BOBUR YO‘LDOSHEV: ODDIYLIK VA SAMIMIYLIKNI YOQTIRAMAN
Bobur Yo‘ldoshev, kino va teatr aktyori. 1979 yil 16 yanvarda tug‘ilgan. 1993 yildan 1998 yilgacha Respublika YOshlar teatri qoshidagi Nabi Abdurahmonov rahbarligidagi teatr-studiyada tahsil olgan. 1998-2002 yili Mannon Uyg‘ur nomidagi teatr va rassomchilik institutida kino va drama aktyorligi (Xalq artisti SHuhrat Abbosov murabbiyligida) kursida tahsil olgan. Uchta farzandning otasi.
— Teatr sahnasi bo‘lsin, kino tasmasi bo‘lsin undagi “hayot” o‘zining intrigalarga boyligi va kishini hayajonlantirishi bilan doimo diqqatni tortib keladi. Aks etgan hayotning tomoshabin ko‘z o‘ngida jonlantirishda ssenariy muallifi, rejissyor va aktyordan tortib, rassom—u dekoratorgacha bo‘lgan barchaning xizmati, o‘z o‘rni bor. Rejissyorning g‘oyaviy maqsadi, didi va fantaziyasiga muvofiq qaysi aktyor qanday rolni ijro etishi, aniqrog‘i, ijro eta olishiga qarab obrazlar taqsimlanadi. Men u rolni, bu rolni ijro etaman degan xohishdan ko‘ra, asar maqsadini bir butun, yaxlit holda ko‘ra olgan rejissyorning nozik ta’bi va mahorati hamisha ustun keladi. SHu nuqtai nazardan olganda, aktyorlar turli xarakterdagi, turli kasbdagi kishilar rolini ijro etadi. Jumladan, salbiy yoki ijobiy xarakterdagi oddiy fuqaroning ham harbiylarning rolini ham ijro etishga to‘g‘ri keladi. Boburjon, sizning ijrongizda ham harbiylar, jumladan huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlarining rolini mahorat bilan ijro etish ko‘zga tashlanadi.
— To‘g‘ri, oldin ham xuddi shunday yo‘sinda kichik rollar ijro etganman. Lekin, asosan “Sardor”, “Ostona”, “Vatan”, “Tahdid” va “Qo‘rg‘oshin” kabi filmlardagi rollarim bilan tomoshabinlarning e’tiboriga tushdim deyishim mumkin. Harbiylarning hayotini tasavvur etmasdan rol ijro etish qiyin ekan. Oldin rosa o‘rgandik, sohaga taalluqli kitoblarni titib chiqdim. Qanday obraz bo‘lmasin, avvalo u o‘z qiziqishi, dunyoqarashi, o‘ziga xos tabiatiga, xarakteriga ega bo‘lgan inson. U muayyan maqsad bilan harakat qiladi. SHuni anglab olganingizdan keyingina hammasi oson kechadi.
— Tan olish kerakki, bularning ichida “Qo‘rg‘oshin” badiiy filmi ancha jonli chiqqan. SHuning uchun ham film Fond Forum tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Oltin gepard” Birinchi Toshkent Xalqaro kinoforumining bosh sovrini — “Eng yaxshi film” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. O‘tgan asrning 50-yillarida o‘zbek xalqi boshidan kechirgan qatag‘on davrning mudhish voqealarini aks ettirgan ushbu filmni suratga olinishi sizni qiynab qo‘ymadimi?
