9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

«QORA ILON» QILMISHI

notiq.uz > Kino  > «QORA ILON» QILMISHI

«QORA ILON» QILMISHI

Har qanday davlatning, jamiyatning  iqboli,  istiqboli sog‘lom va har tomonlama barkamol avlod bilan ekanligi haq. Avlodning sog‘lom bo‘lishi naslning tozaligi, sulolaning barhayotligi belgisidir.

Insoniyat hayotiga qutqu soluvchi, naslning kushandasi, asr vabosi sifatida e’tirof etiluvchi giyohvandlik bugungi kunda butun dunyoni tashvishga solayotgani rost. Er yuzidagi insoniyat uchun katta xavf tug‘diruvchi bu illatga qarshi kurash hammaning diqqat markazida. CHegara bilmas, millat tanlamas ushbu illatning oldini olish va unga qarshi kurashning har xil chora-tadbirlarini qo‘llash hamon dolzarbligicha qolmoqda. SHuning uchun ham har yilning 26 iyuni BMT tomonidan “Butun jahon giyohvandlikka qarshi kurash kuni” deb e’lon qilingani bejiz emas.

Mustaqil respublikamizning ertasi o‘sib kelayotgan yosh avlod va uning sog‘lomligi, intellektual qobiliyati bilan bog‘liq. SHunday ekan, mustaqilligimizni mustahkamlashda har tomonlama kengqamrovli bilimga ega, jismonan sog‘lom avlodgina yurtning tayanchi va suyanchi bo‘la oladi. YUrt tinchligi va osoyishtaligiga xavf soluvchi illatlarga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining alohida xizmatlari borligi, shubhasiz.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tashabbusi bilan “IQtidor” videostudiyasi hamkorligida suratga olingan “Qora ilon” filmi ham ana shu zahmatli jarayonda ichki xizmat xodimlarining faoliyati haqida hikoya qiladi.  Film  xuddi shu ma’noda giyohvandlik va uning zararli oqibatlari borasida tomoshabinda muayyan tasavvur uyg‘otibgina qolmay, balki bu illat keltirib chiqargan kulfatga nisbatan nafrat tuyg‘usini ham uyg‘otadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan tayyorlangan ushbu film o‘zining axloqiy-tarbiyaviy  jihati bilan ahamiyat kasb etibgina qolmay, har bir kishida o‘zi va atrofidagilarga mas’ullikni kuchaytiradi va har birimizni hushyorlikka, ogohlikka chorlaydi.

Iroda sustligi sabab birovlarning ta’siri va zug‘umi ostida ojiz qolgan Mansurning boshidan kechirgan voqealar, adashish iztiroblari bois qilmish-qidirmishlari filmga asos qilib olingan. Biri biridan shirin ikkita farzandning otasi, guldek turmush o‘rtog‘i va ota — onasi bag‘rida o‘sib shiringina turmush qurib kelayotgan Mansurning ojizligi, irodasining bo‘shligi uning adashishiga sabab bo‘ldi. Ota — onaning maslahatiga itoat etib, farzandlari va turmush o‘rtog‘ini jonidan ortiq ko‘radigan Mansurning bunday kuyga tushishiga sabab nima va kim? Filmni tomosha qilgan har bir kishi ana shu savollarga javob izlashi tayin. Narkokurer YAshin va sinfdoshi Qobilning kirdikorlari zanjiriga tushib qolgan Mansur giyohvandlik dardiga mubtalo bo‘libgina qolmay, balki o‘g‘ilchasi va qizchasining qotiliga aylanadi, ota-onasining iztiroblar iskanjasida vafot etishiga va turmush o‘rtog‘i Sanobarning ruhiy kasallikka chalinishiga sabab bo‘ladi. Noto‘g‘ri tashlangan qadam, iroda zaifligi uni gumrohlik girdobiga tortadi. Oqibatda u uzoq muddatli jazo muddatini o‘taydi. Ko‘zi ochiladi, ammo kech. Oiladagi pand-nasihatlar, otasining o‘git va maslahatlari ham unga kor qilmaydi, onasining nolai zorlari ham unga ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. Nafs tizginini jilovlay bilmagan Mansur manfur kishilarning makru hiylasiga uchadi, giyohvandlikka duchor bo‘ladi. Filmning bosh qahramoni Mansur rolini umidli aktyorlarimizdan biri Kamol Bobonazarov mahorat bilan ijro etgan. U shu paytgacha bir necha filmlarda epizodik rollarni ijro etgandi. Uning badiiy filmdagi birinchi bosh roli muvaffaqiyatli chiqqanligini ta’kidlash kerak.

Usta Olim hayotiy tajribaga ega, imonli inson, farzandi va nevaralarini jonidan ortiq yaxshi ko‘radi. Oilaparvar donishmand ota. U diniy va dunyoviy ilmni ham o‘ziga xos qadriga etadi. Iqtidorli san’atkor va murabbiy Bahodir Nishonov ijrosida ota roli yanada maromiga etgan. Mushtipar onaizorning siymosi esa Vazira YUnusova talqinida ancha jonli va haroratli chiqqan.

