AQSh Oyda atom reaktorini o‘rnatishni rejalashtiryapti

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning yangi kosmik rivojlanish rejasini tasdiqladi. Ushbu hujjatga muvofiq, Amerika Qo‘shma Shtatlari yadroviy texnologiyalar yordamida Oyga qayta uchishni maqsad qilgan.
Yangi strategiya asosida Milliy aerokosmik idoraga (NASA) «Artemida» dasturini jadal rivojlantirishga ruxsat berildi. Rejaga ko‘ra, 2028 yilga qadar amerikalik fazogirlar yana Oy yuzasiga qadam qo‘yadi, 2030 yilga borib esa u yerda AQShning doimiy tayanch nuqtasi tashkil etiladi.
Rejaning eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘layotgan jihati — atom energiyasidan foydalanishdir. AQSh Oydagi kelajak bazani barqaror elektr quvvati bilan ta’minlash maqsadida yadroviy reaktor ishlab chiqish va uni Oy yuzasiga o‘rnatishni ko‘zlamoqda. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, mazkur reaktor o‘n yil davomida ishga tushirishga tayyor holga keltiriladi.
Yangi kosmik strategiya faqat Oy bilan cheklanib qolmaydi. Hujjatda «Oltin gumbaz» deb nomlangan yangi himoya tizimi ham nazarda tutilgan. U havodan kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni barvaqt aniqlashga xizmat qiladi. Bu tizim Yer atrofi fazosi hamda Yer bilan Oy orasidagi hududni nazorat qilish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Oq uy ushbu qaror orqali iqtisodiy samaraga ham umid qilmoqda. Rejaga muvofiq, yangi farmon Amerika kosmik sohasiga kamida 50 milliard dollar sarmoya jalb qilish, shuningdek, davlat buyurtmalari tizimini yangilashga xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur strategiya AQShning koinotdagi ustuvor mavqeini mustahkamlash, shu bilan birga, kelajakdagi ilmiy, harbiy va iqtisodiy manfaatlarni ta’minlashga qaratilgan.
(Xabar.uz)