Fozil Farhod: ULOQDA BOSH SOVRINGA NIMALAR BERILDI?
Kecha Bekobod tumanida shov-shuvli uloq-koʻpkari oʻtibdi. Nima boʻpti, koʻpkari yurtimizda doim oʻtib kelgan, deyishga shoshilmang! Bunisi boshqacha boʻpti. Nega boshqacha ekanini oxirida aytaman. Ichingiz sal qizisin.
Bekobodning bepoyon qirlarida oʻtgan katta koʻpkari musoboqasiga havoni sovuq demay, yurtimizning viloyatlari-yu qoʻshni yurtlardan chavandozlar kelibdi. Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan kelgan polvonlar bilan bizning chavandozlar halol ot suribdi, doʻstlik, qardoshlik va birdamlik koʻrsatishibdi.
Endi solimlar oʻtsak. Viloyat hokimi, saxovatpesha fermer va tadbirkorlar ishtirokida gʻoliblarga 50 dan ortiq sovrinlar qoʻyilibdi. Doimgi qimmatbaho tuya, toy, qoʻchqor va pul mukofotlari boʻlgan, albatta. Ammo bosh sovringa 1000 ta kitob, 10 kVt quyosh paneli, 100 tub chinor koʻchati, 1 tonna Bekobodning oʻzida yetishtirilgan guruch qoʻyilgani nihoyatda ayricha boʻpti. Bosh sovrinni Sirdaryodan Shohrux polvon bekobodlik Firdavs akaning chopogʻon “Bugatti” otida yutgan.
Bu nafaqat milliy sport oʻyini, balki maʼrifat, yashil energiya, tabiatni asrab-avaylash, oziq-ovqat xavfsizligi va dasturxon toʻkinligini taʼminlashday gʻoyalar mujassam ezgu tadbirga aylanibdi. Bugunning polvoni ham jismonan kuchli, ham kitobxon, ham ona tabiat bilan uygʻun, halollik aʼmoli boʻlgan jasur inson boʻlishi kerakligi aytilibdi. Bu sifatlar nafaqat eru eranlarimizda, balki bugungi jamiyatimizdagi har bir kishida boʻlishi kerak. Shunday emasmi?
Fozil Farhod












