9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

ZIYOLILIK MAS’ULIYATI VA O`QITUVCHI NUTQI MADANIYATI

notiq.uz > Турли мавзуда  > ZIYOLILIK MAS’ULIYATI VA O`QITUVCHI NUTQI MADANIYATI

ZIYOLILIK MAS’ULIYATI VA O`QITUVCHI NUTQI MADANIYATI

Toshkent viloyati Ohangaron tumani

 20-umumiy o`rta ta’lim maktabi

ona tili va adabiyot fani o`qituvchisi

Maxanov Akramali Akbarovich

   Insonning yashashdan asl maqsadi nima? – bu savolga,  har birimizda jo`yali va asosli javoblar bor albatta. Dilimizdagi javoblar xalqimizning ming yillik hayot tajribasida shakllangan  quyidagi javobga hamohangdir: “Insonning yashashdan asl maqsadi – ezgu ishlar qilib, munosib farzandlar tarbiyalab, yaxshi nom qoldirishdir”.  Bu sodda va g`oyat dono fikr asosida o`z hayot yo`lini tanlagan insonlarning barchasi ma’naviyatli insonlardir. Ajdodlarimizning tashbehiga ko`ra, ma’naviyat inson qalbida aks etgan ilohiy nur, oliy haqiqat niri bo`lib, uni o`zida aks ettirish uchun inson qalbi sayqal topmog`i  zarur.

Ana shunday sayqallangan qalb egalarini o`zbek xalqi go`zal lutf bilan “ZIYOLI” deb ataydi. Rus tilida “intelligent” deganda ko`proq o`sha shaxsning bilim doirasi, tafakkuri, qolaversa, madaniylik darajasi nazarda tutiladi. “Intelligent” atamasi “intellekt”, yani aql bilan bog`liq va demakki aslida o`zbeklarning “oqil” , “aql egasi” degan so`zlari bilan muqobildir. Ammo chinakam ziyoli faqat aql va bilim emas, nurli qalb va ehtiros egasi bo`lmog`i darkor.

Ziyoli haqiqatni va xalqni sevuvchi, yoniq dil bilan tinimsiz unga talpinuvchi, uning xayoli bilan yashaydigan, o`zidan ziyo taratib o`zgalar yo`lini yorita oladigan  insondir. U har qanday kasb egasi bo`lishi mumkin.  Biroq, aksariyat odamlar “ZIYOLI” deganda o`qituvchilarni tushinadi va manashuning o`zi ham bizning yelkamizga tog`dek mas’uliyat yuklaydi.

Moziyda yashab o`zgan buyuk ajdodlarimizning quyidagi fikrlari ziyolilar mas’uliyati tarixda ham,  hozirgidek yuqori bo`lganligini bildiradi. Bohovuddin  Naqshband bobomiz fikricha, “Agar mamlakat xarob bo`lsa shohdan xafa bo`lma, haqiqat ahli nazdida bu ziyolilarning, ilm ahlining gunohidir”. Yusuf Xos Hojib shunday yozgan: “ Haqiqiy ziyoli haqiqat tayanchi bo`ladi. Agar olamda donishlar bo`lmaganda yerda rizq-ro`z unmas edi. Ularning ziyosi xalq yo`lini yorituvchi mash’aldir”. Abu Lays Samarqandiy bilganlarini boshqalarga o`rgatmagan ziyolilar gunohi haqida gapirgan bo`lsa,  hazrat Mir Alisher Navoiy ilmini faqatgina pul bilan o`lchaydiganlar haqida shunday deydi.

 Ilmni kim vositayu joh etar,

O`ziniyu xalqini gumroh etar.

Yani:  kim ilmini, egallab turgan lavozimini faqat boylik (joh) to`plash uchun ishlatsa, u o`zini ham boshqalarni ham gumroh qiladi, falokatga giriftor qiladi.

Mashhur pedagog Makarenka — “O`qituvchilari kuchli bo`lgan maktabi bor mahallaning bolalari jinoyatchi bo`lmaydi”— degan fikrni ko`p yillik kuzatishlari asosida aytgan bo`lsa ajab emas.

Ziyoli bo`lish – kishining ijtimoiy burchidir. Shu bilan birga insonning o`z oldidagi burchi hamdir. Har bir o`qituvchi o`z kasbining ziyolisi bo`lishi, el-yurtni, yoshlarni doimo ezkulikka, yaxshilikka, porloq kelajakka chorlab turishi shart. Ayrim hamkasblarimizning ko`cha-ko`yda, to`y-xashamlarda o`zini tutishi insonga erish tuyiladi. Bu holat haqida gapirsangiz: “Men to`yda oddiy odamman, maktabda muallimman” degan fikrni aytib, o`zini oqlaydi. Shunday paytlarda ustozimiz Mamasoli To`xtayevning “O`qituvchi notanish davraga kirib borganda ham, odamlar uning o`zini tutishi va gap-so`zidan o`qituvchi ekanligini bilib olsin. U o`zining ziyosi bilan o`zgalardan ajralib tursin”  degan fikrlari yodimga tushadi.

O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov ta’biri bilan aytganda “Ma’naviyat, ma’rifatni targ`ib qilish, har bir ziyolining vijdon ishidir”. Zero Vatan ravnaqi va yosh avlod tarbiyasi uchun har birimiz mas’ulmiz.