Filmdagi YAshin obrazi salbiy obrazlarning tipik timsolidir. U Mansurning otasi usta Olimning zargar ekanligidan voqif bo‘lgach, uning orttirgan dunyosi ko‘p bo‘lishi kerak degan niyat bilan uni giyohvandlikka mubtalo qiladi. Imoratini bitmay qolgan duradgorlik ishlarini oxiriga etkazish ma’nosida asta – sekin uni o‘z domiga tushirib ilon singari komiga torta boradi. Uning atrofidagi bir nechta gumashtalari giyohvand moddalarning biznesi bilan shug‘ullanarkan, g‘arazli maqsadlarni amalga oshirib, boylik orttirish payida har qanday yovuzliklardan ham qaytishmaydi. YAshin rolini qoyil maqom qilib ijro etgan YAshin Xo‘jamov ham yosh iqtidorli aktyorlardan biri. SHuningdek, filmda uning hamtovoqlari rollarini ijro etgan Ma’ruf Otajonov, Jamshid Rayimbekov, Zebo Jo‘raeva, Guli YUsupova, Mushtariy Rajabovalarning asar g‘oyasini ochishda alohida o‘rni borligini ta’kidlash kerak.

Bularga qarshi kurashda huquq-tartibot xodimlari rolini ijro etgan Uchqun Tillaev, G‘olib Habibullaev, SHerzod Hayitboev, Ortiq Nuriddinov, Olim Akbarov, SHohruh Kamolovlarning mahoratini e’tirof etmasdan bo‘lmaydi. Aktyorlarning har biri o‘ziga biriktirilgan rolni o‘ta mas’uliyat va zavq-shavq bilan ijro etishgani tomoshabinning e’tiborini tortmasdan qolmaydi. Taniqli olim va teleboshlovchi Rahimboy Jumaniyozov va iste’dodli jurnalist Karimboy Qo‘chqorovlarning film ssenariysini puxta ishlab chiqqanligi shundoq sezilib turibdi. Ayniqsa, R. Jumaniyozovning prodyuserlik mahorati hamda postanovkachi rejissyor Olim Sulaymonovning sa’yi harakatlari filmdagi g‘oyaviy maqsadning ro‘yobga chiqishida o‘z samarasini bergani aniq.  Filmni tasvirga tushirish jarayonida tasvirchilarning nigohi, malakasi alohida o‘rin tutgan. Bu borada bosh tasvirchi Izzat Qalandarov va Hasan Jalilovlarning xizmatlari e’tiborlidir. Montaj va dublyaj ishlarini amalga oshirishda Akbar Insopov va Botir Matkarimovlarning zahmatli mehnati beqiyosdir. Xullas, film namoyishida butun ijodiy va texnik guruhning yakdilligi va hammaslakligi  tantana qilganligini aytib o‘tish o‘rinlidir.

Film ijodkorlari beminnat ko‘rsatgan yordamlari uchun Ortiqjon Abdurahmonov va Hamidulla Azimovlarning xonadonlariga o‘z minnatdorchiligini izhor qiladi.

Qora ilon – ramziy atama. Film boshida Mansurning otasi Usta Olim o‘g‘liga qarata bir hikmatni keltiradi. “Meni menda demang, menda emasman, bir men bordur menda, mendan ichkari”.  Insonning yurishi, turishi, eyishi, qarashi, kurashi bir so‘z bilan aytganda, yashashini boshqarib turuvchi “men ichra Men” bu uning nafsidir.  Uning quliga aylanganlarning oqibati ham, oxirati ham kuyuk. Nafs bu inson ichidagi ilondir. Uning o‘pqoniga tushganlarning  holiga maymunlar yig‘lashi aniq. O‘z nafsini jilovlay olmay, aql bilan emas his-tuyg‘uga erk bergan kimsaning kulfati Mansur va YAshinning hamtovoqlari qiyofasida namoyon bo‘ladi.

O‘zlikni topish o‘zlikni engish hisobigadir. Alisher Navoiy xuddi shu ma’noda “El netib topqay menikim, men o‘zimni topmamon” –deyishi bilan haqlidir. Odamzot tabiatidagi uning talab va ehtiyojlari bilan bog‘liq tushunchalardan o‘zni tiya bilish nafs ustidan g‘alabadir. Muhammad payg‘ambar hazrat Aliga qarata “Oldimizda katta jihod turibdi, bu insonning o‘zini o‘zi engishidir” –deydi. Navoiy hazratlari esa “Vaqfiya” asarida shunday hukm chiqaradi.

To hirsu havas xirmani barbod bo‘lmas,

To nafsu havo qasri baraftod bo‘lmas,

Zulmu sitam el joniga bedod bo‘lmas

El shod o‘lmas, mamlakat obod bo‘lmas.

 

Qora ilon – qora qilmishlar sababchisi. Qora ilon – manfur narkokurer YAshin va uning hamtovoqlari. Qora ilon inson vujudiga, tanasiga ixtiyoriy yoki g‘ayri ixtiyoriy tarzda singdiriluvchi og‘u timsolidir.

Filmning bir o‘rnida  “Ilonni har qancha qilsang tarbiyat

Oxir zahrin sochib etkazar zahmat,

Nokas tabiati ilon kabidir

YUzin ko‘rmaslikka etgil harakat. ­–  deyilishi ham

bejiz emas.

 

Filmning tarbiyaviy ahamiyati shundaki, tomoshabin filmdagi har bir hodisaga, har bir qahramon qismatiga befarq bo‘lmasdan o‘ziga yarashli xulosa chiqazishga intiladi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.