MAXFIY PUTINNING CHORAK ASR AVVALGI DA’VOSINI O’RTAGA CHIQARDI

Putin va Bush. 2001 yil, Sloveniya.
Foto: Getty Images
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2001-yildayoq Ukrainaga ko‘z tikkan, Qozog‘iston va Kavkazga nisbatan hududiy da’vo bilan chiqqan. Jorj Vashington universiteti (AQSh) huzuridagi Milliy xavfsizlik arxivi saytida chop etilgan maxfiylikdan chiqarilgan stenogrammalar ana shundan dalolat beradi.
Putin 2001-yil 16-iyun kuni Sloveniya poytaxti Lyublyana shahrida AQSh prezidenti Jorj Bush bilan uchrashuvda Rossiyaning ulkan hududi boshqalarga berib yuborilganidan yozg‘irgan.
«Rossiyaliklar minglab kilometr yerlarini qo‘shqo‘llab berib yubordi. Aql bovar qilmaydigan holat bu. Asrlar mobaynida Rossiyaning bir qismi bo‘lgan Ukraina qo‘ldan ketdi. Qozog‘iston berildi. Kavkaz ham. Tasavvur qilish qiyin, partiya yetakchilari shunday qildi», – degan Putin 2001–2009 yillarda AQShga rahbarlik qilgan Jorj Bushga.
Putin Rossiya 1954-yilda NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza bergani, biroq bu so‘rov rad etilganidan noligan. Shuningdek, u NATOning kengayishi Moskva uchun tahdid ekanini ta’kidlagan.
Rossiya rahbari hamkasbi Jorj Bush bilan 2008-yilgi uchrashuvda ham Ukraina «sovet davrida yaratilgan sun’iy davlat» ekanini iddao qilgan va Ukrainaning NATOga qo‘shilishi tomonlar o‘rtasida uzoq muddatli ziddiyat keltirib chiqarishidan ogohlantirgan.
Tahlillarga qaraganda, Putinda hududiy da’volar u prezidentlikka kelgunga qadar paydo bo‘lib ulgurgan.
Avval xabar berganimizdek, Germaniya tashqi ishlar vazirligi chop etgan arxiv hujjatlarida Vladimir Putin 1994-yildayoq Ukraina va Qozog‘istonga nisbatan hududiy da’vo bilan chiqqani bayon etilgan.
«Uning (Putin nazarda tutilmoqda – tahr.) so‘zlariga ko‘ra, Qrim, Sharqiy Ukraina va Shimoliy Qozog‘iston – kamida ushbu hududlar Rossiya uchun hech qachon ajnabiy yerlar sanalmagan, balki hamisha Rossiya hududining tarkibiy qismi sanalgan. Go‘yo biror bir rusga ushbu hududlar endilikda boshqa mamlakatlarga tegishli ekanini tushuntirish imkonsiz emish», – deb yozadi nemis diplomati 1994-yil 14-yanvarga oid bitikda.
Ma’lumot o‘rnida: bu davrda Putin Sankt-Peterburg meri Anatoliy Sobchak ma’muriyatida yuqori lavozimda faoliyat yuritgan. Xususan, 1994-yil mart oyidan u hokimning birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.
Putin Rossiya rahbarligiga kelganidan keyin hududiy da’volar amaliy harakat va chinakam urushga aylanganini ko‘rish mumkin. Xususan, 2014-yilda Ukrainaga tegishli Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilindi. 2022-yil 24-fevralda Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshladi va uning bir qator hududlarini bosib oldi. Qonli urush haligacha davom etmoqda.
Putin SSSRning tarqalishini «XX asrning eng yirik geosiyosiy fojiasi» deb hisoblaydi. U, Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan Rossiya 40 foiz hududini boy bergan deb iddao qilgan.
U SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar Ittifoq tarkibidan chiqish payti o‘zi bilan Rossiyaga tegishli ulkan hududlarni ham olib chiqib ketganini da’vo qilgan. Tahlilchilar bu o‘rinda Rossiya rahbari Ukraina va Qozog‘istonni nazarda tutganini taxmin qilgan.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda AQSh razvedkasi Rossiya prezidenti butun Ukrainani hamda Yevropaning bir paytlar Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan qismini bosib olishni ko‘zlayotganidan ogohlantirgandi.
(Xabar.uz)