  1.    O`qituvchilik dunyodagi eng sharafli kasblardan biri bo`lib, uni tanlashning o`zi katta jasoratdir. Davlatimiz rahbari o`qituvchilarni “Mening eng yaqin ko`makchim va maslakdoshlarim ” deb bejiz atamagan. “O`qituvchi bolaga bilim berar ekan,  mavzuni qiziqarli o`tishi bilan birga, ko`z, qo`l harakatlarini amalga oshirsin. Kezi kelsa, ashula aytsin, hatto o`yinga tushib ketsin. Lekin bosh maqsadni – darsni, mavzuni o`quvchi qalbiga joylab qo`yishni eplasin” deydi adabiyotshunos olim Omolulla Madayev.

Bugungi kun ta’lim-tarbiya jarayonida sifatli ta’lim berish uchun davlatimiz tomonidan juda katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Yangi pedtexnologiyalar, zamonaviy ko`rgazmalar, electron darsliklardan samarali foydalana olgan o`qituvchi dars jarayonida katta natijalarga erishishi mumkin. Bu davr talabi albatta. Biroq tilshunos olim N.Mahmudovning ta’biricha: “Darsdagi jonli ko`rgazmali qurol bu o`qituvchining o`zi, uning nutqidir” . Shunday ekan, o`sib borayotgan yosh avlodga vatanparvarlik, insonparvarlik va yuksak ma’naviyatni jozibador nutq orqali singdirish har bir o`qituvchining asosiy burchi bo`lmog`i lozim. Darsda mavzu qanchalik murakkab bo`lmasin, o`qituvchi ma’ruzani sodda va tushunarli tarzda o`qishi kerak. Dars jarayonida sof adabiy tilda gapirish zarur, chunki o`quvchilar so`zlashda o`qituchilarga taqlid qilishadi.

Nutq madaniyatidagi asosiy vositalardan yana biri bu ovoz texnikasidir. Nutq jarayonida to`g`ri nafas olish, so`zlarning jaranglab chiqishini ta’minlaydi. Nafasning noto`g`ri boshqarilishi natijasida havo yetishmay,  urg`u  xato qo`llaniladi va nutqda g`alizlik paydo bo`ladi. Doimo bir xil tempda gapirish ham yaxshi natija bermaydi. O`qituvchi o`quvchilar yoshi va pisixologik holatini hisobga olgan holda ovozni balandlatishi, kezi kelganda esa pastroq ovozda ma’ruza qilgani ma’qul.

O`qituvchi har bir so`zni aniq va to`g`ri talaffuz qilishi shart, chunki u o`quvchilarga benuqson so`zlashda ham namuna bo`ladi. Aniq nutq tuza olish esa o`qituvchidan katta mahorat va jiddiy tayyorgarlikni talab etadi. Mas’uliyat bilan yondoshilgan jiddiy tayyorgarlik, o`qituvchida nutq madaniyatining rivojlanishiga, jonli, shirali va ta’sirli nutq ijro etishiga asos bo`ladi.

O`qituvchi nutqining yana bir muhim xususiyati shundaki, u o`z kasbini sevishi, undan rohatlanishi kerak. Shundagina  ko`zlagan natijaga erishadi. O`qituvchining darsda o`zini tutishi, ovoz ohangi, bilim doirasi uning nutqi orqali yaqqol namoyon bo`ladi. Shuning uchun darsda o`quvchilarga qarata aytilgan fikrga avvalo, o`zi ishonishi, har bir gapni ishonch bilan aytishi, o`ziga va so`ziga ortiqcha zeb bermasligi kerak. O`qituvchining chehrasida samimiyat porlab tursagina uning gaplari o`quvchilarga ijobiy ta’sir qiladi. Shuning uchun, o`qituvchi, zamon notig`i Rahimboy Jumaniyozov aytgan : “O`zimizga qarab kutarlar, so`zimizga qarab kuzatarlar”, “O`zi yoqimlining, so`zi yuqumli”, “Kimga kulib boqmading, demak unga yoqmading” kabi sitatalarning mazmun mohiyatini anglagan holda nutqini shakllantirishi maqsadga muvofiq bo`ladi.

O`qituvchi nutqi namunali bo`lishi uchun quyidagilarga e’tibor berishi kerak:

  1. O`z lug`at boyligini muttasil oshirib borishi.
  2. O`z nutqidagi so`zlarning ma’nosiga jiddiy e’tibor qaratishi.
  3. Adabiy tilda to`g`ri talaffuz qilishga odatlanishi.
  4. Takrorlar va parazit sozlarni ishlatmaslik, iloji boricha ulardan qochish kerak.

Shundagina o`quvchining nafaqat qulog`ini, balki qalbini ham zabt eta oladigan o`qituvchining namunali nutq madaniyati shakllanadi.

Bunday jozibali nutqqa va ziyoga ega bo`lgan o`qituvchilarni o`quvchilar sevadi, uning darslarini jon qulog`i bilan tinglaydi, uning yurish – turishiga  va ovoziga ideal sifatida qaraydi va unga taqlid qiladi. Uni otasiday emas, balki otasidan ulug` sanaydi. O`qituvchi uchun bundan ortiq baxt bormi dunyoda?

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.