Shahnoza Ochildiyeva: KONSTITUTSIYASINING YANGI VA ESKI TAHRIRI TAHLILI
Ochildiyeva Shahnoza Abdivohid qizi
Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo‘nalishi 2-bosqich talabasi
Annotatsiya: Mazkur maqolada Konstitutsiyaning erkin va farovon hayotni ta’minlovchi hujjat sifatidagi roli hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining eski va yangi tahriri o‘rtasidagi asosiy farqlar yoritib beriladi. Har bir davlat o‘zining huquqiy poydevorini o‘z Konstitutsiyasi bilan belgilashi, u faqatgina qonunlar yig’indisi emas, balki butun bir jamiyatning taraqqiyot strategiyasini belgilovchi, davlat organlari, tuzilma va tashkilotlar faoliyatida tartib o‘rnatuvchi, eng muhimi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlovchi oliy huquqiy hujjat ekanligi haqida so‘z yuritiladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri qabul qilinishi va bu muhim jarayonning mamlakatimiz tarixidagi ahamiyati tahlil qilinadi.
Kalit so‘zlar: Konstitutsiya, huquqiy davlat, inson huquqlari, erkin hayot, ijtimoiy davlat, yangi tahrir, eski tahrir, davlat boshqaruvi, konstitutsiyaviy islohotlar, fuqarolik jamiyati
Annotation: This article highlights the role of the Constitution as a document that ensures a free and prosperous life, as well as the main differences between the old and new editions of the Constitution of the Republic of Uzbekistan. It discusses how every state defines its legal foundation through its Constitution, which is not merely a collection of laws, but the supreme legal document that determines the development strategy of the entire society, establishes order in the activities of state bodies, structures, and organizations, and most importantly, guarantees the rights and freedoms of citizens. The article also analyzes the adoption of the new edition of the Constitution of the Republic of Uzbekistan and the significance of this important process in the history of our country.
Keywords: Constitution, human rights, prosperous life, social state, new edition, previous edition, constitutional reforms, minimum living standards, judicial independence, social protection, democracy, legal reforms, inviolability of property, legal guarantees of citizens.
Аннотация: В данной статье раскрывается роль Конституции как документа, обеспечивающего свободную и процветающую жизнь, а также основные различия между старой и новой редакциями Конституции Республики Узбекистан. Рассматривается, как каждое государство определяет свою правовую основу через собственную Конституцию, которая является не просто сборником законов, а высшим правовым документом, определяющим стратегию развития всего общества, устанавливающим порядок в деятельности государственных органов, структур и организаций и, самое главное, гарантирующим права и свободы граждан. Также анализируется принятие новой редакции Конституции Республики Узбекистан и значение этого важного процесса в истории нашей страны.
Ключевые слова: Конституция, права человека, процветающая жизнь, новая редакция, государственное управление, конституционные реформы, гражданское общество, минимальный уровень жизни, независимость суда; социальная защита, демократия, правовые реформы, разделение властей, неприкосновенность собственности, правовые гарантии граждан.
Konstitutsiya davlatning siyosiy va huquqiy tizimining asosiy tamoyillarini belgilaydi va barcha qonunlarning asosi sifatida xizmat qiladi. Ushbu hujjat fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni qonunan belgilaydi. Eng muhimi, Konstitutsiya shaxsning huquq va burchlari hamda qadr-qimmatiga oliy qadriyat darajasida qaraydi.O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinibdiki, jamiyat hayotida ulkan islohotlarning huquqiy tayanchiga aylandi. U nafaqat davlat boshqaruvi tizimini, balki jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishini ham belgilab berdi. Bugungi kunda Konstitutsiyaning asosiy maqsadi fuqarolarning erkinligi, adolatli sud himoyasi, tenglik, xavfsizlik va farovonligini ta’minlashdir. U yurt fuqarolari hayotining har bir sohasiga faol ta’sir ko‘rsatmoqda.Erkin hayot tushunchasini har kim turlicha talqin qiladi. Umuman olinganda esa bu insonning o‘z fikrini bemalol bildira olishi, e’tiqod tanlash va mehnat qilish, ta’lim olish kabi huquqlaridan cheklovsiz foydalana olishi demakdir. Bu erkinliklar jamiyatda demokratik muhitni shakllantiradi, jamiyatning siyosiy barqarorligini ta’minlaydi va fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Mustaqil yuksalish yillarida Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Konstitutsiyamizdan xalqimizning uzoq o‘tmish davrlardan buyon shakllanib kelayotgan milliy tafakkuri, muqaddas qadriyatlari o‘z aksini topgan, xalqimiz ko‘nglida ustuvor bo‘lgan adolat, haqiqat, iymon, mardlik va bag‘rikenglik kabi ulug‘ fazilatlar o‘rin olgan, albatta.