Fidoyilik shaydoyilikdan boshlanadi
Har bir oliy o’quv yurtining poydevori albatta undan oldingi ta’lim bosqichi hisoblanadi. Xuddi shu ma’noda Toshkent madaniyat kolleji o’z yo’nalishi bo’yicha qator mutaxassisliklar tayyorlaydigan ta’lim muassasalaridan biridir. Mazkur kollej 1992 yilda “Havaskor kino-foto, video studiya rahbari”, 2002 — yilda “Kino-foto, video studiya rahbari”, 2003 yilda “Kinoteleoperatorlik”, 2011-yildan boshlab “Tele-video operatori” yo’nalishi bo’yicha kadrlar tayyorlab kelmoqda.
Hozirgi vaqtda “Tele-video operatori” ta’lim yo’nalishi bo’yicha kadrlar Toshkent madaniyat kolleji hamda Respublika televidenie va radio kollejida ham tayyorlanmoqda.
Toshkent madaniyat kolleji “Tele-video operatori” ta’lim yo’nalishida taxsil olayotgan o’quvchilar boshqalardan farqli o’ziga xos ijodiy qobiliyati, nozik did va boy madaniy tasavvurga ega kadrlar tayyorlanadi.
Shuningdek, mehnat va ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining klassifikatoridagi ishchi kasblar ro’yxatida va ish beruvchi tashkilotlarning shtatlar jadvalida mazkur kasblar o’rganilib, bugungi kunda respublikaning boshqa o’rta maxsus ta’lim muassasalarida “Kinooperator” sohasi bo’yicha kichik mutaxassislar tayyorlanmasligi aniqlandi.
Amaldagi O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tayyorlov yo’nalishlari, kasb va ixtisosliklar bo’yicha umumdavlat tasarrufida “Tele-video operator” kasbi bo’yicha tayyorlanadigan mutaxassislar bugungi kunda asosan O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining kanallarida va “O’zbekkino” Milliy agentligi kinostudiyalarida faoliyat yuritmoqdalar.
Toshkent madaniyat kolleji iqtidorli o’quvchilari O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutidagi “Kinoteleoperatorlik” yo’nalishida o’qishlarini davom ettirib yetuk mutaxassislik kasb egasi bo’lib yetishib chiqmoqda.
Kinoteleoperator badiiy filьm tasviriy-plastik yechimini hal eta turib suratga olish ishlarini tashkil qiluvchi shaxs hisoblanadi. Uning ijodiy izlanishi filьm mohiyati va mazmunini shakllantiruvchi shaxsligini alohida ta’kidlash zarur. Yuqorida qayd etilgan xolatlarni xisobga olsak, Toshkent madaniyat kollejida “Kino-teleoperatorlik” tayyorlov yo’nalishidagi kinooperator kasbiga “Kinoopertator assistenti”, “Badiiy fotografiya ustasi”, “Film montajchisi” ixtisosliklarini kiritib, 2015-2016 o’quv yilidan ushbu ixtisosliklar bo’yicha mutaxassis tayyorlashga e’tibor qaratilishi tarafdorimiz . Hamda yuqorida qayd etilgan ixtisoslik shu o’quv yurtida qolishi zarur deb xisoblaymiz. Yuqoridagi mulohazalar bevosita va bilvosita “Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati” kafedrasi mudiri professor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, kinooperator-kinorejissyor A.I.Ismoilov, “Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati” kafedrasi katta ilmiy-xodim izlanuvchisi, katta o’qituvchi, kinooperator-kinorejissyor I. Meliqo’ziev hamda “Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati” kafedrasi o’qituvchisi K. Xidirovalarga daxldordir. Ular izidan borib qator badiiy filьmlari bilan keng jamoatchilikning e’tiboriga sazovor bo’layotgan Izzat Qalandarovning bugungi kundagi faoliyati xuddi shu kollej bilan bog’liq bo’lsada, u qator filьm va seriallar ustida bosh qotirmoqda. O’zi singari tirishqoq va izlanuvchan shogirdlar tayyorlashga astoydil kirishgan. Uning ilk badiiy filьmi barchada yorqin taassurot qoldirgan. Bu giyohvandlikka qarshi kurash mavzuida tayyorlangan “Qora ilon” badiiy filmidir.