9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyadagi nutqi

notiq.uz > DOLZARB NUTQ  > O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyadagi nutqi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyadagi nutqi

Muhtaram Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani Janobi Oliylari!

Hurmatli Federika Mogerini xonim!

Hurmatli tashqi ishlar vazirlari va delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Mamlakatimiz poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaning barcha ishtirokchilari va mehmonlarini O‘zbekiston xalqi nomidan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.

Ushbu anjumanda ishtirok etayotganingiz uchun sizlarga chuqur minnatdorlik bildiraman va mehmondo‘st o‘zbek zaminida sizlarni ko‘rib turganimdan g‘oyat xursandman.

Bugungi konferensiya O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasining birgalikdagi tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda.

Mazkur anjuman xalqaro hamjamiyat tomonidan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarning mantiqiy davomidir.
Forumda shaxsan ishtirok etayotgani uchun Prezident Ashraf G‘ani Janobi Oliylariga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman.

Shuningdek, xalqaro konferensiya o‘tkazish bo‘yicha bizning tashabbusimizni avval-boshdanoq qo‘llab-quvvatlagan va barcha qatnashchilarga o‘zining tabrik xatini yo‘llagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi janob Antoniu Gutterishga samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Biz janob Antoniu Gutterishning Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish jarayonlari doirasida muzokaralar o‘tkazish tarafdori ekanini, shuningdek, mintaqamizda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak baholaymiz.

Shu yilning yanvar oyida BMT Xavfsizlik Kengashida Qozog‘iston raisligida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘yicha fikr almashuvlar bo‘lib o‘tgan edi. Fursatdan foydalanib, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Abishevich Nazarboyevga ana shu o‘ta muhim muammoni muhokama etish bo‘yicha ko‘rsatgan tashabbusi uchun samimiy tashakkur bildiraman.

Shuningdek, bo‘lib o‘tgan muhokamalar chog‘ida bildirgan zarur va qimmatli takliflari uchun BMT Xavfsizlik Kengashining barcha a’zolaridan minnatdorman. Bu takliflarning katta qismi ushbu konferensiyaning afg‘onistonlik hamkasblarimiz bilan birgalikda tayyorlangan yakuniy hujjati loyihasi – Toshkent deklaratsiyasida hisobga olindi.

Shu bilan birga, bugungi anjumanda ishtirok etayotgan:

— Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federiko Mogerini xonimni;
— Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi siyosat mahkamalari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning rahbarlari va vakillarini chin qalbimdan qutlashdan g‘oyat mamnunman.

Bugun ushbu zalda BMT Xavfsizlik Kengashining  doimiy a’zosi bo‘lgan davlatlar va Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar vakillari to‘planganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Biz shu kunlarda bahor va yangilanish bayrami bo‘lgan Navro‘z ayyomini keng nishonlamoqdamiz. Azal-azaldan bu faslda urush-janjallar to‘xtatilgan, odamlar eski gina-kuduratlarni unutib, bir-birini kechirgan va hatto eng murakkab, hal etib bo‘lmaydigandek tuyulgan masalalar bo‘yicha ham kelishib, hamjihatlikka erishgan.
Ishonchim komil, bugun biz ham davrimizning eng o‘tkir mintaqaviy va global muammolaridan biri – Afg‘onistondagi qarama-qarshilikni hal etishni amaliy ruhda muhokama qilib, birgalikda umumiy bir yechim ishlab chiqishga qodirmiz.

Ming afsuski, jafokash Afg‘oniston zaminidagi bu to‘qnashuv qariyb 40 yildan buyon davom etmoqda.

Ma’lumki, “urush olovi” afg‘on xalqiga chetdan tiqishtirildi, bu – uning tanlovi emas.
Ana shu yillar mobaynida yuz minglab tinch aholi urush qurboniga aylandi, millionlab insonlar o‘z uylarini tashlab ketishga va boshqa mamlakatlardan boshpana izlashga majbur bo‘ldi.

