TIL TAKTIKASI — TARAQQIYOT STRATEGIYASINING TA’SIRCHAN VA INNOVATSION MEXANIZMI

Rahimboy Jumaniyozov
O’zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi
Annotatsiya
Ta’limning deyarlik barcha yo‘nalishlarida innovatsiya, pedagogik texnologiya, interaktiv metodlar, kommunikatsiya kabi so‘z va so‘z birikmalari qo‘llanila boshlangani sir emas. Bulardan ko‘zlangan maqsad z amon bilan hamqadamlik va yangiliklarni, ilmiy-nazariy ma’lumotlarni ta’sirchan, tez va oson yetkazish muammolarini hal etishdir. Ta’lim-tarbiya ta’sirchanligi taraqqiyotning talabigina bo‘lib qolmay, balki bilim olish, intellektual salohiyatni oshirish, o‘zlashtirish darajasining yuksalishi bilan ham belgilanadi. Ushbu maqolada nutq madaniyati va notiqlik san’atining o‘ziga xosligi, nutqiy mahoratni shakllantirishda innovatsion texnologiyalarning o‘rni masalasiga munosabat bildiriladi.
Tayanch so‘zlar: ritorika, notiq, novator,innovatsiya, texnologiya, nutq mahorati, interfaol metod, mantiq, tasavvur, tafakkur.
Hozirgi kunda innovatsiya, pedagogik texnologiya, interaktiv metodlar, kommunikatsiya kabi so‘z va so‘z birikmalari ta’limning deyarlik barcha yo‘nalishlariga to‘la kirib borganligi e’tiborlidir. Bulardan ko‘zlangan maqsad zamon bilan hamqadamlik va yangiliklarni, ilmiy-nazariy ma’lumotlarni ta’sirchan, tez va oson yetkazish muammolarini hal etishdir. Ta’lim-tarbiya ta’sirchanligi taraqqiyotning talabigina bo‘lib qolmay, balki bilim olish, intellektual salohiyatni oshirish, o‘zlashtirish darajasining yuksalishi bilan ham belgilanadi. Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti ekanini davrning o‘zi namoyon etmoqda.
Shubhasizki, barqaror taraqqiyot va modernizatsiyaning tub mohiyati ham ta’lim-tarbiya ta’sirchanligiga borib bog‘lanadi. Bu esa novatorlikni ya’ni, yangilikka intilishni, interfaol usul va uslublarni istifoda etishni, turli innovatsion va axborot kompyuter texnologiyalardan foydalangan holda ta’lim ta’sirchanligi, samaradorligi va sifatini oshirishga erishishni taqozo etadi.
Pedagogik texnologiyaning mazmunini bilish, darslarning yangi loyihalarini tuzib chiqish uchun ta’lim-tarbiya sohasidagi yangiliklar va ularning tashkiliy masalalarini to‘laligicha anglab yetish, har qanday pedagogning faoliyatida pedagogik texnologiya uslublari markaziy o‘rinda turishi zarurligini bugungi ta’lim jarayoni talab etmoqda.
Nazariy ma’lumotning kuchi uning amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unligidadir. O‘z fanini nazariy jihatdan chuqur bilib, uni amaliyotda qo‘llay olmaslik holati mantiqsizlikdir. Afsuski, ba’zi ta’lim muassasalarida bu holatning mavjudligini inkor etish qiyin. Shuning uchun ham, har ikkalasiga ajratiladigan soatlar taqsimotida ana shu me’yor va muvozanatni saqlash foydadan xoli emas.
Praktiklar iborasi bilan aytganda, “avtomobilni uyida saqlab, har kun atrofini bir necha bor aylanib qo‘yish emas, undan maqsad uzoqni yaqin qilish uchun uni haydash, boshqarish”zarurdir.
Auditoriyada nazariy ma’lumotlarni umumiy tarzda o‘tish mumkin, lekin amaliyot jarayonini yakka holda o‘tkazish, individual shaklda olib borish foydadan xoli emas. Shu o‘rinda xitoy faylasufi Konfutsiyning ushbu mulohazalari beixtiyor yodga keladi. “Eshitsam unutaman, ko‘rsam yodda saqlayman, bajarsam tushunaman.” Amalda bajarish orqali inson uquvli va professional bo‘lib boradi. Chunki, ma’lumotni o‘zlashtirish va uni amalda qo‘llash har kimda har xil tarzda kechadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, “basharang qiyshiq bo‘lsa oynadan o‘pkalama”, degan naqlni keltirish o‘rinlidir. Sababi har bir o‘quvchi o‘z nutqi ustida ishlashi, uni nazorat qilishi uchun o‘zini kuzatishi, so‘zini tinglashi zarur. Bu esa so‘zi, o‘zi va yuzidagi ifodalarni ko‘rishi, xatti-harakat va holatlarning ularga muvofiqligini anglabgina qolmay, balki uni nazorat qilishi ham muhimligini bildiradi.
