9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Burchdorlik muhabbati

notiq.uz > Kino  > Burchdorlik muhabbati

Burchdorlik muhabbati

Har qanday film taqdimoti oldidan ijodiy guruhni hayajon chulg‘ab olishi tayin. Qanday bo‘larkan, premera qanday o‘tarkan, tomoshabinlar qanday qabul qilarkan, taqdimotdan so‘ng ommaviy axborot vositalaridagi fikr-mulohazalar va filmning namoyishi qay yo‘sinda davom etarkan, degan savollar film ijodiy guruhining fikru zikrini qamrab olishi aniq.

“Burch va muhabbat” nomli badiiy film premerasi bois Alisher Navoiy nomli kinosaroydamiz. Rejissyor Ozod SHamsning navbatdagi filmi. Samariddin Xalilovning “Zulmat zanjiri” nomli detektiv qissasi asosida suratga olingan ushbu badiiy filmni bir necha daqiqalardan keyin tomosha qilishni boshlaymiz. Xo‘sh, mavzuning dolzarbligi va axloqiy-tarbiyaviy masala qanday qo‘yilgan va qanday ijro etilgan? To‘g‘ri, kino kollektiv ijod mahsuli. Bir yoqadan bosh chiqarib rejissyorning ko‘zi, aqli bo‘lib mavzuni ochishga xizmat qilgan aktyorlar guruhiga baho berish vaqti yaqinlashayapti.

Taqdimot oldidan filmda qo‘shiqlari yangragan umidli san’atkorlardan “Nihol” mukofotining sovrindori Dilnoza Akbarova “Oqshomdan tonggacha, tongdan oqshomgacha kuylayman” qo‘shig‘i bilan chiqish qildi. So‘ngra O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Bekmurod Jo‘raev “Sog‘inganman seni, dildorim, Tushlarimga kirgin, nigorim” qo‘shig‘ini  yangratdi. Filmga ishlangan soundtrekning ijrochisi Jasur Jabborov sahnaga kirib keldi va filmdagi qo‘shig‘ini ijro etdi.

Film Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasining tashabbusi bilan suratga olingan. Premera boshlandi. Mahoratlik boshlovchilar Umidbek va Ra’noxon film mohiyati haqida kirish so‘zi qilganlaridan keyin ijodiy guruhni sahnaga taklif etishdi. So‘ngra polkovnik Abdurahim Xalilov “Ogoh” gazetasining bosh muharriri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Samariddin Xalilov ijodining serqirra va samarali ekanligini o‘z nutqida qayd etib o‘tdilar. Hatto, militsiya xodimi rolida chiqishi ham bu boradagi ilk qadami ekanligini e’tirof etdi.

