ZIYOLILIK MASULIYATI VA O`QITUVCHI NUTQI MADANIYATI
Toshkent viloyati Ohangaron tumani
20-umumiy o`rta talim maktabi
ona tili va adabiyot fani o`qituvchisi
Maxanov Akramali Akbarovich
Insonning yashashdan asl maqsadi nima? bu savolga, har birimizda jo`yali va asosli javoblar bor albatta. Dilimizdagi javoblar xalqimizning ming yillik hayot tajribasida shakllangan quyidagi javobga hamohangdir: Insonning yashashdan asl maqsadi ezgu ishlar qilib, munosib farzandlar tarbiyalab, yaxshi nom qoldirishdir. Bu sodda va g`oyat dono fikr asosida o`z hayot yo`lini tanlagan insonlarning barchasi manaviyatli insonlardir. Ajdodlarimizning tashbehiga ko`ra, manaviyat inson qalbida aks etgan ilohiy nur, oliy haqiqat niri bo`lib, uni o`zida aks ettirish uchun inson qalbi sayqal topmog`i zarur.
Ana shunday sayqallangan qalb egalarini o`zbek xalqi go`zal lutf bilan ZIYOLI deb ataydi. Rus tilida intelligent deganda ko`proq o`sha shaxsning bilim doirasi, tafakkuri, qolaversa, madaniylik darajasi nazarda tutiladi. Intelligent atamasi intellekt, yani aql bilan bog`liq va demakki aslida o`zbeklarning oqil , aql egasi degan so`zlari bilan muqobildir. Ammo chinakam ziyoli faqat aql va bilim emas, nurli qalb va ehtiros egasi bo`lmog`i darkor.
Ziyoli haqiqatni va xalqni sevuvchi, yoniq dil bilan tinimsiz unga talpinuvchi, uning xayoli bilan yashaydigan, o`zidan ziyo taratib o`zgalar yo`lini yorita oladigan insondir. U har qanday kasb egasi bo`lishi mumkin. Biroq, aksariyat odamlar ZIYOLI deganda o`qituvchilarni tushinadi va manashuning o`zi ham bizning yelkamizga tog`dek masuliyat yuklaydi.
Moziyda yashab o`zgan buyuk ajdodlarimizning quyidagi fikrlari ziyolilar masuliyati tarixda ham, hozirgidek yuqori bo`lganligini bildiradi. Bohovuddin Naqshband bobomiz fikricha, Agar mamlakat xarob bo`lsa shohdan xafa bo`lma, haqiqat ahli nazdida bu ziyolilarning, ilm ahlining gunohidir. Yusuf Xos Hojib shunday yozgan: Haqiqiy ziyoli haqiqat tayanchi bo`ladi. Agar olamda donishlar bo`lmaganda yerda rizq-ro`z unmas edi. Ularning ziyosi xalq yo`lini yorituvchi mashaldir. Abu Lays Samarqandiy bilganlarini boshqalarga o`rgatmagan ziyolilar gunohi haqida gapirgan bo`lsa, hazrat Mir Alisher Navoiy ilmini faqatgina pul bilan o`lchaydiganlar haqida shunday deydi.
Ilmni kim vositayu joh etar,
O`ziniyu xalqini gumroh etar.
Yani: kim ilmini, egallab turgan lavozimini faqat boylik (joh) to`plash uchun ishlatsa, u o`zini ham boshqalarni ham gumroh qiladi, falokatga giriftor qiladi.
Mashhur pedagog Makarenka — O`qituvchilari kuchli bo`lgan maktabi bor mahallaning bolalari jinoyatchi bo`lmaydi— degan fikrni ko`p yillik kuzatishlari asosida aytgan bo`lsa ajab emas.
Ziyoli bo`lish kishining ijtimoiy burchidir. Shu bilan birga insonning o`z oldidagi burchi hamdir. Har bir o`qituvchi o`z kasbining ziyolisi bo`lishi, el-yurtni, yoshlarni doimo ezkulikka, yaxshilikka, porloq kelajakka chorlab turishi shart. Ayrim hamkasblarimizning ko`cha-ko`yda, to`y-xashamlarda o`zini tutishi insonga erish tuyiladi. Bu holat haqida gapirsangiz: Men to`yda oddiy odamman, maktabda muallimman degan fikrni aytib, o`zini oqlaydi. Shunday paytlarda ustozimiz Mamasoli To`xtayevning O`qituvchi notanish davraga kirib borganda ham, odamlar uning o`zini tutishi va gap-so`zidan o`qituvchi ekanligini bilib olsin. U o`zining ziyosi bilan o`zgalardan ajralib tursin degan fikrlari yodimga tushadi.
O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov tabiri bilan aytganda Manaviyat, marifatni targ`ib qilish, har bir ziyolining vijdon ishidir. Zero Vatan ravnaqi va yosh avlod tarbiyasi uchun har birimiz masulmiz.
