9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

G‘OFILLIK VA QARAMLIK OQIBATI

notiq.uz > TIL TARAQQIYOT  > G‘OFILLIK VA QARAMLIK OQIBATI

G‘OFILLIK VA QARAMLIK OQIBATI

G’ofillik va qaramlik oqibati haqida o’ylash, uning ildizi nima bilan bog’liqligini bilish va bildirishga intilish ahamiyatli. Adabiyotshunos olim, professor Ibrohim Haqqulning shu boradagi mulohazalari sizni befarq qoldirmaydi.

G‘aflat va mutelik irsiymi yoki hirsiy?

Davlat tili – milliy maslak va tafakkur erkinligining bosh asosi, ma’naviy yuksalishning birdan bir manbayidir. Til va ruh, til va mushohada, til va shaxs kamoli, til va millat taqdiri – bularning ma’no-mazmunini yetarli zaylda tushuna olgan kishi milliy tilning yaratuvchanlik, xaloskorlik kuch-quvvatiga zarracha ham shubhalanmaydi. Afsuski, xalq, yurt, butun shaxs tarbiyasi va til orasidagi botiniy birlikni idrok aylashga qodir ziyolilar ancha ozchilikni tashkil qiladi.

So‘z va iborani aytmay qo‘ya qolaylik, ona tilidagi hatto belgi, ishorat, ramzlar ham ma’ni va taassurot yo‘liga qarab ko‘ngilga zavq, ruhga farah bag‘ishlaydi.

Hayot haqiqati va zamon talablarini har turli bahs, munozara tushuncha ziddiyatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bularsiz zamon zamonlik, muhit muhitlik, inson esa insonlik mohiyatini to‘la-to‘kis namoyon qilolmasligi aniq. Shu nuqtayi nazardan baholanganda bir guruh ilm-fan, madaniyat, san’at va matbuot vakillari (ular safida xalq artisti, xalq rassomi, xizmat ko‘rsatgan san’at arboblari ham bor)ning O‘zbekistonda rus tiliga davlat tili haq-huquqini berish to‘g‘risidagi murojaatnomasini chalg‘ish va chalg‘itish “qo‘shig‘i” deyish mumkin.

Davlat tili – milliy maslak va tafakkur erkinligining bosh asosi, ma’naviy yuksalishning birdan bir manbayidir. Til va ruh, til va mushohada, til va shaxs kamoli, til va millat taqdiri – bularning ma’no-mazmunini yetarli zaylda tushuna olgan kishi milliy tilning yaratuvchanlik, xaloskorlik kuch-quvvatiga zarracha ham shubhalanmaydi. Afsuski, xalq, yurt, butun shaxs tarbiyasi va til orasidagi botiniy birlikni idrok aylashga qodir ziyolilar ancha ozchilikni tashkil qiladi. So‘z va iborani aytmay qo‘ya qolaylik, ona tilidagi hatto belgi, ishorat, ramzlar ham ma’ni va taassurot yo‘liga qarab ko‘ngilga zavq, ruhga farah bag‘ishlaydi.

Mustaqillik va istiqlol harakati ona tiliga hurriyat talabidan boshlangani bejiz emasdi. Chunki o‘shanda tilimizdan ko‘ra suyanadigan tayanch tog‘imiz yo‘q edi. Til hozir ham bizga muhofiz. Biroq millat o‘laroq biz uning erki, haq-huquqlarni to‘lig‘ ta’minlay oldik deyolmaymiz.

Rus tilining mavqe va maqomi davlat tiliniki bilan tenglashtirilsa, hanuz keng rivoj yo‘liga kirib, yuqori taraqqiyot bosqichlariga ko‘tarilmagan ilm-fan, ma’naviyat, ma’rifat, shuningdek, adabiyot, san’at, xususan, ta’lim-tarbiyaning ahvoli oldingiga qaraganda ham zaiflashishi muqarrardir.

Shunday ekan, o‘tgan asrning so‘nggi choragida ona tilimiz erkinligi va taraqqiyotini ta’minlash jabhasidagi kurashlardan nechun ko‘z yumib, birdaniga rus tiliga davlat maqomi berish fikri ilgari surildi?! Buning bir necha ichki va tashqi sabablari bor. Birinchisi, mustabid sho‘ro davlati hukmronligi davrida urf-odat, ta’lim-tarbiya, maslak va e’tiqodda o‘zbekchilikdan kechib o‘zgacha bir “madaniylashuv” hissining oyoqlanishi.