Bu mojaroga yangi-yangi kuchlarning jalb etilishi uning mislsiz darajada keskinlashib ketishiga olib keldi. Ushbu urush nafaqat Afg‘onistonning muammosi, balki tobora murakkablashib borayotgan xalqaro muammoga aylandi.

Afg‘onistonda xalqaro terrorchi guruhlar sonining kengayishi, zo‘ravonlik va qon to‘kishlar, narkobiznesning barham topmayotgani – bularning barchasi bu mamlakatdagi vaziyatni jahon jamoatchiligi tomonidan inkor etilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda.

Eng yomoni, Afg‘onistondagi qurolli qarama-qarshilik va zo‘ravonlik sharoitida butun bir avlod voyaga yetdi. Lekin bu, ayrim ekspertlar andishasizlarcha ta’kidlayotganidek, “boy berilgan avlod” emas.  Ular urush, muhtojlik va qiyinchiliklardan charchagan odamlar, xolos. Ular o‘zaro nizolarga chek qo‘yib, tinch hayotga, o‘z mamlakatini taraqqiyot va farovonlikka olib boradigan bunyodkor mehnatga qaytishni xohlaydi va shunga intiladi.

Men qat’iy aminman: afg‘on xalqida o‘z farzandlari va kelajak avlodlarning baxt-saodati yo‘lida yangi, tinch hayotni boshlash va barpo etish uchun kuch-g‘ayrat, donishmandlik, mardlik va matonat yetarli.

Bugungi anjumanimizda vakillari ishtirok etayotgan davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bu jafokash mamlakatdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga ko‘maklashishda muhim rol o‘ynashga qodir va shunday bo‘lishi kerak.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi voqealar oqibatida Afg‘onistondagi vaziyat ma’lum bir vaqt davomida xalqaro siyosat  e’tiboridan chetda qoldi. Ammo buning natijasida mazkur mojaro o‘z keskinligi va jiddiyligini yo‘qotgani yo‘q.

O‘zbekistonda xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifi va Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlasha qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurati quyidagi omillar bilan bog‘liq.

Birinchidan, bizning tashabbusimiz O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasiga to‘la mos keladi. Bu konsepsiyada avvalo qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash ustuvor vazifa etib belgilangan Ikkinchidan,  O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari asrlar davomida yagona madaniy-sivilizatsion makonda yashab kelgan.

Azal-azaldan Amudaryoning ikki tomonida o‘zaro o‘xshash tillar, umumiy muqaddas din va mushtarak ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turadigan xalqlar yashab kelmoqda.
Amudaryo biz uchun hamisha tiriklik manbai bo‘lib kelgan, ammo odamlarning erkin harakat qilishiga, savdo aloqalarini yaqindan rivojlantirishga, ilm-fan sohasidagi yutuqlar bilan o‘rtoqlashishga va bir-birini madaniy jihatdan boyitishga hech qachon to‘sqinlik qilmagan.

Afg‘on zaminida  Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining Abu Rayhon Beruniy, Lutfiy,  Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi buyuk namoyandalari va boshqa ko‘plab bizning ulug‘ ajdodlarimiz yashab ijod qilganlar.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida  yaqin siyosiy,  savdo-iqtisodiy  va madaniy-gumanitar aloqalar yo‘lga  qo‘yilgan. Afg‘onistonda  millionlab o‘zbeklar yashaydi. Afg‘oniston Konstitutsiyasiga  muvofiq o‘zbek tili mamlakatning rasmiy tillaridan biri hisoblanadi.

Uchinchidan, barchamiz qat’iy ishonamizki, xavfsizlik yagona va bo‘linmasdir va uni faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan ta’minlash mumkin. Biz xavf-xatarlarning ba’zi birlarini “o‘zimizniki”, boshqasini esa “birovniki”, deb qabul qilmasligimiz kerak, aniqroq aytganda, bunday qilishga haqqimiz yo‘q.

Afg‘oniston xavfsizligi – bu O‘zbekiston  xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiy mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotning garovidir.

