BUGUN TARIXIY KUN, 21 OKTABR — O’ZBEK TILI BAYRAMI KUNI ETIB BELGILANADI
Keyingi yillarda jiddiy islohotlar ro‘yobga chiqarilmoqda. Bu islohotlar jarayonida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish bo‘yicha ham ko‘lami va miqyosiga ko‘ra juda katta ishlar qilinayapti.
Masalan, o‘tgan yili oktyabr oyida “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganining o‘ttiz yilligi keng nishonlandi, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi, davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik idora, muassasa hamda boshqa tashkilotlarda rahbarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy qilindi.
Eng muhim jihati – davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi hujjat almashinuvi o‘zbek tilida yuritilmoqda, qonun hujjatlari loyihalari davlat tilida tayyorlanmoqda. Xulosa bitta: davlat tili nufuzi chinakam ma’noda davlat ishi va siyosatiga aylandi. Bu mubolag‘a gap emas.
Bugun Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bor-yo‘g‘i ikkita moddadan iborat mazkur qonunning qabul qilinishi o‘zbek tilining nufuzi va mavqeini yuksaltirish bo‘yicha tashlangan muhim qadamlardan yana biridir.
Zero, bugun dunyodagi ayrim tillar hatto yo‘qolish arafasida turgani ham ayni haqiqat.
Demak, bugun tarixiy kun, bugun bayram. Mana shu tarixiy kun, mana shu bayram barchamizga muborak bo‘lsin.