9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

BEGONA KIM?

notiq.uz > Kino  > BEGONA KIM?

BEGONA KIM?

Odamzod tug‘ilgandan beri ikki tushuncha atrofida umrguzaronlik etadi. Bu chin va yolg‘ondir. Umr bo‘yi unisigayam, bunisigayam sadoqatli bo‘lish qiyin. SHaroit taqozosi bilan yo u tomonda, yo bu tomonda bo‘lish taqdirda bor hodisa. Lekin shu haqiqat ayonki, chin so‘z bilan, rostgo‘ylik va halollik bilan umr kechirganlar hamisha el e’tiborida, e’zozida bo‘lganlar. Lekin haq gapni hamma ham to‘g‘ri qabul qilavermaydi. U bamisoli tikanga o‘xshaydi. Xalqning qator  maqollarida ham bu haqiqat ro‘yi rost o‘z ifodasini topgan. To‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmas. Haqiqat achchiq, lekin koni foyda va hokazo. YAxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolg‘on yomon deyishi bilan shoir haq. O‘z vaqtida aytilmagan to‘g‘ri gap keyinchalik ko‘pchilikka kulfat keltirishi ham mumkin.

Ushbu film o‘zi anglab etmasdan rostgo‘yligi bilan yakkalanib qolgan bolakayning boshidan kechirgan voqealarni o‘z ichiga oladi. Uning to‘g‘riso‘zligi o‘z amakisining qamalishiga bois bo‘ladi. Bolaligidanoq, rostgo‘ylikka o‘rgatilgan Farhodning iztiroblari, o‘y-kechinmalari filmga asos qilib olingan. Ta’lim va tarbiyadagi yaxshi xulq bu bolalarni rostgo‘ylikka o‘rgatishdir. To‘g‘riso‘zlik va insonlararo munosabatdagi samimiylik aslida, vatanparvarlik tuyg‘usining ibtidosidir. Lekin muayyan vaziyatda, ma’lum bir sharoitda rost so‘zni so‘zlamaslik, jim turish taqozo etiladiki, bu ham mushkul ruhiy hodisadir. YOlg‘onning oqlanadigan bir o‘rni borki, bu odamlar orasidagi nizoga barham berish uchun ishlatilgan bo‘lsa. Rostgo‘yligi sabab sinfdoshlari orasida xoinga aylangan, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ orasida begonaga aylanib, yolg‘izlanib qolgan Farhod hayotning jumboqlari orasida ba’zan esankirab, ba’zan javob topolmay qiynaladi. To‘g‘ri so‘zga munosabat tarzida odamlarning manfaatlari yotishi uni ko‘proq o‘ylashga, bosh qotirishga undaydi. Murg‘ak qalb jarohatlanadi. Uning harakatlari to‘g‘rilikka, rost gapirishga o‘rgatgan o‘z otasining ham g‘azabiga sabab bo‘lgandan keyin, kelinoyisining “buni boqqandan ko‘ra, it boqqaningiz yaxshi emasmidi” degan haqoratomiz ta’na-dashnomlari oshib tushadi. Natijada, u qishloqdan bosh olib ketishga majbur bo‘ladi. U turli insonlarning hayotini kuzatadi, turfa rang taqdirlar bilan to‘qnashadi.

YOshligida o‘qigan kitobidagi Alisher Navoiyning ushbu hikmatini kechroq anglab etadi. Otasi sovg‘a qilgan kitobdagi ushbu bitikning mohiyatini kech tushunib etadi. “Xiradmand chin so‘zdin o‘zga demas, vale barcha chin ham degulik emas.” Ma’nosi: Aqlli kishi to‘g‘ri so‘zdan boshqa so‘zni aytmaydi, lekin barcha to‘g‘ri so‘zlar ham har doim aytilavermaydi.

Taniqli jurnalist va yozuvchi G‘olib Abdusalomovning shu nomli hikoyasi asosida Nizomiddin Mo‘minovning kinossenariysi bilan suratga olingan ushbu filmning bosh postanovkachi rejissyori Olim Sulaymonov, bosh tasvirchi Izzat Qalandarovdir. Filmning bosh prodyusseri va badiiy rahbari Rahimboy Jumaniyozovdir.