Bunda audio va video vositalaridan foydalangan holda ish tutish maqsadga
muvofiqdir. Muayyan matnni ifodali o‘qish va uni qayta ijodiy hikoyalash mahoratini kuzatish, baholash orqali nutq texnikasi tekshiriladi. Muayyan adabiy til normalariga amal qilgan holda talaffuz qoidalariga amal qilinishi nazorat qilinadi. Har bir talaba o‘zi ko‘rgan, eshitgan va bilgan narsasini aytib berish jarayonida bir qator qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy. Bu usulda uning nutqidan tashqari fikrlash qobiliyati va mantiqiy mushohada yurita olish iste’dodi ham nazardan o‘tkaziladi. Nutq va fikr ishqipechak guldek bir-biriga chirmashib keladi. Bu esa o‘ylov va so‘ylovning uyg‘unligini anglatadi. Notiqlikda bir muncha erkinlik bo‘ladi. So‘z tanlash uni aytish ohangida o‘ziga xoslik bo‘lishi tabiiy. Yirik munaqqid V.G.Belinskiy, matn mazmuni va mantiqiyligi borasida fikr yurita turib, gap nimada degan savolga shunday javob beradi: “Gap so‘zdayam emas, ma’nodayam emas, fikrdayam emas, balki gap ohangdadir.” Chunki, ohangda munosabat, murojaat tarzi, antipatiya va sinpatiya shundoqqina sezilib turadi. Nutq matn mazmunidan chekkaga chiqmaslik, harf, tovush, so‘z va gaplarni deyarlik o‘zgartirmasdan me’yoriy qoidalari bo‘yicha talaffuz qilishni talab etadi. Notiqlik san’atida esa bir muncha erkinlik, matnning o‘zidan ko‘ra unga bo‘lgan munosabat va matn asosida tug‘ilgan mulohazalarni ta’sirchan ifoda etishga moyillik kuchli bo‘ladi. Har ikkalasida ham tasavvur, taassurot va tafakkur yetakchilik qilishi tayin.
Demak, nutqning va xatti-harakatning muvofiqligini tekshirish uchun audiovizual vositalar o‘rnatilgan bo‘lishi zarur. Tasavvur qiling. Talaba keldi, matndagi so‘z va jumlalarni o‘qishga tutindi.
U oldin o‘z ovozini ohanrabo tasmaga, yoxud magnitofonga yozib tinglamagan bo‘lsa, eshitgani hamonoq, dovdirab qoladi. Chunki, u o‘z ovozini nazorat qila olmaydi. Sababi unga eshitilayotgan ovoz bir muncha “notanish”dir. O‘z ovozini eshitgan zahoti ovozidan ijirg‘anmagan odam topilmasa kerak. Qayta-qayta eshitaverganingizdan so‘ng o‘z ovozingizga ko‘nikish hosil qilasiz. Siz ilk bor o‘zingizni tinglaganingizda taajjubga tushganingizning boisi so‘zlaganingizda ovoz to‘g‘riga yo‘naltiriladi, natijada sizga eshitiladigan og‘iz bo‘shlig‘idan quloqlarga yetib boradigani “aldamchi” ovoz bo‘ladi. Demak, aytar ovoz emas, balki, qaytar ovoz siznikidir. O‘quvchi va o‘qituvchilar esa ovoz yozish va eshitish jarayonini ko‘p marotaba bajarishi lozim. Toki, o‘z ovozini eshitib, ko‘nikib, uni nazorat qila oladigan bo‘lsin. Ana shu jarayondan keyingina orfoepik artikulyatsion mashqlarni to‘la va to‘g‘ri bajarishga o‘tish maqsadga muvofiqdir.