Xalqaro terroristik tashkilotlar Afg‘onistonni o‘zining doimiy makoniga aylantirib olishiga yo‘l  qo‘yib bo‘lmaydi.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga  ko‘maklashish bo‘yicha tajribaga ega.

O‘zbekistonning tashabbusi bilan 1999-yilda Toshkentda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar, Rossiya va AQSh tashqi siyosat  mahkamalari rahbarlari darajasida  “6+2” guruhining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi.  Bu uchrashuvda  Shimoliy Ittifoq va “Tolibon” harakati vakillari ham ishtirok etgan edi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha Afg‘onistondagi nizolarni tinch yo‘l bilan bartaraf etishning asosiy prinsiplari haqidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi va u Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 54-sessiyasi  va BMT Xavfsizlik Kengashining rasmiy hujjatiga aylandi.

Shu munosabat bilan biz  Afg‘oniston bilan umumiy kelajagimiz, afg‘onistonlik birodarlarimizni ham, bizni ham birdek tashvishga solayotgan masalalar haqida gapirish uchun barcha asoslarga, siyosiy va ma’naviy huquqqa egamiz.

Aynan mana shuning uchun ham O‘zbekiston butun dunyo mamlakatlarini  bizning bu ezgu ishdagi sa’y-harakatlarimizni qo‘llab-quvvatlashga da’vat etadi.
Qadrli do‘stlar!

Bugungi kunda Afg‘onistondagi vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha ko‘p qirrali va murakkab masalalar mintaqa  va xalqaro  miqyosda keng muhokama  qilinmoqda.

Bu o‘rinda Afg‘onistondagi  harbiy-siyosiy  inqirozni hal etish yo‘llarini topish maqsadida tashkil etilgan Kobul jarayoni, Moskva  formati, Xalqaro muloqot guruhi,  “Osiyo yuragi” deb nomlangan Istambul jarayoni,  “ShHT-Afg‘oniston” muloqot guruhi va boshqa ko‘p tomonlama muhokama jarayonlari alohida diqqatga sazovordir.

O‘zbekiston Kobul jarayoni  doirasidagi  ikkinchi majlis ishtirokchilarining Afg‘oniston hukumati bilan “Tolibon” harakatining “oldindan shart qo‘ymaslik va kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik” asosida  to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni boshlash haqidagi qarorini  qo‘llab-quvvatlaydi.

Ammo tinchlik sari harakatning eng asosiy sharti, bizningcha, avvalo mintaqa va global darajada kelishilgan, Afg‘oniston uchun yagona keng qamrovli tinchlik dasturini  ishlab chiqish va amalga oshirishdan iboratdir.

Shundan kelib chiqqan holda, bizning birgalikdagi  sa’y-harakatlarimizning asosiy  maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat bo‘lishi lozim:

birinchi – afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal etishning asosiy tamoyillarini  ishlab chiqish va ular bo‘yicha keng va qat’iy xalqaro konsensus – murosaga erishish;

ikkinchi – Afg‘oniston hukumati va qurolli muxolifat o‘rtasida  muzokaralarni boshlash  mexanizmini  ishlab chiqish;

uchinchi – Afg‘onistonda milliy kelishuv jarayoniga  xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘mak berish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish.

Va nihoyat, barcha manfaatdor tashqi kuchlarning qurolli muxolifatdan Afg‘oniston hukumati bilan muzokaralar stoliga o‘tirishini, qarama-qarshilik va zo‘ravonlikka  chek qo‘yishni qat’iy va bir ovozdan talab qilishi beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Bundan boshqa yo‘l yo‘q. Bizning fikrimizcha, bugungi uchrashuvimizning bosh g‘oyasi shundan iborat.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Afg‘onistondagi nizolar g‘oyat murakkab va qarama-qarshi xususiyatga ega ekanini,  ularga  turli kuchlar jalb etilganini e’tiborga olgan holda, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyasidan kelib chiqib, keng qamrovli  tinchlik jarayonini uchta o‘zaro bog‘liq darajada amalga oshirishni ta’minlash muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.

