9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

60 YOSH MUBORAK!

notiq.uz > To'ylar  > 60 YOSH MUBORAK!

60 YOSH MUBORAK!

Oltmish, etmish raqamlaridagi “mish” taajjub uyg‘otadi ba’zan kishida. Ikkita “mish” qo‘shilsa “mish-mish” bo‘ladi. Haqiqatan ham aksariyat insonlarning yoshi ko‘rinishiga to‘g‘ri kelavermaydi, ular ancha yosh ko‘rinadi. Birovning diliga ozor etkazmasdan, to‘g‘ri yurib, to‘g‘ri ishlagandan keyin, sadoqatli do‘st, oilaparvar umr yo‘ldoshiga ega bo‘lgan inson sog‘lom va yosh ko‘rinaversa kerak.

Kuni kecha qutlug‘ 60 yoshini qarshilagan huquqshunos qadrdonimiz Nazarov Po‘latjon Ro‘zimovich ham tabiatan yosh ko‘rinadigan insonlardan. Kasbdoshlar, samimiy do‘stu yoronlar jam bo‘ladigan, qutlab keladigan davrada inson yanada yasharib ketishiga ishonch hosil qildik. Ayniqsa, birga tahsil olgan kursdoshlarning tashrifi kishi dilini yashnatadi, ruhiyatiga yanada tetiklik baxsh etadi. Inson muayyan yoshgacha obro‘-e’tibor uchun ishlaydi, ma’lum bir yoshdan keyin esa obro‘-e’tibor uning uchun ishlashini kursdosh do‘stlaridan biri o‘z qutlovida e’tirof etib o‘tdi.

Ayniqsa, jizzaxlik do‘stlarining tabriklaridan boshi ko‘kka etgan Po‘latjon og‘aning quvonchi cheksiz. “Behruz” restoranidagi shodiyonada o‘zlarining musiqiy tabriklari bilan, yubilyarni qutlab kelgan san’atkorlarimizdan O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rahmatjon Qurbonovlarning dilgir qo‘shiqlari davraga fayz kiritdi. Ortiq Otajonov  repertuaridan o‘rin olgan bir nechta qo‘shiqlar matni Po‘lat Nazarovga tegishli ekani yubilyarimizning barmoq va aruz vaznida ham dilbar she’rlar yoza oladigan yaxshigina shoir ekanligidan dalolatdir. Ilhom atalmish tuyg‘u kasb, millat, makon va zamon tanlamaydi, balki inson tanlashiga, qalb tanlashiga yana bir bor amin bo‘ldik. Mumtoz merosimizning yirik namoyandalari ijodini sinchiklab mutolaa etishdan tug‘ilgan ilhombaxsh ijod ularning aruzona she’rlar yaratishiga zamin hozirlagani sir emas.

YUbiley kechasi nihoyatda fayzli o‘tdi. Ayniqsa, yosh, umidli maftunkor san’atkorlarimizdan Zaynabbegim Xudoyorovaning Xorazm xalfachiligining eng sara namunalaridan ijro etishi davraning fayziga fayz qo‘shdi. Uning ijrosidagi “Jujjim aytaman” ashulasini davra ahli sel bo‘lib tingladi. SHuningdek, iste’dodli san’atkorlarimizdan G‘anisher Meliqulov, Sa’dinbek va O‘ktamjonlarning musiqiy chiqishlari ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirdi. Raqs bobida Muqaddas va Dilafro‘zlarga teng keladigani topilmadi. O‘yin-kulgi, xursandchilik bilan o‘tgan yubiley davrasi yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning tantanasidir desak o‘rinli bo‘ladi.

Biz yubilyarga samimiy dil izhorlarimizni bildirar ekanmiz, huquqiy madaniyatimizni oshirishdagi xizmatlari, fidoyiligi tahsinga sazovor bo‘lib kelayotgan Po‘latjon og‘aning barcha yaqinlari baxtiga hamisha sog‘u salomat bo‘lishlarini tiladik.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.