi. Sanoqli kishilar ishlaydigan kichik sexlar, artellar, ustaxonalar, do‘kon-dastgohlar, kichik manifakturalar o‘rnini katta-katta, zamonaviy zavod va fabrikalar egallay boshladi. Ularda mamlakatning turli burchaklaridan kelgan, har xil shevada gapiradigan ming-minglab ishchilar ishlashar, tabiiyki, ularning o‘zaro muloqotlarida, zamonaviy texnika bilan «tillasha» olishlarida, albatta, muammolar mavjud edi. Mehnat unumdorligiga erishish uchun ishchilar savodli bo‘lishlari, loyihalarni o‘qiy olishlari, dastgohlarning texnik yo‘riqnomalaridan foydalana bilishlari, zarur hollarda texnik ta’lim ola bilishlari kerak edi. Shu tariqa, sanoat, ishlab chiqarishning shiddatli yuksalishi milliy tillarning adabiy me’yorlarini ishlab chiqish, yagona adabiy tilni shakllantirish va uning ta’limini tashkil etish zaruratini kun tartibiga qo‘ydi.
Bu holat O‘zbekistonimiz uchun ham begona emas edi. O‘tgan asrning ilk choragida hali hozirgi o‘zbek adabiy tili (aslida tili emas, balki nutqi) shakllanmagan, me’yorlari ishlab chiqilmagan, busiz esa na ta’limni, na ish yuritishni yo‘lga qo‘yib bo‘lar edi.
Adabiy til taraqqiyot uchun suv va havodek zaruratga aylandi. Ma’lumki, adabiy til umumxalq tilining me’yorlashtirilgan ko‘rinishi bo‘lib, bu me’yorlar orfoepik (talaffuz), orfografik (imlo) va grammatik (gap qurilishi) hamda uslubiy (so‘z tanlash va qo‘llash) turlarni o‘z ichiga oladi. Adabiy til ilmiy asoslangan me’yorlardan iborat bo‘ladi. Shuning uchun ilk boshlang‘ich sinflar tashkil etilib, o‘quvchilarga adabiy tilning zarur qoidalari singdirila boshlagan. Ya’ni, harf va tovushlar, undosh tovushning turlari va o‘zgarishi, imlosi, bo‘g‘in va urg‘u, so‘z ma’nolari, so‘z turkumlari, shakl yasovchi qo‘shimchalar va ularning imlosi, gap bo‘laklari, sodda va qo‘shma gap, tinish belgilari, talaffuz va imlo qoidalari, til birliklarining uslubiy xususiyatlari kabilar. Adabiy nutqqa o‘rgatish uchun shuning o‘zi, uning ta’limi uchun boshlang‘ich sinf yetarli edi. Bu bilimlar to‘la ma’nodagi ZARUR VA IShLAYDIGAN BILIM edi.
Keyinchalik yetti yillik ta’limga o‘tildi. Ana shu vaqtdan adabiy til ta’limidagi zaruratning an’anaga aylanishi yuz bera boshladi. Yuqori to‘rt (4–7) sinf uchun yangi talab va maqsad qo‘yilmasdan, o‘ziga xos ta’lim mazmuni ishlab chiqilmasdan, boshlang‘ich sinflar uchun belgilangan zaruriy bilimlar nozarurlari bilan chuqurlashtirilaverdi. Ta’limdagi miqdor o‘zgarishlari natijasida sifat o‘zgarishlari yuz bera boshladi – adabiy til ta’limida tilshunoslikning nazariy asoslari ko‘proq o‘rin egallay boshladi. Adabiy nutq ta’limi lingvistik bilimlar soyasida qola boshladi. O‘n, keyinchalik o‘n bir, bora-bora o‘n ikki yillik o‘rta ta’limga o‘tilgach, ona tili ta’limi o‘zining asl maqsadidan chekinib, asosan tilshunoslikka aylanib qoldi.
– Ona tili ta’limida nimalarni boy berdik, darsliklarimiz qay ahvolda?