Har bir inson hayotida farz, qarz va burch tushunchalari bor. Bularning barchasi mas’ullik tushunchasi bilan uyg‘unlashadi. Insonning mas’uliyati va majburiyati ana shu tushunchalarga munosabati bilan belgilanadi. Inson irodasini sinash uning o‘z vazifasiga sadoqati, burchini his etishi va yoriga muhabbati bilandir. Doniyor ismli yigit ichki xizmat xodimi, samimiy niyatli, o‘z ishiga sadoqatli, militsionerlik kasbini, burchini yaxshi idrok etadi. Onasi, ukasiga mehr bilan qaraydi. O‘g‘il o‘stirib, uylantirib kelin ko‘rish orzusi bilan yurgan onaizorning tuyg‘ularini tushunish mumkin. Har qanday foydasizlikda ham foyda bor degan aqida bilan ish ko‘ruvchi Og‘abek kabi razil, g‘arazli niyatlari uchun hech narsadan tap tortmaydigan kimsalar to‘dasiga qarshi kurashadi. SHu yo‘l bilan o‘z militsionerlik burchini har narsadan ustun qo‘yadi. Onasining qistovi bilan bir qizga ko‘ngil qo‘ygan Doniyorning xizmat burchi va sevgilisiga bo‘lgan muhabbati doimo murosa qilavermaydi. YO uni, yo buni de degandek arosatda qoladi ba’zan. Xalq tinchligi va osoyishtaligi barcha maqsadlarning, orzu-umidlarning ro‘yobi ekanligini anglagan Doniyor o‘z xizmat burchida sobit turadi. O‘z sevgilisiga muhabbatini xizmat burchiga bo‘lgan sadoqat bilan uyg‘unlikda ko‘rgan Doniyor ichki ishlar tizimidagi rahbarlarining ishonchini ham qozonadi. SHu yo‘lda jonini qurbon ham qiladi. Doniyorning ichki hissiyotlarini, iztiroblari va quvonchlarini kinotasmada mahorat bilan gavdalantira olgan SHerali Ortiqovga alohida tahsinlar aytsa bo‘ladi. Tohir Saidov (Og‘abek), Arslon (Rajab)lar ham o‘z rollarini yuksak san’atkorlik iqtidori bilan ijro etishgan. SHuningdek, Fathulla Mas’udov, Mehriddin Rahmatovlar ichki xizmat xodimlariga xos sergaklik, g‘ayrat-shijoatni, tezfahmlik va tezkorlikni ijro mobaynida to‘la namoyon eta olishgan. Xullas, insoniylik yorga va diyorga, ota-ona va yurtdoshlarga bo‘lgan muhabbatdan kelib chiqishi, bular orasiga “Xitoy devori” qo‘yib bo‘lmasligi borasidagi hayotiy va badiiy haqiqat film zamiriga jo bo‘lganligini ilg‘ab olish qiyin emas. Inson faoliyatining ikki qanoti borki, biri xizmat vazifasiga burchdorlik, ikkinchisi esa yaqinlariga bo‘lgan mehrdir. Ana shu birlik har bir insonning hayotda, jamoadoshlari orasida o‘rin tutishi va e’tibor qozonishiga sabab bo‘ladi. U dunyoni deb bu dunyodan, bu dunyoni deb u dunyodan voz kechish komillik nisbatiga zid mazmunidagi ajdodlarimiz o‘giti bejiz aytilmagan. Har ikkalasiga burch va muhabbatga mas’ullik tuyg‘usi  barkamol insonning qalbu qiyofatini belgilovchi mezon ekanligi alohida uqtiriladi filmda. Film kartinalarini tomosha qilishda uning suratga olinishida postanovkachi tavirchining xizmatlari yuqori bo‘lganligi sezilib turibdi. Bosh tasvirchi Dilshod Azimovga xos sinchkovlik, rakursni, chiroqlarni to‘g‘ri qo‘ya olish, tasvirning holat, personaj ruhiyati bilan uyg‘un ravishdagi ifodasiga erisha olishi unga muvaffaqiyat keltirganligini ta’kidlash o‘rinlidir. SHu bilan birgalikda filmni yanada ta’sirchan, mazmunli va mantiqan pishiq bo‘lishiga asos bo‘luvchi ayrim mulohazalarni keltirish foydadan xoli emas. Bosh qahramon Doniyorning sevgilisi bilan bo‘lgan muhabbatiga doir ayrim manzaralar to‘laroq yoritilganida boshqacha bo‘lardi. Nazarimizda, xuddi shu muhabbat liniyasi sal xira tortgandek. Bir-ikki marotaba uchrashuvga chiqishning o‘zi yolqinli muhabbat degani emasku, axir. Uni xiyobonda kutib turishidan tashqari va qizning Doniyorga bo‘lgan muhabbatini aks ettiruvchi ba’zi bir kartinalar bilan boyitilsa, film yanada yutgan bo‘lardi. Oltinoyning qismatiga doir lavhalar ham to‘laroq aks ettirilmaganday, nazarimizda.  Bitta oilaga bitta militsiya etadi deb turgan, ikkinchi farzandining ham shu sohani tanlayotganiga norozi bo‘lib turgan onaizor(SHahodat Ismoilova)ning  o‘g‘li o‘limidan so‘ng kechgan voqealarni xotirlab aytadigan so‘zlari unchalik ishonarli chiqmagandek. Ovozlashtirish jarayonida biroz nuqsonlarga yo‘l qo‘yilganligini e’tirof etmaganda, film ijodkorlari o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga to‘la erishgan, deyish mumkin. Davlatimiz rahbaning “militsiya ham oddiy inson, lekin hamma ham militsiya bo‘lolmaydi” — degan fikrlariga monand ravishda va o‘sha mulohazaning asosi sifatida ushbu film ahamiyatli va mohiyatlidir. Film ijodkorlariga, xususan, filmning prodyusseri, ssenariy muallifi Samariddin akaning keyingi ishlarida ham omad va iqbol ularni doimo qarshilasin deb qolamiz.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.