LIVIYA QK BOSH SHTABI RAHBARI TURKIYADA AVIAHALOKATGA UCHRADI

Liviya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbari Turkiyada yuz bergan aviahalokatda vafot etdi. Liviya rasmiylarining aytishicha, Falcon 50 turidagi biznes-jet samolyotida parvoz davomida texnik nosozlik yuz bergan.
Samolyot bortida yana to‘rt nafar mansabdor shaxs va uch nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Halokatdan omon qolganlar yo‘q.
General Muhammad Ali Ahmad al-Haddad Turkiya poytaxtida ikki mamlakat o‘rtasida harbiy hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan yuqori darajadagi mudofaa muzokaralaridan Liviyaga qaytayotgan bo‘lgan.
Samolyot parchalari Anqaradan taxminan 70 kilometr janubda joylashgan Xaymana tumanidagi Kesikkavak qishlog‘i yaqinidan topilgan.
Turkiya Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, halokatni o‘rganish bilan to‘rt nafar prokuror shug‘ullanmoqda. Liviya ham Turkiya poytaxtiga mahalliy hokimiyat va tergov organlari bilan hamkorlik qilish uchun maxsus guruh yuborishi ma’lum qilindi.
Anqara aeroporti vaqtincha yopilgan, bir qator reyslar esa boshqa manzillarga yo‘naltirilgan.
(Xabar.uz)