- O`qituvchilik dunyodagi eng sharafli kasblardan biri bo`lib, uni tanlashning o`zi katta jasoratdir. Davlatimiz rahbari o`qituvchilarni Mening eng yaqin ko`makchim va maslakdoshlarim deb bejiz atamagan. “O`qituvchi bolaga bilim berar ekan, mavzuni qiziqarli o`tishi bilan birga, ko`z, qo`l harakatlarini amalga oshirsin. Kezi kelsa, ashula aytsin, hatto o`yinga tushib ketsin. Lekin bosh maqsadni darsni, mavzuni o`quvchi qalbiga joylab qo`yishni eplasin deydi adabiyotshunos olim Omolulla Madayev.
Bugungi kun talim-tarbiya jarayonida sifatli talim berish uchun davlatimiz tomonidan juda katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Yangi pedtexnologiyalar, zamonaviy ko`rgazmalar, electron darsliklardan samarali foydalana olgan o`qituvchi dars jarayonida katta natijalarga erishishi mumkin. Bu davr talabi albatta. Biroq tilshunos olim N.Mahmudovning tabiricha: Darsdagi jonli ko`rgazmali qurol bu o`qituvchining o`zi, uning nutqidir . Shunday ekan, o`sib borayotgan yosh avlodga vatanparvarlik, insonparvarlik va yuksak manaviyatni jozibador nutq orqali singdirish har bir o`qituvchining asosiy burchi bo`lmog`i lozim. Darsda mavzu qanchalik murakkab bo`lmasin, o`qituvchi maruzani sodda va tushunarli tarzda o`qishi kerak. Dars jarayonida sof adabiy tilda gapirish zarur, chunki o`quvchilar so`zlashda o`qituchilarga taqlid qilishadi.
Nutq madaniyatidagi asosiy vositalardan yana biri bu ovoz texnikasidir. Nutq jarayonida to`g`ri nafas olish, so`zlarning jaranglab chiqishini taminlaydi. Nafasning noto`g`ri boshqarilishi natijasida havo yetishmay, urg`u xato qo`llaniladi va nutqda g`alizlik paydo bo`ladi. Doimo bir xil tempda gapirish ham yaxshi natija bermaydi. O`qituvchi o`quvchilar yoshi va pisixologik holatini hisobga olgan holda ovozni balandlatishi, kezi kelganda esa pastroq ovozda maruza qilgani maqul.
O`qituvchi har bir so`zni aniq va to`g`ri talaffuz qilishi shart, chunki u o`quvchilarga benuqson so`zlashda ham namuna bo`ladi. Aniq nutq tuza olish esa o`qituvchidan katta mahorat va jiddiy tayyorgarlikni talab etadi. Masuliyat bilan yondoshilgan jiddiy tayyorgarlik, o`qituvchida nutq madaniyatining rivojlanishiga, jonli, shirali va tasirli nutq ijro etishiga asos bo`ladi.
O`qituvchi nutqining yana bir muhim xususiyati shundaki, u o`z kasbini sevishi, undan rohatlanishi kerak. Shundagina ko`zlagan natijaga erishadi. O`qituvchining darsda o`zini tutishi, ovoz ohangi, bilim doirasi uning nutqi orqali yaqqol namoyon bo`ladi. Shuning uchun darsda o`quvchilarga qarata aytilgan fikrga avvalo, o`zi ishonishi, har bir gapni ishonch bilan aytishi, o`ziga va so`ziga ortiqcha zeb bermasligi kerak. O`qituvchining chehrasida samimiyat porlab tursagina uning gaplari o`quvchilarga ijobiy tasir qiladi. Shuning uchun, o`qituvchi, zamon notig`i Rahimboy Jumaniyozov aytgan : O`zimizga qarab kutarlar, so`zimizga qarab kuzatarlar, O`zi yoqimlining, so`zi yuqumli, Kimga kulib boqmading, demak unga yoqmading kabi sitatalarning mazmun mohiyatini anglagan holda nutqini shakllantirishi maqsadga muvofiq bo`ladi.
O`qituvchi nutqi namunali bo`lishi uchun quyidagilarga etibor berishi kerak:
- O`z lug`at boyligini muttasil oshirib borishi.
- O`z nutqidagi so`zlarning manosiga jiddiy etibor qaratishi.
- Adabiy tilda to`g`ri talaffuz qilishga odatlanishi.
- Takrorlar va parazit sozlarni ishlatmaslik, iloji boricha ulardan qochish kerak.
Shundagina o`quvchining nafaqat qulog`ini, balki qalbini ham zabt eta oladigan o`qituvchining namunali nutq madaniyati shakllanadi.
Bunday jozibali nutqqa va ziyoga ega bo`lgan o`qituvchilarni o`quvchilar sevadi, uning darslarini jon qulog`i bilan tinglaydi, uning yurish turishiga va ovoziga ideal sifatida qaraydi va unga taqlid qiladi. Uni otasiday emas, balki otasidan ulug` sanaydi. O`qituvchi uchun bundan ortiq baxt bormi dunyoda?