XALQIMIZNING YANGI BAYRAMI MUBORAK BOʻLSIN!
Kuni kecha butun mamlakat boʻylab Prezidentimiz “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini imzolagani haqida xabar tarqaldi. Bu xabarni nafaqat yurtimiz, balki butun dunyodagi 50 milliondan oshiq oʻzbeklar va ona tilimiz ixlosmandlari quvonib qarshi oldilar.
Oʻtgan yilning 21-oktyabr kuni poytaxtdagi muhtasham majlislar saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzbek tili haqida yoniq soʻzlarini aytganida barcha tik oyoqqa turib, davomli qarsaklar bilan olqishlagan edi. Chunki yangilanayotgan Oʻzbekistonning rivojlanish tamoyillari belgilab qoʻyilgan har bir sohasi oʻz taraqqiyotida shiddat bilan davom etar ekan, ayni til sohasi eʼtiborga muhtoj boʻlib turgan, vaqt-soati kelib bu borada ham tub islohotlar amalga oshiriladi degan umid boʻlsa ham, aynan oʻsha kuni Prezident oʻz xalqiga bunday xushxabarni aytishini koʻpchilik kutmagan edi. Mamlakat rahbari oʻzbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi mavqeini yana-da oshirish, “Davlat tili haqida“gi qonunni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish zarurligini taʼkidlab, bu boradagi dolzarb vazifalarni koʻrsatdi va “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmon qabul qilganini, unga binoan, 21-oktyabr sanasi Oʻzbekistonda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilanganini taʼkidlab oʻtdi.
Shundan soʻng bu boradagi ishlarning ijrosi tizimli ravishda davom etdi: Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi va uning tashabbusi bilan Atamalar komissiyasi tuzildi. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi qarori bilan barcha davlat organlari, vazirliklar va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimi tashkil qilindi. Shu yilning 9-mart kuni “Geografik obyektlarning nomlarini, shuningdek, jamoat joylari, koʻchalar, binolar peshtoqidagi turli lavha va reklamalarning qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirish masalalari hamda joylarda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi 34-son qarorining ijrosi haqida” boʻlib oʻtgan yigʻilishda aynan shu masalaga eʼtibor qaratildi va davlat tilini rivojlantirish chora-tadbirlarining ijrosiga oid qatʼiy talablar belgilandi.
Shuncha ishlar ortidan mana, millat fidoyisi Abdulla Qodiriy bobomizning tavallud kunlarida “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni imzolandi. Unga koʻra, har yilning 21-oktyabr kuni Oʻzbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Endilikda u Mustaqillik bayrami kabi zalvorli, nodir va jonbaxsh, xalqning va davlatning qonuniy bayramiga aylandi. Oʻzbekistonning barcha hududlarida uning keng koʻlamda, tantanali nishonlanishi qatʼiy belgilab qoʻyildi.
Buni ona tilimizning haqqoniy tantanasi, davlatchilik anʼanalarimizning yuksak tarannumi desak arziydi.
Gʻoyat koʻhna va barhayot tilimizning qudratini xalq dostonlarimiz baralla kuylagan, Mahmud Koshgʻariy bobomiz soʻzma-soʻz koʻrsatgan va hazrat Alisher Navoiy uni eng yuksak sanʼat darajasiga koʻtargan boʻlsa, oʻtgan asr boshlarida, qutlugʻ Turkiston tuproqlari mustamlaka zulmatiga choʻmar ekan, vatanparvar ziyoli bobolarimizdan Elbek alam va iztirob bilan shu satrlarni bitgan edi:
Mungli qushim, sayrab-sayrab kel, anglat,
Kimlar erur Turk tilini sotgʻuchi?
Bulbul kabi sayrab turgan bu tilni
Uyalmayin bu oʻlkadan otgʻuchi?
Bolday totli, jondan aziz turkchani
Tushunmayin, xoʻrlab-xoʻrlab yotgʻuchi?
Mungli qushim, ularni qoʻy, sen sayra!
Turk tilining dongʻin chiqar koʻklarga!
Qoʻy ularni, ular yoʻldan ozsinlar,
El ichida boʻsh boʻgʻuzlik sotsinlar!
Jadid bobolarimiz mustamlaka bilan birga bu elning aqlu tafakkuriga, maʼnaviyatiga va ona tiliga keladigan zulmu sitamlarni aql koʻzi bilan koʻraturib shunday oʻtli satrlarni bitishgan.
Nega oʻzbek tili emas, turk tili deb hayron boʻlmang. Amir Temur bobomiz “Bizkim, maliki Turon, amiri Turkistonmiz. Millatlarning eng qadimi va eng ulugʻi, turkning bosh boʻgʻinimiz” deb, xalqimizni turkiylarning bosh boʻgʻini deb atagani bejiz yemas, chunki shu qutlugʻ tuproqlar aksariyat turkiy xalqlarning ota yurti, tilimiz esa ota tili hisoblanib kelgan.