Afg‘oniston mamlakati darajasida – markaziy hukumat va qurolli muxolifatning asosiy kuchlari, birinchi navbatda, “Tolibon” harakati o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni boshlashni ta’minlash zarur.

Tomonlarning bir-biriga nisbatan savollari va talabi bo‘lajak muzokaralarda muhokama qilinishi mumkin.

O‘z-o‘zidan ravshanki, Afg‘oniston ichidagi siyosiy jarayonlarni boshlashni endi orqaga surib bo‘lmaydi. Bu jarayonni cho‘zish yana ko‘plab begunoh odamlarning qurbon bo‘lishiga olib keladi.

Tinchlik jarayonining muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’minlash uchun afg‘onistonliklarning o‘zlariga tashabbus ko‘rsatish, muzokaralar qanday formatda, qachon va qayerda olib borilishi bo‘yicha tanlash imkonini berish kerak.

Bu o‘rinda gap, avvalo, qurolli muxolifat tomonidan ham,  Afg‘oniston milliy xavfsizlik kuchlari tomonidan ham jangovar harakatlar olib borishdan voz kechilishi va o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga so‘zsiz rioya qilinishi haqida bormoqda.

Afg‘onistonning kelgusidagi tinch taraqqiyoti uchun umumiy mas’uliyatni his etgan hamda o‘zbek va afg‘on xalqining azaliy do‘stlik aloqalariga tayangan holda, biz O‘zbekiston hududida tinchlik jarayonlarining istalgan bosqichida Afg‘oniston va “Tolibon” harakati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tashkil etish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.

Muxolifat tinch muzokaralarda ishtirok etadigan va milliy kelishuvga erishilgan taqdirda Afg‘onistonning siyosiy hayotiga muxolifatning  interatsiyalashuvi uchun barcha sharoitlarni yaratish zarur bo‘ladi.

Qurolli muxolifat vakillari, jumladan, toliblar ham afg‘on jamiyatining bir qismi va Afg‘oniston fuqarolari sifatida o‘z mamlakati kelajagini belgilash uchun ovoz berish huquqiga ega.

Bu borada mamlakatda parlament va prezidentlik saylovlarigacha bo‘lgan davrda afg‘onlar o‘rtasida o‘zaro muloqotni boshlash va shu tariqa jamiyatning barcha qatlamlari, jumladan, muxolifatdagi kuchlarga ham yangi Afg‘oniston davlatini qurishda to‘laqonli ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar yaratish g‘oyat muhimdir.

Mintaqaviy darajada – avvalo Pokiston, Hindiston, Eron, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Markaziy Osiyo davlatlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan tomonlar o‘rtasida mustahkam kelishuvni ta’minlashga erishish zarur.

Afg‘onistonda iqtisodiy rivojlanish, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bilan bog‘liq bir qator jiddiy muammolarni hal etish ko‘p jihatdan unga qo‘shni bo‘lgan davlatlarga, bizning ezgu xohish-irodamiz, qat’iy qarorimiz va bu mamlakatda milliy yarashuvni ta’minlash, zo‘ravonlikka barham berishda faol ishtirok etishga qanchalik tayyor ekanimizga bog‘liqligini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz.

Barcha qo‘shni va hamkor mamlakatlarning sa’y-harakatlari bir-birini takrorlamasligi, balki to‘ldirishi kerak. Biz bu muammoni hal etish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan chora-tadbirlar, yondashuv va mexanizmlarni ishlab chiqishimiz zarur.

Shu yilning yanvar oyida BMTning Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblari ta’kidlaganidek, mintaqaviy hamkorlikning yangi jadal sur’atlari “umumiy, allaqachon pishib yetilgan va dolzarb vazifalarni hal etish bo‘yicha barchamizning oldimizda katta imkoniyatlar ochadi”.

Biz endi Afg‘onistonga uning hududidan tinchlik va barqarorlikka tahdid solmaydigan davlat sifatida qaray boshlashimiz kerak. Afg‘oniston – bizning do‘stona hamkorimiz va qo‘shnimizdir.