Nutqning aniqligiga, talaffuzning tiniqligiga erishish, yutuq va kamchiliklarni anglash, ularni tuzatish uchun tinimsiz mashqiy jarayonni amalga oshirish kerak. Dastavval, har bitta talabaga berilgan matnni qanday o‘qishi tekshiriladi. Nazmiy yoki nasriy matnni o‘qishida uning o‘z tushunchasi aks etadi. Ya’niki, kimning qanday o‘qishi uning shunday tushunishidir. Navbatma-navbat boshqa o‘quvchilarga o‘tishdan oldin matnni ifodali o‘qib, uning mazmunini so‘zlab bergan talabaga xos bo‘lgan nutqiy yutuq va nutqiy nuqsonlarni aniqlash jarayonini amalga oshirish talab etiladi. Har biri o‘z nuqtai nazarini kuzatuvlari asosida bayon etishadi. Shu yo‘sinda kamchiliklar aniqlanadi. Chunki, aksariyat talabalar turli viloyatlardan bo‘lib ular nutqida mahalliy sheva unsurlari sezilib turadi. Adabiy til me’yorlariga rioya etishlari uchun mashaqqatli mashqiy jarayondan o‘tishlari kerak. Bu esa uzluksiz va muntazam ravishdagi izlanish va takroriy mashqlar bilan hal etiladi. Talabalarning nuqsonlari bilan o‘qilgan ovozli matnlari saqlab qo‘yilishi, imkoni bo‘lsa, o‘zlariga ko‘chirib berilgani ma’qul. Toki, ular o‘z kamchiliklarini bilib, tugatsinlari uchun. So‘ng taqdim etilgan she’riy yoki nasriy matnning taniqli va tajribali suxandon yoki aktyorlar ijrosida o‘qilgan ovozli variantini ularga qo‘yib berish ham bu borada ancha samara berishi haq. To‘g‘ri, did bilan dillashish mushkul. Hammaning o‘z qarashi, didi va baholash mezoni bor. Lekin shuni yodda tutish zarurki, matn mazmuni, so‘z ma’nosi qanday o‘qishni ko‘rsatuvchi yo‘llanmadir.
O‘quvchilarda har bir matnga, hattoki, so‘zga munosabatni, unga tanqidiy va tahliliy qarashni shakllantirish yo‘llarini izlash kerak. Buning uchun axborot texnologiyalaridan, internetdan foydalana olish ko‘nikmasini hosil qilishga erishish lozim. Mavzuga daxldor ma’lumotlarni olish va ularni “Power point” dasturiga, ayni paytda matn, tasvir, musiqa bilan birgalikda audio hamda videolavhalarni joylashtirish, kerakli o‘rinda qo‘llashni bilish ham ahamiyatlidir.
Notiqlikda so‘z qo‘llash mahorati borasida so‘z ketganda, notiq nutqida uch bosqich amalga oshiriladi. Bu topish, tanlash, va qo‘llashdir. Topish notiqning so‘z boyligiga daxldor bo‘lsa, tanlash didi, saviyasiga, qo‘llash esa uning mahoratiga tegishlidir. Topish til boyliklaridan, sinonimlardan qanday foydalana olishingizga mezon bo‘lsa, tanlash psixologik, etik va estetik normalarga amal qilish zaruratini bildiradi. Qo‘llash esa og‘zaki yoki yozma ravishda bo‘ladi. Siz tinglovchi yoki tomoshabin bilan yuzma-yuz bo‘lasiz. Aytilgan so‘z otilgan o‘qdek keta boshlaydi. Zal yoxud auditoriyada o‘zingizni, so‘zingizni, yuz-u ko‘zingizni jamoaga roslaysiz, xoslaysiz, moslaysiz. Aks holda, fikr ommaga yetib bormaydi, maqsad to‘g‘ri yo‘naltirilmagan bo‘ladi. Jamoaga yetkazmoqchi bo‘lgan fikringiz, oliy maqsadingiz strategiya bo‘lsa, uni amalga oshirish bilan bog‘liq usul va yo‘llar esa taktikadir. Har qanday taktik harakat strategik maqsad bilan ekanini yodda tutish mohiyatlidir. Vaziyatga, omma kayfiyatiga qarab taktikani almashinib turishini e’tibordan soqit qilish yaramaydi. Nutqning jonli, ta’sirchan va aniq ifodalashga intilish, ya’ni, ijro mahoratiga erishish ahamiyatli.
Nutq jarayoni audio, video texnik vositalarisiz, aniqrog‘i, axborot kommunikatsion texnologiyalarisiz to‘la va ta’sirchan tarzda amalga oshmaydi. Zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalar kompyuter texnikasi, audio va videotasmalar, multimediya, test savollari va tarqatma materiallardan foydalanilgandagina ta’limning mazmuni va samaradorligi haqida so‘z bo‘lishi mumkin.
Nutq madaniyati fani va notiqlik san’atini o‘qitishdagi innovatsiyalar modulining muhim vazifalaridan kelib chiqqan holda, xulosa o‘rnida shularni qayd etish mumkin. Innovatsion texnologiyalarni o‘rinli qo‘llash quyidagi qulaylik va imkoniyatlarni beradi.
