Qariyb 1,5 mingta mahalla «kambag‘allikdan xoli» hududga aylantirildi – vazir

Joriy yilda ilk bor 1 ming 435 ta mahalla «kambag‘allikdan xoli» hududga aylantirildi.
Bu haqda Parlament Quyi palatasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitilgan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda Ijtimoiy himoya milliy agentligi va «mahalla yettiligi» hamkorligida 712 mingta oila «Kambag‘al oilalar reyestri»ga kiritilgan. Mazkur reyestrga kiritilgan oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan «individual rejalar» ishlab chiqildi. «Individual rejalar» doirasida 463 mingta kambag‘al oilalarning 2 mln nafar a’zosiga daromadini oshirishga qaratilgan 791 mingta xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Vazirning qayd etishicha, joriy yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushgan. Ayniqsa, Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on, Samarqand, Shirin shaharlarida ishsizlik 4 foizdan pasayib, ilk bor «tabiiy ishsizlik» darajasiga yaqinlashgan. Ehtiyojmand 302 ming oila kambag‘allikdan chiqarilib, yil yakunigacha kambag‘allik darajasi 6 foizgacha kamayishi kutilmoqda.
«Shuningdek, sharoiti og‘ir bo‘lgan Xovos, Mirzaobod, Oqoltin, Do‘stlik, Paxtakor, Forish, Bo‘ston, Vobkent, Mirishkor, Mingbuloq, Uzun va Piskentda kambag‘al oilalarning sonini 4,5 barobargacha kamaytirishga erishildi. Joriy yilda ilk bor 1 ming 435 ta mahalla «kambag‘allikdan xoli» hududga aylantirildi», – deydi vazir.
Majlisda deputatlar sohada erishilayotgan yutuqlarni alohida qayd etib, kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlashda ayrim hududlarda zamonaviy texnologiyalardan yetarlicha samarali foydalanilmayotgani, tayyor loyihalar, katta resurs va ishchi kuchi bo‘lsada ushbu imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganini tanqid ostiga olishdi.
Savol-javob va muhokamalarga boy bo‘lgan majlisda deputatlar tomonidan kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha bir qator takliflar berildi.
Majlisda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilinib, kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, 2025 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 9 756 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mavjud.
Ularning tarkibiy qismi quyidagicha taqsimlangan:
- Mahallalar:8 115 ta;
- Qishloq fuqarolar yig‘inlari:1 294 ta;
- Shaharcha fuqarolar yig‘inlari:190 ta;
- Ovul fuqarolar yig‘inlari:157 ta.
(Xabar.uz)