— Har bir filmning suratga olinishi o‘ziga xos mashaqqatli bo‘ladi. Ana shu qiyinchiliklarni enggandagina yutuqlarga erishiladi. To‘g‘ri, biz u davrni ko‘rmaganmiz. Faqat, kinolarda ko‘rib, kitoblarda o‘qiganmiz, xolos. NKVD faoliyatiga doir ko‘p kitoblarni o‘qishimga to‘g‘ri keldi. Sizga erish tuyulishi mumkin rostini aytganda o‘ndan ziyod ilmiy, badiiy adabiyotlar topib o‘qidim. Internetga kirib kerakli ma’lumotlarni o‘rgandim. Film rejissyori Zulfiqor Musoqov bilan ko‘pgina narsalarni muhokama qilib olardik. Qatag‘on davri siyosati va undan ko‘zlangan maqsadni sinchiklab to‘la o‘rganmasdan bu ishga kirishish mushkul edi, albatta. Ikki oy tinimsiz repetitsiya qildik. Bu rolga “proba”ga Nozim aka To‘laxo‘jaev, Karim Mirhodiev singari bir nechta aktyorlar ham jalb etilgandi. Nihoyat kengashda mening nomzodim ko‘rsatildi. U paytda men ancha to‘la edim. Aniqrog‘i, vaznim 102 kilogramm edi. Uzluksiz jismoniy mashq va parhez asosida men 11 kilogrammga ozdim. Rejissyor shunday qilmasa bo‘lmasligini aytdi. Aktyor ham doim “formada va normada” bo‘lishi kerak, xuddi sportsmenga o‘xshab. Uning uchun teatr sport maydoni. Doimiy jismoniy mashq kerak. Buni kundalik odat deb bilmaguncha va unga amal qilmaguncha murod hosil bo‘lmaydi. O‘zaro suhbatlarimizda ham ularning ruhiga kirib gaplashib yurdik, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Rejissyorga ko‘p narsa bog‘liqligini yana bir bor angladim. U qahramonning qaysi vaziyatda, qanday deyish va qay holatda bo‘lish, qanday harakat qilishini mantiqan asoslab berar va tushuntirardi. Bu ishdan aslo, charchamas va undan dilida zavq-shavq tuyardi.
— Aktyor har bir obrazning maqsadli harakatini, qiyofatini albatta, qalb prizmasidan o‘tkazishi kerak deyishadi. SHunga qanday qaraysiz?
— To‘g‘ri gap. Obrazga yuklangan asosiy maqsadni, uning asardagi o‘rnini o‘z ichingizdan, dilingizdan o‘tkazmasangiz, u tabiiy ham, jonli ham chiqmaydi. Uni tahlil chig‘irig‘idan o‘tkazish kerak. Teatrda bir muncha oson. Qaysiki ma’noda, rol o‘ynaganingizda har gal spektakl qo‘yilganida mukammallashtirib borishga imkon bor. Pishmagan joyini pishirasiz, maromiga etkazasiz, to‘ldirasiz, boyitasiz. Kinoda esa qiyin. CHunki, unga bir marta tushasiz, manguga qolib ketadi. Qanday tushgan bo‘lsangiz bo‘ldi, o‘shanday qotadi, xuddi rangli bo‘yoqday. To‘g‘rilab, o‘zgartirib bo‘lmaydi.
— Ijro etgan rollaringizdan qoniqasizmi?
— Teatrda ijro etgan rollarimdan bir muncha qoniqish sezganman. Lekin kinodagi rollarim borasida biron narsa deyolmayman. SHu paytgacha qancha kinoga tushgan bo‘lsam, rollarimdan hali qoniqmaganman. Har gal tomosha qilganimda, u joyida bunday qilishim kerak, bu joyida bunday deyishim kerak edi deb kuyingan holatlarim ko‘p bo‘ladi. Aktyor mahoratini yig‘lash bilan, kulish bilan belgilab bo‘lmaydi. Hozir yig‘lab beraymi?(kuladi) Muhimi, tomoshabinning holati, e’tibori. Uni kuldirish va yig‘latish qiyin. Film muvaffaqiyati haqida so‘z ochilsa, men dastavval, tajribali rejissyor Zulfiqor Musoqovning nomini tutaman, qolaversa, men bilan birgalikda rol ijro etgan taniqli aktyorlar Temur Musoqov, Otabek Musaev, Kristina Toirova, Ra’no SHodievalarning nomlarini alohida ta’kidlagan bo‘lardim.
