9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

ISROIL G’AZODAGI VAZIYATNI YANADA OG’IRLASHTIRUVCHI QAROR QABUL QILDI

notiq.uz > Yangiliklar  > ISROIL G’AZODAGI VAZIYATNI YANADA OG’IRLASHTIRUVCHI QAROR QABUL QILDI

ISROIL G’AZODAGI VAZIYATNI YANADA OG’IRLASHTIRUVCHI QAROR QABUL QILDI

Isroil G‘azodagi vaziyatni yanada og‘irlashtiruvchi qaror qabul qildi

Foto: AP.

Isroil 2026-yil 1-yanvardan e’tiboran G‘azo sektoridagi 37 ta gumanitar tashkilot faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi. Tel-Aviv hukumati ushbu nodavlat tashkilotlar xavfsizlik va shaffoflik standartlariga rioya qilmayotganini da’vo qilgan.

Buyuk Britaniya, Fransiya kabi o‘nga yaqin yetakchi davlatlar esa Isroilni ushbu bir tomonlama qarorni bekor qilishga chaqirgan.

Isroil ma’muriyati gumanitar tashkilotlarga 1 martga qadar G‘azoni butunlay tark etish shartini qo‘ygan. Qora ro‘yxatga kiritilgan nodavlat tashkilotlar orasida “Chegara bilmas shifokorlar”, Handicap International, Oxfam, CARE, Norvegiya inson huquqlari kengashi kabi tuzilmalar bor.

Qayd etilishicha, Isroil hukumati insonparvarlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlardan xodimlariga oid shaxsiy ma’lumotlarni talab qilgan. Ular esa ushbu talab xalqaro huquqqa zid ekani, boz ustiga, xodimlar hayotini xavf ostida qoldirishini aytgan.

Isroil xalqaro nodavlat tashkilotlar xodimlari terrorchilarga aloqadorligi borasida ham iddaoni ilgari surgan.

Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Daniya, Finlyandiya, Islandiya, Yaponiya, Norvegiya, Shvetsiya, Shveysariya kabi mamlakatlar Isroilning gumanitar tashkilotlar faoliyatini cheklash qarorini qoralagan. Qo‘shma bayonotga ko‘ra, G‘azo sektorida insonparvarlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tuzilmalar faoliyatiga to‘sqinlik qilish nomaqbul hol bo‘lib, ular emin-erkin ishlashiga sharoit yaratish lozim.

“Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti ham yangi cheklov G‘azo sektoridagi o‘zi shundoq izdan chiqqan sog‘liqni saqlash xizmatiga halokatli ta’sir etishidan ogohlantirgan.

“Isroilning G‘azo sektoridagi gumanitar tashkilotlar faoliyatini to‘xtatish rejasi mintaqaga o‘ta muhim ko‘mak to‘xtalishini anglatadi”, – degan Yevropa Ittifoqi gumanitar missiyasi rahbari Haja Lahbib.

Ushbu qarorni keskin tanqid qilgan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk G‘azodagi og‘ir vaziyat yanada og‘irlashishi haqida bong urgan.

Avval xabar berganimizdek, so‘nggi kunlarda kuchli yomg‘ir va sovuq havo sabab G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat yanada qaltislashdi. Yetakchi davlatlar qo‘shma bayonot bilan chiqib, 740 ming kishi oqova suv bosish xavfi ostida ekani, 1,3 million aholi turarjoyga muhtoj ekanini ma’lum qildi.

Gumanitar vaziyat mushkullashayotgan bir paytda Isroil kuchlari hujumi oqibatida bolalar halok bo‘lishi davom etmoqda. Shuningdek, ochlik, sovuq ob-havo tufayli ham o‘limlar qayd etilmoqda.

Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023-yil 7-oktyabrdan keyin, ikki yil davomida kamida 70942 nafar falastinlik o‘ldirildi. 2025-yil 10-oktyabr kungi otashkesim bitimidan keyin ham Isroil hujumi oqibatida 400 dan ziyod falastinlik halok bo‘lgan.

Avvalroq London universiteti huzuridagi Hollouey qirollik kolleji olimlari Isroil tomonidan G‘azo sektorida olib borilayotgan urushda hudud aholisining 4 foizi yoki 80 mingdan ziyodi o‘ldirilganini ma’lum qilgandi. Ekspertlar “XXI asrdagi boshqa biror urushda bunday holat kuzatilmagan” degan xulosaga kelgan

2025-yil sentyabr oyi BMT komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb tan oldi. 

(Xabar.uz)

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.