Ikkinchisi esa, qariyb o‘ttiz yil muqaddam bozori kasod bo‘lgan g‘oya va maqsad bayroqdorlari ortida pinhoniy bir kuchning mavjudligidir. Eng xavflisi mana shu. Millionlab kishilarni chalg‘itib, “rul”ni millat manfaatiga teskari tomonga burishga chog‘langan ham ko‘zga ko‘rinmas xuddi shu sirli mavjudlik hisoblanadi. Shuning uchun ona tilida to‘rt jumla gapni eplab yozolmaydigan va millat manfaatlarini bemalol qurbon qiladigan mansabdorlar, umri mobaynida o‘zbekcha kitob o‘qimagan, o‘qiy ham olmaydigan chala ziyolilar, shaxsiy shon-sharafi uchun muqaddas tuyg‘ularni-da, bir chaqaga arzitmaydigan ilmu ijod ahliga ishonmaslik kerak. Zero, til qismati, til hurriyati, til kuch-quvvati va milliy til ruhini har nimadan yuksak ko‘rib, jonajon ona tiliga to‘la suyana biladiganlargina beg‘araz vatanparvarlardir. Sinovdan o‘tgan ulug‘ haqiqatni yana sinovdan o‘tkazish yo maynavozchilik yoinki sodda va ishonuvchan xaloyiqni laqillatishdir. Buning zamirida mustaqillik va istiqlolga bizning munosib bo‘lolmaganimizni tasdiqlovchi achchiq haqiqat yashirinligini ham unutmaslik zarur, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, bir necha muddat muqaddam ba’zi davlat ma’murlari tomonidan rus adiblari asarlari nashrlarini kutubxonalardan yig‘ishtirib olishga farmoyish berilgandi. Shu jaholat hisobga olinmasa, O‘zbekistonda rus tili, rus madaniyatiga qarshi na bir harakat, na bir urinishga yo‘l qo‘yilgan emas. Xohlagan rus tilini o‘rganib, istagan shu tilda so‘zlab, faoliyat ko‘rsatib kelayotir. Mustaqil bir davlat fuqarosi va fuqaroligi uchun bundan boshqa yana qanaqa imtiyoz lozim? Avvalgi beqaror siyosat ta’siriga berilmay ixtiyoriy ravishda rus tilini o‘rganuvchilarning soni ko‘paygani ham ayni haqiqat! Inson o‘z kamchilik va nuqsonlarini tan olish, shaxsiy baxtsizligini e’tirof etishda har qalay mard bo‘lishi kerak. Bir paytlar rus tilini bilish, ya’ni rusiyzabonlik jamiyatda mavqe qozonish, amal kursilarini egallash, partiya va davlat rahbarlariga yaqinlashishning bosh sharti sanalgan. Salohiyatli, serg‘ayrat qanchadan-qancha vatanparvarlarga o‘shanda omad qayrilib ham boqmagan. Buni bilgan va har qadamda kuzatgan ilm-fan, adabiyot, xususan, san’at arboblari ham farzandlarini milliy maktablarda o‘qitishmagan. Chorasizlikni chora o‘laroq qabul qilgan oddiy o‘zbek hammasiga chidagan. Charxi davron adolat, haqiqat, diyonat tufayli evrilgan ekan, bunga ko‘nikish, suvni loyqalatib “baliq tutish”ga urinmaslik kerak. Rus tilini rasmiy til maqomiga ko‘tarish tashabbuskorlari masalaning bunday tomonlarini o‘ylashni ham istashmaydi. Ular uchun xuddi avvalgidek bugun ham milliy mustaqillik va istiqlol qadr-qiymatsiz hodisadir. O‘zbekistonda istiqomat qiladigan xalqlar ixlos bilan sidqidildan davlat tilini o‘rgansa, asta-sekinlik bilan bo‘lsa hamki, o‘zbek tili millatlararo so‘zlashuv tili darajasiga ko‘tariladi. Mustaqil bir davlat farzandlari shu haqda qayg‘urib, shunday oliy natijani ko‘zlashi joiz emasmi?

Murojaatnomada akademik adib Oybekning yangi davr o‘zbek shoirlariga Pushkin ko‘rsatgan ta’sirga tegishli fikri bilan Hamid Olimjonning «Navoiy sharaflangan har bir xonadonda Pushkin ham e’zozlanadi”, degan so‘zlari qayd etilgan. Savol tug‘iladi: murojaatnomada ismi sharifi ko‘rsatilganlardan nechtasi Navoiy, Bobur yo Ogahiyni asliyatda o‘qib-o‘rgangan ekan. Biz biror bir rus yoxud o‘zga millat vakilini Yassaviy, Atoiy, Mashrab merosidan bexabarlikda ayblay olmaymiz. Ammo u yoki bu rus adibi asarlarini o‘qigani bilan qanoatlanib, bobokalon ijodkorlari merosidan bexabar o‘zbek haqida nima deyish kerak?! Har qancha, har qanaqasiga urinilgani bilan mustabid sho‘ro hokimiyati zamonidagi rusparastlik endi qaytmaydi, qaytishi ham kerak emas.

Yurtimiz va davlatimizda rus tilini davlat tili darajasiga ko‘tarishni yoqlamasdan munosabat bildirib, o‘z so‘zini aytayotgan elimizning har bir farzandiga chin yurakdan minnatdorlik bildirsa arziydi. Alloh taolo himmati, in’om aylagan ne’mati va imtiyozini bandasi har tomonlama teran anglab yetmaganidek, uni munosib ravishda himoya ham etolmaydi. Har bir o‘zbekni Xudo ana shu g‘ofillik va badbaxtlikdan asrasin!

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.