— Filmning aksariyat o‘rinlaridagi tasvirning oq-qora fonda berilishi ham tarixiylik va ta’sirlilik darajasini yanada oshirgan. Bu esa qatog‘on davr fojialarini tomoshabin ko‘zi o‘ngida ancha ishonarli chiqishiga sabab bo‘lgan. Asarning yozilishi va suratga olinish muddatini ham tasavvur etish mumkin.
— Asar muallifi, postanovkachi rejissyor ham Zulfiqor Musoqovning o‘zlari bo‘lib uni uch yil davomida yozgan. Adashmasam, filmning davomiyligi ikki soatu o‘n daqiqa bo‘lgan. Juz’iy qisqartirishlardan keyin tomoshabinlar hukmiga havola qilingani uning to‘rtdan bir qismi, xolos. Asar nomi ham boshqacha edi, menimcha “O‘lim mashinasi” deb yuritilardi. Filmning esa “Qo‘rg‘oshin” deb atalishi keyinchalik maqsadga muvofiq ko‘rildi.
— Ma’lumingizkim, hozirda davlat va xususiy studiyalarni birgalikda hisoblaganda, bir yilning o‘zida 70-80 ta kinofilm ishlanayapti. Ba’zilar kinoga tushish uchun intiladi shu rol o‘ziga mosmi, mos emasmi unisi bilan qiziqmaydi ham. Ishqilib, kinoda ko‘rinsa bo‘ldi. Hatto, rejissyorlarga yalinib-yolborib yurganlarni ham ko‘rganmiz, eshitganmiz.
— Gapirsam xafa bo‘lishadi-da. Mayli, haqiqat achchiq bo‘lsa ham aytish kerak. Baribir, to‘g‘ri tushunishadi, deb o‘ylayman. Bu holatni ayrimlarning tezroq tanilay degan tinchlik bermas “istagi”dan deb izohlashga to‘g‘ri keladi. Teatr tanitmaydi, kino ko‘proq tanitadi. Hammamiz ham olqishlarni, sharaflanishni istaymiz. Lekin arzon “obro‘” orttirish bilan emas. CHinakam mehnat bilan erishish tarafdoriman. Hali hanuz Nabi akaning studentiman, desam xato bo‘lmaydi. Hamon dars beradilar. Ba’zi bir gazetalarda men haqimda mish-mishlar ko‘p. Bunda asossiz, uydirma gaplar gazetaning tezroq va ko‘proq sotilishiga xizmat qilar balki, lekin kishining diqqatini oshirib, dilini xira qiladi. Oddiylikni, samimiylikni yoqtiraman. Sizni go‘yoki, mashhur qilish uchun bo‘lar-bo‘lmas narsalarni o‘ylab topishadi va to‘qib yozishadi. O‘zingiz haqidagi xabarlarni kimdandir eshitganingizda taajjubga tushasiz. YOlg‘onning umri qisqa. Gazetxonda, muxlislarda nima ayb? Nega ularni aldash kerak? Bor narsani yozishsa ham etadiku. Turli mish-mishlar ham san’atkor haqida har xil tasavvur uyg‘otadi. To‘g‘ri, meni ham kinoga taklif etishadi. Lekin, asosan Zulfiqor Musoqov filmlarida suratga tushaman. Unda maqsad, harakat va sifat bor. Deyarlik ular olgan barcha kinolarda o‘ynaganman. Moddiy tomoniga qiziqmayman. Kichik rol bo‘lsa ham esda qoladigan bo‘lsin. SHunchaki, ko‘rinish uchun chiqmaslik kerak.
— Ota-onangiz sizni san’atkor bo‘lishingizni orzu qilganmilar?