Ishonamanki, Afg‘onistonni qo‘shni mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalar tizimiga jalb etish bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlarimiz bu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va uni tinch hayotga qaytarish jarayoniga sezilarli hissa qo‘shadi.

Hech shubhasiz, oxir-oqibatda afg‘on zaminida tinchlik o‘rnatilishi bepoyon Yevroosiyo qit’asidagi barcha davlatlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi va real naf keltiradi. Bu umumiy xavfsizlik va barqarorlikni mutahakamlash, avtomobil va temir yo‘llari qurish, tabiiy resurslarni tashiydigan quvurlar o‘tkazish, mintaqaviy va transmintaqaviy savdo-sotiqning rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratadi.

Imkoniyatdan foydalanib, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi uchun O‘zbekiston imkon darajasida  hissa qo‘shayotganini qayd etmoqchiman.

Biz 2002 yildan buyon Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib bermoqdamiz. Surxon-Puli-Xumri yangi elektr tarmog‘ining ishga tushirilishi bilan O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish hajmi keskin ortadi.

Biz birgalikda yana bir strategik loyihani amalga oshirish taklifini ilgari surmoqdamiz. Bu o‘zbek mutaxassislari tomonidan qurilgan va hozirgi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan Hayraton-Mozori Sharif temir yo‘lini Hirotgacha davom ettirish loyihasidir.

Bu loyiha Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash uchun aniq va amaliy hissa bo‘lib qo‘shiladi, yangi ish o‘rinlari yaratadi va mamlakatning tranzit salohiyatini oshiradi.

Transafg‘on transprot-kommunikatsiya loyihalari bo‘yicha ishlarning shu kabi katta ahamiyatga ega bo‘lgan “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon” va “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” kabi boshqa mintaqaviy loyihalar bilan uzviy bog‘liq holda boshlangani Shimoldan Janubgacha hamda Sharqdan G‘arbgacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda qit’alararo transport koridorlarini eng qisqa yo‘llar bilan rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratadi.

Gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda. Shu yilning yanvar oyidan boshlab Afg‘onistonga chegaradosh Termiz shahrida maxsus tashkil etilgan Afg‘on fuqarolariga ta’lim berish markazi ish boshladi. Hozirgi kunda bu maskanda 100 nafarga yaqin afg‘onistonlik yigit-qizlar ta’lim olmoqda.

Biz mazkur markazda afg‘on mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha ixtisoslik va yo‘nalishlar sonini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz.

Global darajada – dunyoning yetakchi, buyuk davlatlari va donor tashkilotlar tomonidan Afg‘onistondagi tinchlik jarayonlari prinsipial jihatdan siyosiy qo‘llab-quvvatlanishi va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi uchun moliyaviy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash zarur. Ularning yordami tufayli mamlakat tinch rivojlanish yo‘liga o‘tdi. Bugungi Afg‘oniston – bundan atigi yigirma yil oldingi mamlakat emas.

Ochiq demokratik saylovlar o‘tkazilgan paytdan boshlab bu yurtda davlat qurilishining yangi davri boshlandi, oddiy afg‘on fuqarolari hayotida ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Mamlakat hukumati aholini ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmati bilan keng qamrab olishga muvaffaq bo‘ldi. Bularning barchasi afg‘on xalqining tinch-osoyishta hayot va taraqqiyot sari intilayotganidan dalolat beradi.

Yaqin ikki yil ichida Afg‘onistonda muhim siyosiy voqealar – parlament va prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu voqealar mamlakat barqaror demokratik taraqqiyot yo‘lidan izchil ilgarilab borayotganining tasdig‘i bo‘lishi lozim.

Hurmatli do‘stlar!

Barchamiz bir haqiqatni anglab olishimiz zarur: biz bugun faqatgina Afg‘onistonning kelajagi uchun emas, balki umumiy xavfsizligimiz, terrorizm, fanatizm va zo‘rovonlikdan xoli dunyo uchun kurashmoqdamiz.