Har qanday farzandning unib o‘sishi, shakllanishi el yurt uchun manfaatli va vatanparvar bo‘lib ulg‘ayishidagi muhim mezon unga berilgan ta’lim-tarbiyaning mazmuni, sifatidir. Berilayotgan ta’lim-tarbiya qanday bo‘lsa, samarasi ham shunday bo‘ladi. Har qanday bolaning kamolotida oila, maktab, mahallaning roli muhim va muqimdir. “Inson qalbiga yo‘l ta’lim tarbiyadan boshlanadi” deyiladi “YUksak ma’naviyat — engilmas kuch” kitobida. Eng to‘g‘ri oqil va odil yo‘l ham ayni shudir. Ta’lim-tarbiyaning omixta olib borilishi ajdodlardan meros aytish mumkinki, bu mentalitetimizga xosu mosdir. SHuning uchun ham ta’lim-tarbiyaning uzviy birligi haqida Prezidentimiz “bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasidir” deyishlari bejiz emas.

Aqlan va jismonan sog‘lom farzand yurtning ertasi, jamiyatining iqboli va istiqbolidir. Bu borada farzandning kamolot pog‘onasida ushbu uch birlikni o‘rni doim muhim. Bular ota -ona, o‘qituvchi va mahalla, qo‘ni qo‘shnilar.

Ota-ona – tan me’mori, ustoz – ruh me’mori, tangri – jon me’moridir degan hikmatomiz naqlni yodda tutish joiz. Farzandlarimizning ertaga kim bo‘lishi bugun ularga qanday ta’lim-tarbiya berilayotganiga bog‘liq ekan, bu hayot haqiqatini unutmaslik kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “O‘zbekkino” Milliy agentligining beminnat yordami bilan “Iqtidor-film” studiyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Begona” badiiy filmi xuddi shu masalalarni o‘z ichiga olishi bilan ahamiyatlidir.

Film rejissyori Olim Sulaymonov “Filmni suratga olishda bola tarbiyasi masalasi diqqat markazimizda turdi. Hayotiylik va tabiiylik filmning g‘oyasi va kartinalariga jonlilik baxsh etibgina qolmay, balki tomoshabinni voqea sabablarini o‘ylashga, o‘zlarining to‘g‘ri xulosa chiqazishlariga undaydi” deya e’tirof etdi.

Bosh tasvirchisi Izzat Qalandarov “Tasvir jarayonida bizda unchalik qiyinchilik tug‘ilmadi. Film asosan Parkent tumanidagi Sanganak qishlog‘ida va Toshkent shahrida suratga olindi. YAsama kartinalar, tabiiylikka putur etadigan holatlar e’tibordan soqit qilinmadi” deb ta’kidladi. Filmning bosh g‘oyasi to‘g‘rilik va rostgo‘ylik sog‘lom farzand hayotida qanday o‘rin tutishi haqida. To‘g‘rilik va adolatning tantanasi turli intrigalar bilan ochib beriladi. Vatanparvarlik to‘g‘rilik, rostgo‘ylik va o‘z vataniga mehru sadoqatdan boshlanadi.

Filmning qisqacha syujeti shunday: to‘g‘riso‘zlikka o‘rgatilgan, ro‘zg‘orni halollik bilan boqib kun kechirayotgan oilaning Farhod ismli farzandi o‘z amakisining qamalishiga sababchi bo‘ladi. Rostgo‘ylik va bolalarcha soddalik, beg‘uborlik bois noqonuniy ravishda qo‘lbola aroq tayyorlab foyda ko‘rishni niyat qilgan Ixtiyor amakining qo‘lga olinishiga sababchi bo‘lgan Farhodning ruhiy iztiroblari fonida hayotiy va badiiy haqiqatning uyg‘unligini ko‘ramiz. To‘g‘ri gapning to‘qmog‘i degan naql uning hayoti misolida aks etadi. Bola o‘z sinfdoshlari, qo‘ni-qo‘shni va mahalladoshlari orasida o‘z amakisini sotgan xoin degan “tavqi la’nat”ga duchor bo‘ladi. Natijada, u o‘z qishlog‘idan shaharga chiqib ketadi. Asossiz qasosga uchrash, beayb mayib bo‘lish alamlari filmdagi Haydar aka misolida ham ochib beriladi. Farhodning otasi o‘z farzandining “qilmish”i  sabab qamalgan ukasining oilasi boshiga tushgan qayg‘u uni ikki o‘t orasiga tashlaydi. Ota rolini ijro etgan Mashrab Kimsanov bu borada o‘z aktyorlik mahoratini ko‘rsatgan deyish o‘rinli. Bolasiga rostgo‘y bo‘lishdek, to‘g‘ri ta’lim bergan ota farzandiga nima deyishni bilmay ilojsiz qoladi. Noo‘rin qilingan xatti-harakatga to‘g‘ri tanbeh berish va shu haqda xulosa qilish qiyin kechadigan holatga tushgan ota sekin “yo‘qol” deya oladi xolos. Inson ba’zan o‘zi istamagan ishni qilishiga, o‘zi xohlamagan gapni aytishga majbur bo‘ladigan holat uni qiynaydi. Bu “Ufq” romanidagi Ikromjonning o‘g‘li Tursunboyga o‘q uza turib “xayriyat, tegmadiya” degan gapiga yoxud “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasidagi Ulug‘bekning “Ey Feruzam, seni seva-seva taloq qilurman” degan nidosiga o‘xshab ketadi. Farhodni qishloqda turishi aka-uka oilasi orasida ziddiyatlarga sabab bo‘lishini anglagan ota harbiy xizmatda birga bo‘lgan safdosh do‘stining qo‘liga topshirib o‘qish va o‘qitishga ko‘maklashishini iltimos qiladi. Buni Farhod keyinchalik anglab etadi.

