9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Putin Ramzan Qodirovni o‘rnak qilib ko‘rsatdi

notiq.uz > Yangiliklar  > Putin Ramzan Qodirovni o‘rnak qilib ko‘rsatdi

Putin Ramzan Qodirovni o‘rnak qilib ko‘rsatdi

Putin Ramzan Qodirovni o‘rnak qilib ko‘rsatdi

Foto: RKadyrov_95/Telegram

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 19-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yil yakunlariga bag‘ishlangan muloqotda Kavkaz xalqlariga xos urf-odatni hamda Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni ibrat sifatida ko‘rsatdi.

Qariyb 4,5 soat davom etgan muloqot davomida jurnalistlar va Rossiya fuqarolari Kreml rahbariga turli masalalarda savol bilan murojaat qilgan.

«Kavkaz xalqlarida shunday bir yaxshi an’ana bor: ular farzandlarini erta yoshda uylantirishadi va turmushga berishadi. Bu chindan ham to‘g‘ri qaror. Ulardan namuna olish kerak. Buni qayerdan bilaman? Gap shundaki, (Checheniston rahbari) Ramzan Qodirovning oilasi katta, farzandlari ko‘p. (Farzandlari) barvaqt uylanadi va erga tegadi. U menga bizda, butun Kavkazda shunday an’ana bor degan edi. Bu juda ham ajoyib», — degan Rossiya rahbari yoshlarni ko‘proq va ertaroq farzand ko‘rishga undar ekan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ramzan Qodirovning 14 nafar farzandi bor.
Foto: RKadyrov_95/Telegram

Putin yoshlarga farzand ko‘rish insonga yuklangan «ilohiy missiya» ekani, otalik va onalik katta baxt ekanini uqtirgan.

Tahlillarga ko‘ra, Rossiya aholisi yil sayin kamayib bormoqda. 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakat aholisi 146 028 325 kishini tashkil etgan. Shu tariqa 2024-yilga nisbatan Rossiya nufusi 0,08 foizga kamaygan.

Hisob-kitoblarga qaraganda, 2045-yilga borib Rossiya aholisi 138,8 million yoki 130,6 millionga qadar kamayadi. Bu raqamlarda Ukrainaga qarshi urushdagi insoniy talafotlar inobatga olinmagan.

Ba’zi olimlar Rossiya aholisi 2100-yilga borib 74 milliondan 112 millionga qadar kamayadi deb hisoblaydi. Demografik tanglik esa mamlakat uchun ulkan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Avval xabar berganimizdek, Putin 2024-yilda ham mamlakatda tug‘ilishning umumiy darajasini oshirish haqida farmon chiqargandi. Hujjatda tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti 2030-yilga borib 1,6 nafarga, 2036-yilda esa 1,8 nafarga yetishi lozimligi qayd etilgan.

Bir necha hafta muqaddam Rossiya parlamentining yuqori palatasi — Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko ham mamlakat ayollarini 18 yoshdanoq farzand ko‘rishga chaqirgandi.

(Xabar.uz)

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.