– Ta’limda o‘qituvchi og‘ir tilshunoslik bilimlarini, ya’ni tushuncha va qoidalarni o‘quvchiga yetkazishga, uning bilimiga aylantirishga urinar ekan, faqat maktab ta’limi uchun xos bo‘lgan asosiy vazifa – o‘quvchida to‘g‘ri talaffuz, imlo, uslub, so‘z san’ati (yangi so‘zlarni o‘zlashtirish, so‘zlarni tanlash, so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llash)ga doir ko‘nikma va malakalarni shakllantirish, ko‘nikmani malakaga, malakani odatga aylantirish muammosiga o‘z-o‘zidan keyingi darajali masala sifatida qaraydigan bo‘lib qoldi. Joriy darsliklarimiz tubdan yangilanishi kerak. Chunki:
birinchidan, eng a’lochi o‘quvchi ham shaxsning so‘z boyligini ko‘rsatuvchi, o‘zi o‘qiyotgan, hatto maktab dasturiga kiritilgan badiiy asarlardagi junbushga kelmoq, chapdast, rutubat, jarohat, yara, ohanrabo, habib, hassos, quralay, g‘avvos, tunamoq kabi minglab so‘zlarning ma’nolarini tushunmay o‘tib ketaveradi. Chunki ona tili ta’limi – so‘z ta’limi bo‘lmay qolgan;
ikkinchidan, o‘quvchilarning yangi so‘zlarni egallashi, so‘z boyligini oshirib borishi zarurati shu darajada kamayib ketganki, hatto ona tilidan lug‘at daftari yuritilmaydi;
uchinchidan, ona tili mashg‘ulotlarida lug‘atlar bilan ishlashga yo‘naltiradigan mashq va topshiriqlar deyarli yo‘q;
to‘rtinchidan, o‘quvchilarning yosh xususiyatlariga mos, o‘zbek tilining har bir davrdagi xususiyatlarini o‘zida aks ettiradigan va tasdiqlangan o‘quv lug‘atlari chop etilmagan;
beshinchidan, maktab darsliklarining ilovasida egallanishi, o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan so‘zlarning emas, balki lingvistik terminlar lug‘atlarining ilova qilib kelinayotganligi ham ona tili mashg‘ulotlarining tilshunoslik darslariga aylanib qolganligini ko‘rsatadi.
So‘z, ibora, maqol, matallar, ularning qo‘llanishi, imlosi kabi masalalar maktab ona tili ta’limi mazmunining asosi, o‘zagini tashkil etishi lozim.
– Mavjud muammolarni yechish uchun qanday taklif va tavsiyalaringiz bor?
– Ona tili ta’limi o‘quvchini so‘z saltanatiga olib kirishi kerak. Buning uchun til va adabiyot fanlari integratsiyasi masalasini mutlaqo qayta ko‘rib chiqish lozim.
Ma’lumki, 8-sinf adabiyot darslarida, asosan, mumtoz adiblarimiz ijodi o‘rganiladi. Demak, shunga muvofiq ravishda, bu sinfda ona tili darslari «Ona tili. Mumtoz so‘z» deya nomlanib, o‘quvchilar mumtoz matnlar mazmunini o‘rganishlari, tahlil qilishlari, so‘zlarning zohiriy, botiniy, ramziy ma’nolarini o‘rganishlari, lug‘atlar bilan ishlashlari, ma’no «mag‘iz»larini chaqishlari zarur. Bu quyidagi jihatlari bilan e’tiborga molik bo‘ladi:
birinchidan, o‘quvchilar mumtoz adabiyotga ongli ravishda oshno bo‘ladilar;
ikkinchidan, ularning so‘z zaxirasi, demakki, nutqi muttasil boyib boradi;
uchinchidan, o‘quvchilarning savodxonligi avtomatik ravishda oshib boradi;
to‘rtinchidan, mumtoz so‘zlar ma’nosidagi ma’rifat, ma’naviyat, qadriyatlarimiz avlodlar ongiga singib boradi;
beshinchidan, o‘quvchilarimizda mantiqiy, obrazli, assotsiativ fikrlash, tafakkur yuksalib boradi.
Aytilganidek, 5-sinfdan boshlab har bir sinfda to‘g‘ri, ravon va boy nutqning asosiy vositasi bo‘lgan so‘zning turli qirralariga alohida e’tibor qaratiladi. Masalan, «Ona tili. So‘z mulkiga sayohat» (5-sinf), «Ona tili. So‘z sehri» (6-sinf), «Ona tili. Fasohat» (7-sinf), «Ona tili. Madaniy nutq» (9-sinf) kabi.
O‘quv lug‘atlari zarurligi haqida ko‘p gapirib va yozib kelinmoqda. O‘quv lug‘atlari yaratilmas, o‘quvchilarning stolida ona tilidan uning yoshiga mos ko‘plab o‘quv lug‘atlari turmas, buning uchun o‘quv leksikografiyasi nazariy va amaliy soha sifatida tizimli yo‘lga qo‘yilmas ekan, ona tili ta’limi o‘zining haqiqiy mohiyatidan begonaligicha qolaveradi.
Mamlakatimizda o‘quv lug‘atchiligi sohasi eng oqsoq sohalardan. Uning yetarli darajada shakllanmaganligi – lug‘atlarni tayyorlash va nashr qilish bilan bog‘liq ilmiy va moliyalashtirish tizimi yaratilmaganligi bilan bog‘liq.
Ona tili ta’limidagi farzandlarimizning bilimli, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikr, tafakkur sohiblari bo‘lib voyaga yetishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar haqidagi bu fikr va takliflarimizga ularning yechimiga bevosita yoki bilvosita daxldor soha mutasaddilari, mutaxassislari, umuman, ta’lim fidoyilari befarq bo‘lishmaydi