BAXSHI — SAN’ATKOR NAQSHI
Dostonlarga umr baxsh etuvchi tildan-tilga, dildan-dilga ko‘chiruvchilar baxshilardir. Dostonlarning umrini baxshilarning quvvayi hofizasi, ijro mahoratisiz tasavvur etish mushkul. Xorazm dostonchilik an’anasining etuk namoyandalaridan biri, “Lazgi” ashula va raqs ansamblining xonandasi, «Nihol» mukofotining laureati Feruzbek Normatov bir qancha dostonlarni yoddan biladi. CHunki, uning aslida va naslida baxshiyona muhabbat va mahorat bor. Uning otasi O‘zbekiston xalq baxshisi Qalandar Normatovdir.
Qalandar aka bugungi kunda Xorazm dostonchilik maktabi an’anasining rivojini yuqori nuqtaga chiqazgan muqtadir san’atkorlardan biridir. Ma’lumki, Xorazm baxshichiligi ansambl bilan ijro etiladi. Unda so‘z va sozning uyg‘unligi muhim sanaladi. Tor, doira, bulamon, garmon kabi musiqiy asboblar alohida o‘rin tutadi. Feruz Normatov ijodiga bag‘ishlangan suhbat “Toshkent vaqti” nomli informatsion dasturda namoyish etildi. Ma’lumki, Feruz 2002-yilda baxshichilik yo‘nalishi bo‘yicha “Nihol” mukofotining sovrindori bo‘lgan. Uning iste’dodi yoshligidayoq, aniqrog‘i, Toshkent davlat madaniyat institutida o‘qib yurgan chog‘laridayoq nish ura boshlagan edi. Bugun esa u ko‘plab Xorazm xalq dostonlarini, ularning ijro yo‘llarini puxta egallagan san’atkor sifatida shakllandi.
Ko‘rsatuvda unga iqtidorli, umidli san’atkorlardan Rohila Ro‘zimova hamda Nazokatxon, Ahmadjon va Xurshidbeklar jo‘r bo‘lishdi. Ular aytishuv namunalarini namoyish etishdi. Feruz o‘z intervyusida dostonchilik maktabiga xos bo‘lgan ijro uslublari va ushbu maktabning asoschilaridan bola baxshi – Qurbonnazar Abdullaev haqida iliq fikrlarni bildirib o‘tdi. Biz Feruzbekka dostonchilik maktabining kelajagi bo‘lgan yoshlarga doston aytish sirlarini o‘rgatishda omadlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.
Feruz baxshi
Bolaligidan doston aytishga zavq-shavqi baland bo‘lganligi uchun otasi – O‘zbekiston xalq baxshisi Ro‘zimboy Normatov (Qalandar baxshi)dan dostonning ijro yo‘llari va sirlarini chuqur o‘rgandi.
1985 yili Xorazm viloyatining SHovot tumanida o‘tkazilgan Xalqaro baxshi-shoir va oqin-jirovlarning ko‘rik tanlovida 11 yoshidayoq, o‘z ijrosi bilan hammani hayratga solib, “Eng yosh baxshi” unvonini qo‘lga kiritdi. Ayni paytda ular Xalqaro tanlov talabiga muvofiq, oilaviy ansambllar ichida birinchi o‘rinni egallashdi. SHu yili Respublika miqyosida “San’at bayrami”da tuman, viloyat va respublika bosqichlarida muvaffaqiyatli qatnashib, tanlovning so‘nggi bosqchichida faxrli 2 — o‘rinni egalladi. 2013 yilgacha otasi Qalandar baxshi tashkil etgan “Avazxon” nomli folklor-etnografik ansamblida faoliyat yuritdi. Turli mavzulardagi ma’naviy va ma’rifiy tadbirlarda qator xalq dostonlari va termalarini aytib el ishonchi va e’tiborini qozondi.
Uning tashabbuskor va tashkilotchiligi, etuk iste’dodi va san’atkorlik qobiliyati hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U 2002 yilda “Nihol” davlat mukofotining sovrindori bo‘ldi.
2013 yilda Xiva shahrida “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi tashabbusi bilan baxshi shoir va oqinlarning an’anaviy respublika ko‘rik-tanlovida 1 — o‘rinni egalladi.
Uning ijrosida kuylangan qator xalq dostonlari, jumladan “Oshiq G‘arib va SHohsanam”, “Xirmondali”, “Go‘ro‘g‘li” singari dostonlari Respublika radiosining oltin fondini bezab turibdi.
U hozirda “Lazgi” ashula va raqs ansamblining yakkaxon xonandasi sifatida qizg‘in ijod jarayonida. Xorazm baxshichilik maktabining o‘lmas navolari va dostonlarini yoshlarga o‘rgatishdek xayrli va ma’rifiy maqsad bilan tinmay ijod qilmoqda.