— Yo‘q, aslo. Ular mening kinoga kirib kelishimni bilishmagan ham hatto. 9 yoshimda onam dublyaj studiyasiga borganlarida men ham borib o‘sha erda o‘ynab yurardim. Kunlarning birida Alfiya opa meni ko‘rib qolib studiyaga probaga taklif etgan, men o‘tganman. Uydagilar bundan keyinchalik xabar topishgan. SHu bilan YAltaga ketvorganmiz. “Tush sotuvchisi” filmida rol ijro etganman. Teatrda esa 14 yoshimda Nabi Abdurahmonovga shogird bo‘lib tushganimdan keyin rollar ijro eta boshlaganman. Dastavval, ota-onam rozi bo‘lishmagandi. Keyin birdan ko‘nishdi. Hayron bo‘ldim. Nabi akaga olib kelib topshirishdi. Holat, harakat, so‘z, ovoz va jismoniy mashqlar tinimsiz ravishda boshlandi. Keyin bilsam, ota-onam Nabi akaga “shunday usul qo‘llaginki, uni qiynagin teatrning “t” harfini, kinoning “k” harfini ham aytmaydigan bo‘lsin, qanday bo‘lmasin uni bezdirgin” -deyishgan ekan. Bu harakatlar, tinimsiz mashqlar esa aksincha, mening teatrga bo‘lgan ixlos-e’tiqodimning oshib ketishiga sabab bo‘lgan. SHundan boshlab hayotim, faoliyatim san’atga bog‘lanib qoldi. 14 yil o‘qidim. Hozir ham o‘qiyapman. (kuladi)
— Ustoz san’atkor, el ardog‘idagi inson Bahodir aka Ahmedov va dublyaj san’atining yirik namoyandasi Rimma opa Ahmedovadek insonlarning farzandi bo‘lishning o‘zi baxt. Ularning o‘zbek teatr va kino san’atiga qo‘shgan hissalari katta. Rahmatlik onaizoringiz ruhlari shod bo‘lsin Rimma opa ovoz bergan filmlardagi rollar barchaning hanuzgacha e’tiborini tortadi. Bunday fazilatga ega bo‘lish uchun san’at ishqi bilan yonish, kuyish zarur nazarimda. Biron kasb egasi bo‘lishda ota-onaning yo‘l-yo‘riq, maslahatlari haqida nima deysiz.
— Nafaqat kasb egasi bo‘lishda, balki hayotda ham ularning nasihat va maslahatlariga doim muhtojmiz. Nima qilishdan oldin yaxshilab o‘ylab ol! Dadamning doimiy o‘gitlaridan biri shu. Odam hayotda har xil holatga tushadi. Suyunadi, kuyunadi. Jahli chiqadi. Qo‘pollik, muloyimlik uning tabiatida bo‘ladi. Bularning barchasi odamning o‘ziga bog‘liq. “Jahling chiqsa, o‘zingni bosib olib o‘n oltigacha sana” — deydilar doim. Imkon boricha, shunga amal qilaman. Qiziqqonlik bilan bir ishni qilib qo‘yasiz-u, keyin umr bo‘yi afsuslanib yashaysiz. Bundan og‘iri yo‘q.
