AQSH RAZVEDKASI PUTINNING YASHIRIN REJASIDAN OGOHLANTIRDI

Foto: “Cputnik”
AQSh razvedkasi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tajovuzkor yashirin rejasidan ogohlantirmoqda.
Reuters agentligi xabar berishicha, Qo‘shma Shtatlar josuslik idorasi Putin butun Ukrainani hamda Yevropaning bir paytlar Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan qismini bosib olishni ko‘zlagan.
Ayni paytda Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha Rossiya bilan muzokara olib borayotgan AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Kreml harbiy to‘qnashuvga chek qo‘yish niyatida ekanini ta’kidlamoqda. AQSh razvedkasi ogohlantirishi esa josuslik idorasi xulosasi hamda siyosiy ma’muriyat bayonotlari o‘rtasida ziddiyat mavjudligidan dalolat beradi.
Buyuk Britaniya hamda Yevropaning boshqa davlatlari maxsus xizmatlari ham Putinning «ishtahasi karnay» ekanidan xavotirda.
«Razvedka ma’lumotlari hamisha Putin ko‘proq narsa xohlayotganiga shohidlik bergan. Yevropaliklar ham shunday deb hisoblashadi. Jumladan, polyaklarning bunga ishonchi komil. Boltiq davlatlari esa o‘zlarini birinchi navbatda tahdid ostida deb bilishadi», – degan AQSh Kongressi Vakillar palatasining razvedka qo‘mitasi a’zosi Mayk Kuigli.
AQSh milliy razvedka idorasi rahbari Tulsi Gabbard esa Reuters agentligi chop etgan maqolani «Trampning urushni yakunlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini yo‘qqa chiqarishga qaratilgan yolg‘on» deb atagan. Tulsi Gabbardga ko‘ra, Rossiya Ukrainaning to‘liq bosib olish va Yevropaga hujum qilish imkoniyatiga ega emas.
2022-yil 24-fevral kuni Ukrainaga qarshi bosqin boshlagan Rossiya ayni paytda qurolli ziddiyatni muzokara yo‘li bilan to‘xtatish niyatida ekanini aytmoqda. Tinchlik muzokaralari boshida turgan Tramp ma’muriyati Ukrainadan Rossiyaga hududiy yon berishlarni talab qilayotgani aytilmoqda. Ammo Yevropa davlatlari va Ukraina Rossiya tinchlik sulhidan foydalanib, harbiy kuch-qudratini oshirishni ko‘zlamoqda deb hisoblaydi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin harb maydonida Ukrainani mag‘lub etgudek bo‘lsa, NATOga qarshi urush ochadi, deb hisoblaydi xavfsizlik bo‘yicha Myunxen xalqaro konferensiyasi rahbari Kristof Hoysgen.
«Putin bir necha bor Covet Ittifoqining parchalanishi va ruslar Rossiyadan chetda qolib ketganini XX asrning katta fojiasi deb atagan. Agar Putin Ukrainada mag‘lub etilmasa, u Moldovaga qadar yoki Boltiq mamlakatlariga qadar kelishini kutishimiz kerak», – degan Kristof Hoysgen.
Germaniya federal razvedka xizmati rahbari Bruno Kal ham G‘arb davlatlari o‘z mudofaa qobiliyatini oshirish borasida qat’iyat ko‘rsatmasa, Moskva NATOga hujum qiladi deb hisoblaydi. Josuslik idorasi rahbari fikricha, rus qo‘shinining Ukrainadagi g‘alabasi Putinning NATO davlatlariga hamlasi ehtimolini oshiradi.
Avvalroq Amerikadagi Urushni tadqiq qilish instituti (ISW) Boltiqbo‘yi mamlakatlari Kremlning Ukrainadan keyingi nishoni bo‘ladi degan taxminni ilgari surgan.
Joriy yil dekabr oyida boshida prezident Putin Rossiya Yevropa davlatlari bilan urush qilish niyatida emasligi, lekin Yevropa urush boshlasa, Rossiya bunga tayyor ekanini aytdi.
Oldinroq Britaniya matbuoti ham Rossiya NATO, xususan, Yevropa davlatlarining xavfsizligiga tahdid tug‘diruvchi, ta’bir joiz bo‘lsa, ularning o‘takasini yoruvchi qaltis harakatlar qilayotgani haqida yozgandi.
(Xabar.uz)