Filmda ikkita tugun bo‘lib biri aroq sotish badaliga moddiy manfaatdorlik ko‘rish bo‘lsa, ikkinchisi fahsh ishi bilan qo‘shmachilik qilgan ayolning o‘zi va qizi sabab fojiaviy mojarolaridir. Ba’zan istihola va iymanish sabab o‘zi haq bo‘lsada, haqligini isbot qilmay asossiz qasosga uchragan nohaqlik qurboni bo‘lgan Haydar otaning hayoti dahshatli manzaralarda ochib beriladi. Ot-obro‘li mahalla oqsoqolining qiyofasi go‘yoki, muqaddas avliyo sifatida gavdalanadi. U yosh Farhodning yonida nohaqlikka bardoshli bo‘lish har qanday vaziyatda o‘zini yo‘qotmaslik, esankiramaslik haq so‘zdan, haq yo‘ldan og‘ishmaslikka da’vat etib unga dalda bo‘lib yuradi. Har ikkalasining ham hayotidagi beayb mayib bo‘lish iztirobi o‘xshab ketsada, ularning o‘sha holatga javobi ikki xil tarzda kechadi. Haydar ota uni sukut bilan engsa, o‘zini soqovlarday tutsa, Farhod esa jangovarlik bilan “pichoqni oldin o‘zingga ur, og‘rimasa birovga ur” qabilida ish tutib o‘z raqibiga javob zarbasini beradi. Film yoshlarni ilm-ma’rifatga chorlash orqali o‘z maqsadi yo‘lida intilish va izlanish zaruratini his etishga undaydi. Filmda katta yoki kichik obraz o‘ziga yuklangan ma’noni to‘la ifoda etibgina qolmay, tomoshabinga o‘zining ruhiy hissini ham o‘tkazadi.

Har bir obraz ijrochilari o‘zlariga berilgan rolni obdon o‘rgangan, aql va tahlil chig‘irig‘idan o‘tkazgan, qisqasi, obrazni ochib berishda o‘z mahoratini ko‘rsata olgan. Bu borada Farhodning yoshligini ijro etgan Doniyor Jasurbekov va uni yigitlik paytini ijro etgan Rahim G‘ofurov va Haydar ota(Ubaydulla Omon)lar haqida ham shu fikrlarni aytish mumkin. Filmda taniqli san’atkorlar Mirza Azizov, Mavluda Axmedova, Nargiza Abdullaeva, Baxtiyor Qosimov, Gulchehra Nosirova, Nargiza Borisova, Fathulla Mas’udov va boshqalar o‘z rollarini sidqidildan mahorat bilan ijro etishgan.

Film nihoyasida begona kim degan savol ko‘ndalang qo‘yiladi. Ixtiyorning qing‘ir ishlarini bilib uni ogohlantirmasdan unga yaqin bo‘lib manfaat ko‘rib yurganlarmi yoki to‘g‘ri gapni aytib amakisining qilmishiga pushaymon qildira olgan jiyani Farhodmi?

Film tomoshabinning o‘zi xulosa chiqarishiga undovchi yakun bilan tugaydi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.