— SHu fikringizga monand bir rivoyat yodga tushdi. Qadimda Turonzaminda bir-biriga mehr qo‘ygan yigit va qiz sevishib turmush qurishadi. Bir necha oy birga ahillikda yashashadi. Ittifoqo, ona-yurtga bosqinchilarning tajovuzi haqidagi xabar tarqaladi. Ko‘pchilik yigitlar qatori u ham vatan himoyasiga otlanadi. SHunda sevgilisi unga qarab “men sizni betoqatlik bilan kutaman, yo‘lingizga intizorman, sizdan bo‘lak menga hech kim kerak emas”- deb hijronni bo‘yniga oladi va uni kuzatib qoladi. Oq yo‘l tilaydi. Urush uzoq yillar davom etadi. Qirq yil urush bo‘lsa ajali etgan o‘ladi, deganlaridek, u sog‘-omon yigirma yildan so‘ng jonajon qishlog‘iga qaytadi. Yo‘lda unga bir donishmand chol uchrab, “uch tanga bersang, evaziga senga bir nasihat aytaman, hargiz pushaymon bo‘lmaysan va uzoq yashaysan”- deydi. Yigit “mayli”- deb uch tanga beradi. CHol unga “g‘azabing toshib, bir ish qilmoqchi bo‘lsang, ichingda o‘n oltigacha sana”- deb nasihat aytadi. Va u yo‘l yursa ham mo‘l yurib, tun yarmida uyiga yaqinlashadi. Vaqt allamahal bo‘lsada, chiroq yonib turganiga taajjubga tushib, derazadan sekin mo‘ralaydi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, “sizdan bo‘lak hech kim menga kerakmas”- degan ayoli barvasta qomat kelishgan bir yigitning boshini ko‘ksiga qo‘yib sochlarini silash bilan mashg‘ul edi. Darg‘azab bo‘lgan er og‘ilxonadan boltani olib keladi-da, har ikkalasini ham chopib tashlayman degan niyatni qiladi. SHu tobda cholning “g‘azabing toshganda ichingda o‘n oltigacha sana”- degan nasihati yodiga tushadi. Sanay boshlaydi. Ichkaridan ayolning ovozi eshitiladi, “otang urushga otlanganda xuddi sendek yoshda edi, uni olloh bizga ko‘p ko‘rdi, bolaginam”- degani hamonoq, erning qo‘lidagi bolta tushib ketadi. U ichkariga kirib benihoya xursand bo‘lgancha, o‘g‘lini va ayolini bag‘riga oladi.
— Aytmoqchisizki, ko‘plab qotillik jinoyatlari ana shu qiziqqonlik oqibatida sodir bo‘ladi deb. SHuning uchun ham o‘zgani emas o‘zini enggan marddir degan gap bejiz aytilmagan-da.
— Ha, albatta. Boburjon, shunday san’atkorlar borki, ular faqat ijobiy rollarni, yana birlari esa salbiy rollarni ijro etishga mohir bo‘lishadi. SHuningdek, ba’zilari ko‘proq jiddiy rollarni ijro etishadi. O‘zingizni komediyada ham sinab ko‘rishni hech o‘ylaganmisiz?
— Albatta. YAqinda Zulfiqor Musoqov “Qovun” nomli kinokomediyani suratga olishni rejalashtirayapti. O‘shandagi rollardan biriga meni chaqirgan. Nasib etsa, film dunyo yuzini ko‘rsa, muxlislar, tomoshabinlar o‘z baholarini berishar degan umiddaman. YAratilayotgan filmlarda barchasida shu zaminga, ona yurtimizga, qo‘li qadoq, qalbi qaynoq xalqimizga bo‘lgan muhabbat ustuvorlik qilsa chinakam vatanparvarlik tuyg‘usi ana shunda. Ha, bir narsani aytmasam bo‘lmaydi. “Ostona” filmi suratga olinayotgan paytda bir rus yigiti harbiy xizmatda ekan. O‘sha paytlari ko‘pchilik tijorat borasida chet ellarga borib kelish taraddudida yurishardi. SHunda men undan “sen ham Rossiyaga ketsang bo‘lmaydimi” — deb so‘radim. U zimdan menga bir razm soldi-da dedi: Men “detdomskiyman” shu vatan menga non berdi, o‘stirdi, voyaga etkazdi. SHu erda xizmat qilaman. Qarzimni uzaman. Ochiga och, to‘qiga to‘qman”-dedi. Men uning javobidan ta’sirlandim, vatanparvarlik tuyg‘usini yana bir bor his etdim.
— Tilaklaringiz?
— Kulgi qudratli kuch. U ko‘p narsani hal qiladi, urushlarni to‘xtatadi, hatto. Kelajakka umid uyg‘otadi. Men jazo muddatini o‘tayotganlarga ko‘proq kulib yurishlarini, yaqinlari bag‘riga tezroq etib borishlarini tilayman.