- Ko‘rish va eshitish organlari orqali ma’lumot mohiyatini bilish, anglash va idrok etish;
- Matnning ta’sirchanligi va mazmuni jihatdan samaradorligiga erishish;
- Keng va katta hajmli informatsiyani qisqa va ixcham shaklda akslantirish;
- Ma’lumotni turli chizmalar, matn, tasvir, ovoz va videolavhalar orqali tomoshabin ko‘z o‘ngida jonlantirish;
- O‘qituvchi, o‘quvchi o‘z-o‘zini kuzatishi, to‘g‘rilashi, nazorat qilishi uchun imkoniyatlarning mavjudligi;
- Ma’lumotlarning uzoq muddat xotirada saqlanishiga erishish va internet vositasida boshqa manzilga jo‘natish yoki qabul qilish;
Notiqlik san’ati va sahna nutqi fanlarini o‘qitishdagi innovatsiyalar ta’limning tizimliligi, o‘quv jarayonining istiqbolli va natijali bo‘lishiga zamin hozirlaydi. Multimediya umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi bilan o‘qituvchilar hamkorligini kuchaytirish foydadan xoli emas. Tajribali o‘qituvchi, uquvli trener va moderatorlarning mahoratidan foydalanish kerak. Ular ishtirokidagi audioqo‘llanma va videodarslarni yozib olish va ko‘paytirish zarur. Bu esa dars mashg‘ulotlari jarayonida o‘qituvchilarga asqatishi tabiiy. Ta’lim oluvchi va ta’lim beruvchi o‘rtasida axborotni taqdim qilishning zamonaviy vositalari va usullarini keng istifoda etish, “FSMU”, “BBB”, “Venn diagrammasi”, “Zinama zina”, “Klaster”, “Sinkveyn” kabi turli o‘yin va interfaol uslublardan foydalanish, dialektik mushohadani shakllantirish va rivojlantirish yo‘sinida mustaqil ijodiy faoliyatni ta’minlash har qachongidan ham muhim va dolzarb masalalardandir.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoev ilm-ta’limning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rniga e’tibor qilish asnosida qator islohotlarni amalga oshira turib Uchinchi renessansning tamal toshini qo‘ya oladigan avlodning shakllanishi uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratayotgani sir emas. Bu esa o‘z fikrini emin-erkin, mustaqil tarzda, og‘zaki va yozma yo‘sinda yetkaza olish kompetensiyasini shakllantirish hamda takomillashtirish tendensiyasiga bog‘liq.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
Mirziyoev Sh. “Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak” T.: O‘zbekiston” NMIU. 2016.
Mirziyoev Sh. “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” — T.: “O‘zbekiston” NMIU. 2017.
Mirziyoev Sh. “Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz” 1 — tom — T.: O‘zbekiston” NMIU, 2017 y
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga MUROJAATNOMAsi ( 29 dekabr 2020 yil) – T.: “O‘zbekiston” NMIU, 2021.
- O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni 23.09.2020. y
Kaykovus. Qobusnoma. – T.: “Meros” 1992.
Navoiy A. “Mahbub ul-qulub”. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot nashriyoti, 1993.
Qo‘ng‘irov R.,Begmatov E., Tojiev Yo. Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari. – T.: “O‘qituvchi” 1992.
Karnegi Deyl. O‘z-o‘ziga ishonch hosil qilish va omma oldida so‘zlash san’ati. – T.: “Yangi asr avlodi”, 2019 yil.
Ortiqov A., Ortiqov A.Nutq madaniyati va notiqlik san’ati. – T.: 2002.
Nurmanov A.T. Talabalarni samarali muloqot texnologiyasi va texnikasiga tayyorlashning pedagogik imkoniyatlari. (auditoriyadan tashqari mashg‘ulotlar misolida) Avtoreferat. -T.; 2017
Xoliqov A. Pedagogik mahorat. Toshkent «IQTISOD-MOLIYA» 2010
Muslimov N, Usonboeva M, Sayfurov D, To‘raev A. Pedagogik kompetentlik va kreativlik asoslari. -T.; 2015.
Musurmonova O. Ma’naviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasi. — T.: O‘qituvchi, 1996,192 b.
Musurmonova O.Farzandlarimga nasihatlar- T.: 2020
Muhiddinov A.G. O‘kuv jarayonida nutq faoliyati. — T.: O‘qituvchi, 1995.
Navoiy A. Mahbub ul-kulub. Asarlar 15-tom. — T., 2005.
G‘oziev E. Muomala psixologiyasi. Toshkent, 2001.
Maqsudova M. Muloqot psixologiyasi. Toshkent, 2006.
Karimova V. Psixologiya. Toshkent, 2000.
Karnegi D. Muomala sirlari. Toshkent, «Navro‘z», 1992.