Biz o‘tmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz kerak. Umumiy mas’uliyatimizni doimo yodda tutishimiz lozim.

Afg‘onistonda tinchlikka erishish vazifasi bugungi kunda global xavfsizlik va taraqqiyot uchun tom ma’noda misli ko‘rilmagan xatarga aylangan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishga qaratilgan sa’y-harakatlar bilan uzviy bog‘liqdir.

Bizning qat’iy ishonchimizga ko‘ra, barcha tashqi kuchlar afg‘on hukumatining Afg‘onistonda xorijiy terroristik tashkilotlarning bazalarini yo‘q qilish borasidagi sa’y-harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi, hech qanday farqlarga qaramasdan, terrorizmni moliyaviy va moddiy-texnik qo‘llab-quvvatlashning oldini olishi o‘ta muhim ahamiyatga egadir.

O‘zbekiston terrorizm, ekstremizm va radikalizm mafkurasiga qarshi kurash borasida hamisha prinsipial pozitsiyaga ega bo‘lib kelgan.

Bunday xavf-xatarlarga qarshi faqat kuch ishlatish usullari bilan emas, balki birinchi navbatda, ayniqsa yoshlar o‘rtasida, zo‘ravonlikni keltirib chiqaradigan jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish lozim.

O‘tgan yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish taklifini ilgari surgan edi.

Bizning asosiy maqsadimiz – yoshlarning sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishiga erishish, ularning o‘z qobiliyati va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishdan iborat.

Biz barcha xorijlik hamkorlarimizga islom dinining insonparvarlik mohiyatini aholi va ayniqsa, yoshlarga tushuntirish yo‘lida yaqin hamkorlikda ish olib borishni taklif etamiz.

O‘ylaymanki, bu borada O‘zbekistonda tashkil etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston Islom akademiyasining imkoniyatlaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shuningdek, biz tashabbus tariqasida Afg‘onistonda ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus xalqaro fond tashkil etishni taklif qilamiz.

Bundan ko‘zlanadigan asosiy maqsad – mamlakatda talab katta bo‘lgan sohalar bo‘yicha milliy kadrlar tayyorlash, iste’dodli talabalar va yosh olimlar uchun stipendiya va grantlar ajratish borasida afg‘on tomoniga ko‘maklashishdan iborat.

Bizning qat’iy ishonchimizga ko‘ra, jamiyatda ta’limning nufuzini oshirish va yoshlarning kamolotga intilishini rag‘batlantirish – bu barqaror va izchil taraqqiyotga erishish kafolatidir. Bularning barchasi, hech shubhasiz, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni zo‘rovonlik va radikalizm mafkurasidan himoya qilishda yordam beradi.

Hurmatli forum qatnashchilari!

Ishonchim komil, ushbu konferensiyaning o‘tkazilishi, amaliy ruhdagi muloqot va munozaralar, shuningdek, yakuniy Toshkent deklaratsiyasining qabul qilinishi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha amaliy jihatdan ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi va tinchlik jarayonining o‘ziga xos “yo‘l xaritasi”ga aylanadi.

Mohiyat e’tiboriga ko‘ra sizlarning yordamingiz bilan afg‘on muammosining eng muhim jihatlari bo‘yicha barcha manfaatdor tomonlarning siyosiy irodasi va o‘zaro anglashuvini o‘zida aks ettiradigan hujjat qabul qilinadi.

Afg‘onistonning kelajagi xalqaro hamjamiyatning barchamiz uchun umumiy bo‘lgan tahdid va xatarlarga qarshi kurashishga ojiz ekanini ko‘rsatadigan misolga aylanib qolmasligi lozim.

Bugun barchamiz birlashib, jafokash Afg‘oniston xalqiga tinchlik va taraqqiyot yo‘lida yordam qo‘lini cho‘zishimiz, uni qo‘llab-quvvatlashimiz har qachongidan ham muhimdir.
Barcha konferensiya ishtirokchilariga chin qalbimdan  samarali ish olib borishlarini tilayman!

E’tiboringiz uchun rahmat.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.