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilindi. Ushbu Yangi Konstitutsiyada erkinliklar yanada aniq, batafsil va zamonaviy talablarga mos tarzda bayon qilingan. Xususan, unda shaxsiy hayot daxlsizligi mustahkamlandi.Shuningdek, advokatura va sud tizimining mustaqilligiga oid yangi normalar joriy qilindi.Bu o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan inson huquqlarining himoya mexanizmlarini kuchaytirib, erkin hayotning real kafolatiga aylanib bormoqda. Farovonlik – bu nafaqat moddiy ne’matlarga ega bo‘lish, balki ijtimoiy himoya, xavfsizlik, ta’lim, tibbiyot, ekologik barqarorlik, adolatli boshqaruv kabi tizimlarning yaxlit majmuidir. O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida esa bu yo‘nalishda tub o‘zgarishlar taqdim etildi. Avvalo, Yangi Konstitutsiyada ilk bor O‘zbekiston “ijtimoiy davlat” deb e’lon qilindi. Bu davlatning aholi ijtimoiy himoyasi bo‘yicha majburiyatlarini oshiradi. Ayniqsa, kam ta’minlangan aholi qatlami bilan ishlash, ularga yordam ko‘rsatish kambag‘allikni qisqartirish strategiyasi va minimal yashash darajasini kafolatlash kabi muhim masalalarga alohida urg‘u berildi. Shuningdek, bepul tibbiy xizmatning kafolati aniq belgilandi, ta’limning sifatli va uzluksiz bo‘lishi esa davlat majburiyatiga aylandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada eskisidan farqli tarzda, Prezident vakolatlarining bir qismi hukumatga va parlamentga o‘tkazildi va Vazirlar Mahkamasining mustaqilligi kuchaydi. Mahalliy kengashlarning vakolatlari kengaydi, hokimlarning ikki tizimni (vakillik va ijro) birlashtirish amaliyoti qisqartirildi. Sud mustaqilligi va odil sudlov prinsiplari ham aniq konstitutsiyaviy kafolatga ega bo‘ldi. Bu kabi o‘zgarishlar davlat hokimiyatining muvozanati va “checks and balances” tizimining mustahkamlanishiga xizmat qilishi shubhasiz. Davlatning fuqaroga yaqinlashuvi, ochiqlik, hisobdorlik tamoyillarining kuchayishi ishonch muhitini mustahkamlamoqda. Ushbu oliy qomusda belgilangan yangi normalar fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish va huquqiy davlatchilikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Har bir davlat rivojlanib borar ekan, yangi o‘zgarishlarga, istiqbolli g‘oya va tashabbuslarga ochiq bo‘lishi zarur. Negaki dunyo shiddat bilan rivojlanayotgan bir zamonda, kechagi qonun va qoidalar bugungi kunga mos kelmasligi, hozir yangilik deb qaralgan masalalar bir zumda oddiy holatga aylanishi va umuman boshqacha talqin qilinishi mumkin. O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi ham mamlakatning hozirgi taraqqiyot bosqichiga mos holda takomillashtirilgan bo‘lib, u erkin va farovon hayotni ta’minlash borasida fundamental kafolatlarni yanada mustahkamladi. Eski va yangi tahrirlar qiyoslanganda, yangi hujjat nafaqat shaklan, balki mazmunan ham ancha kengaygani, zamonaviy demokratik talablar va inson huquqlari standartlariga yaqinlashganini yaqqol ko‘rish mumkin.Konstitutsiyaga kiritilgan yangiliklar davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada barqaror, adolatli va shaffof qilishga xizmat qilmoqda. “Inson qadri uchun” tamoyilining konstitutsiyaviy asosga ko‘chirilishi,ayniqsa,O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotida eng muhim qadamlardan biridir. Eng adolatli va asosiy qomus sanalmish Konstitutsiya O‘zbekiston fuqarolari uchun erkin hayot, xavfsizlik, adolat va farovonlikning kafolatidir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (2023). Yangi tahrir. — Toshkent: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (1992). Eski tahrir. — Toshkent
3.. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi. (2023). “Konstitutsiyaviy islohotlar mazmuni va ahamiyati” rasmiy sharhi.
4.Venice Commission. (2023). Opinion on the Draft Amendments to the Constitution of the Republic of Uzbekistan. Strasbourg.
5.Yo‘ldoshev, Q. (2020). Demokratiya va huquqiy davlat: nazariya va amaliyot. — Toshkent.