Afsuski, mustamlaka davrida goh oʻzgalar, goh oʻz kishilarimiz kamsitib, mensimay kelgan shu jonajon va oʻlmas til yangilanayotgan Oʻzbekistonning kun talablaridan ortda qola boshlagan edi. Millat qanday kun koʻrgan boʻlsa, bu uning tilida aks etadi, degan gap bor. Oʻzbek tilimizning bugungi holatiga qarasak, goʻyo tarixga va maʼlum davr kishilarining oʻy-tafakkuriga nazar tashlagandek boʻlamiz. Keyingi asrlardagi ilm-fan va texnologiyalardagi oʻzgarishlar bizda sodir boʻlmagani uchun yot terminlar va atamalar tilimizga kirib keldi deb hisoblaydiganlar ham anchagina. Bu gapda bir hisobdan jon bor, chunki nafaqat oʻzbek tili, balki boshqa xalqlar ham rivojlangan mamlakatlar fanidagi atamalarni olishga majbur boʻlishgani haqiqat. Qarang, ilm-fan bir mamlakatni qanchalar yuksaltirib qoʻyar ekan! Misol uchun, zamonaviy texnologiyalardagi, xususan, kompyuter dasturlaridagi barcha soʻzlar ingliz tilida va boshqa tillarga ham shundayicha koʻchib oʻtgan. Til ham tarix singari, mamlakat hayotining oʻziga xos jihatlarini namoyon qilib turadi.
Oʻzga tillardan soʻz kirib kelishi bir yonga-yu, biroq, oʻzimiz-chi? Ota-onamiz, suyukli shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, “Yetmish yetti pushtimiz” soʻzlashgan shu goʻzal tilga munosabatimiz qay darajada? Uni asrab-avaylb, shaʼnu hurmatini oʻz oʻrniga qoʻyyapmizmi yoki zamonaviy toʻs-toʻpolonlar zabtida eʼtiborsiz qoldiryapmizmi? Afsuski, maʼnaviy-milliy oʻzlikni asrash va yuksaltirish borasida bong urilayotgan bir paytda, unga eʼtiborsiz munosabatda boʻlish hollari talaygina. Aslida muazzam bu boyligimizning chek-chegarasi yoʻq, lahjalaru shevalarimizda, madaniy-ilmiy merosimizda qanchadan-qancha soʻzlarimiz oʻz roʻyobini kutib turibdi. Mazmunni haqiqiy voqelikka bogʻlaydigan bunday tillar dunyoda juda oz uchraydi. Tilimiz tartib-qoidalariga, soʻz yasalish holatlariga razm solsangiz, xalqimizning juda ajoyib bir xususiyatini namoyon qilib turganini koʻrasiz. Oʻzbek xalqi soʻzlarni hech qachon havoyi, xayoliy voqealarga bogʻlamaydi, balki tevarakda kechayotgan voqelik bilan birga tasavvur qiladi va bu xususiyat tilimizda juda chiroyli tarzda aks yetadi. Misol uchun, “Qalbimda quyosh charaqladi”, “Hayotimga bahorday boʻlib keldingiz”, “Qulun boʻlib yeldi”, “Osmonimda oyday balqding” kabi iboralar bagʻridagi ham mazmunga, ham manzaraga mahliyo boʻlmay iloj yoʻq. Bunday misollar benihoya koʻp va shahar-qishloqlarimizdagi oddiy soʻzlashuv tilida xazinalar misoli yashirinib yotibdi. Shu maʼnoda, davlat miqyosidagi mazkur eʼtibor tilimizga qayta jon baxsh etishiga, gullab-yashnashiga xizmat qilishiga shak-shubha yoʻq. Shuni ham qayd etish kerakki, tariximizda ona tilini davlat miqyosida bayram qilish va uni qonun bilan belgilash birinchi bor roʻy berayotgan koʻlamli hodisadir.
Taraqqiyot texnologiyalari deyilganida, Oʻzbekistonda ilm-fan rivojiga juda katta eʼtibor berilayotgani shak-shubhasiz, ulugʻ jarayon. Ilm-fanimiz rivojlangani sayin mamlakatimiz obroʻ-eʼtibori, tilimiz ravnaqi oshib boradi, albatta. Misol uchun, soʻnggi texnologiyalar asosida oʻz olimlarimiz yaratgan “Ravnaq”, “Porloq”, “Baraka”, “Saxovat” paxta navlariga Hindiston, Misr hamda qoʻshni davlatlar qiziqish bildirishmoqda, bu ixtirolar olimlarimiz yutugʻi bilan bir qatorda, tilimizni ham koʻz-koʻz qilmoqda. Shunday ezguliklarning barchasi “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” degan hayotbaxsh shior ostida amalga oshayotgani gʻurur uygʻotadi. “Tiklanish” soʻzi – maʼlum sabablarga koʻra qaddi egilib qolgan kishining qad rostlashini, kuch-qudratini tiklashini bildirsa, “yuksalish” – ulugʻ marralarni zabt etish maʼnosini anglatishi hammaga ayon. Yangilanishlar shiddati va ulugʻ maqsadlarga shaylanish jarayonlari aro maʼnaviyatimizning, maʼrifatimizning qoni-joni boʻlmish ona tilimizni eʼzozlab “Oʻzbek tili bayrami kuni” eʼlon qilinishining oʻziyoq katta bir bayramdir. Shu munosabat bilan ushbu bayramimiz butun Oʻzbekiston xalqiga, yer yuzida oʻzbek tilida soʻzlashuvchi koʻplab kishilarga va dunyoning turli oʻlkalaridagi “Oʻzbek tili doʻstlari”ga qutlugʻ boʻlsin deymiz. Shon-sharafli millatimiz, ona tilimiz, davlatimiz mangu gullab-yashnayversin!
Isajon Sulton,
Innovatsion rivojlanish vazirining
Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash
masalalari boʻyicha maslahatchisi