Xurshidabonu Azimjonova: INSON QADRI
Hayotga nazar solsak, achchiq bir haqiqatni ko’ramiz odamlar ko‘pincha bir-birining qadriga yonida, borligida emas, balki yo‘qotgach yetadi. Yonimizda kulib, qo‘llab-quvvatlab, samimiy munosabatda bo‘lib yurgan insonlar vaqt o‘tib uzoqlashganda, yoki butunlay ketganda ularning asl qadrini anglaymiz. Ammo eng achinarlisi shundaki bu anglash ko‘pincha juda kech bo’ladi. Nega insonlar yonida bo‘lgan odamni oddiydek qabul qiladi? Nega har kuni ko‘rib yurgan yuz, eshitib yurgan ovoz, sezilib turgan mehr e’tiborsiz qoladi? Balki bunga inson tabiatidagi beparvolik, “doim yonimda bo‘ladi” degan xato ishonch sababdir. Odamzod ba’zan bor narsaning qadrini bilmaydi uni yo‘qotish ehtimolini o‘ylamaydi.
Aslida esa hayot juda qisqa. Bugun bor inson ertaga yonimizda bo‘lmasligi mumkin. Bu dunyo bir ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadi deyishlari bejiz emas. Shunday ekan besh kunlik bu foniy dunyoda nega odamlar bir-birini xafa qiladi, ko‘nglini og‘ritadi, gina va adovat saqlaydi? Nega arzimas sabablar bilan munosabatlar buziladi, ishonchlar yemiriladi? Insonlar ko‘pincha gina saqlaydi, o‘zini haq deb biladi, ammo vaqt o‘tib qarasa yo‘qotgan insoni har qanday g‘ururdan, har qanday bahsdan muhimroq bo‘lganini tushunadi. Lekin vaqt ortga qaytmaydi. Ketgan inson qaytmasligi, sovigan qalb yana isimasligi mumkin. Shu sababli, inson qadrini kech emas, aynan bugun bilish kerak. Yonimizdagi insonlarga mehr ko‘rsatish, yaxshi so‘zlar aytish, ayniqsa kechira olish — bu kuchsizlik emas, balki yuksak insoniylik belgisi. Axir bu dunyo arzimas adovatlar, ginalar va xiyonatlar uchun emas. Shu o‘rinda eng muhim haqiqatlardan biri kechira olishdir. Axir biz bandalar ne-ne xatolar qilamiz, shunga qaramay Alloh bizni kechiradi. Shunday ekan, biz ham banda bo‘lib bir bandani kechira olmasak, bu qanchalik to‘g‘ri? Kechirish — zaiflik emas, balki qalbni ozod qilishdir. Inson kimdandir hafa bo‘lib yurishi ham o‘ziga eng katta og‘irlikdir. Ba’zan qalbda gina saqlash tog‘ bosib turgandek tuyuladi, yurak siqiladi, ichki tinchlik yo‘qoladi. Ammo kechirilgan payt inson yengil tortadi. Qalb yengillashadi, ko‘ngil sokinlashadi, go‘yo ichingizdagi og‘ir yuk tushib ketgandek bo‘ladi. Demak, kechirish avvalo o‘zimiz uchun kerak. Yana bir chuqur o‘ylantiradigan savol bor: agar biz kimnidir hafa qilib ketgan bo‘lsak va yo‘lda hayot to‘satdan uzilsa-chi? O‘sha insondan kechirim so‘ramay, u “kechirdim” demay turib bu dunyoni tark etsak, qanday javob beramiz? Axir inson haqini Alloh ham bandaning roziligisiz kechirmaydi, deyishadi.
Shuning uchun bu foniy dunyo gina, adovat va alam saqlashga arzimaydi. Bu hayot yaxshi amal qilish, qalblarni og‘ritmaslik, bir-birini vaqtida qadrlash, imkon borida kechirim so‘rash va kechira olish uchun berilgan sinovdir. Chunki oxir-oqibat biz bilan birga olib ketadigan narsa boylik ham, g‘urur ham emas faqatgina qilgan yaxshi amallarimiz va pok niyatlarimizdir. Shu o‘rinda yana bir haqiqatni alohida ta’kidlash kerak inson qadrini anglash eng avvalo ota-onadan boshlanadi. Ular tirikligida xizmatini qilish, ko‘nglini olish, mehrini qadrlash eng katta boylikdir. Afsuski, ko‘p insonlar ota-onasining qadriga ham ularni yo‘qotgach yetadi. Holbuki, inson qadri haqida gap ketar ekan, eng avval duo qiluvchi ota-onaning borligiga shukr qilish va ularning qadrini bugunoq bilish lozim.