O‘zbekiston JICA bilan 3 mlrd dollardan ortiq qiymatli tashabbuslarni ishlab chiqyapti

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tokioga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Yaponiyaning ushbu yetakchi moliya instituti bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda strategik sheriklikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Loyihalar doirasida mablag‘larni o‘zlashtirish sur’ati sezilarli darajada o‘sdi.
Loyihalar portfeli 8 milliard dollardan oshdi. Sog‘liqni saqlash, energetika, transport, ta’lim, sanoat va boshqa ustuvor sohalarda yana 3 milliard dollardan ortiq qiymatga ega tashabbuslar ishlab chiqilmoqda.
Tashrif doirasida iqtisodiy zonalar, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, transport sohalarini rivojlantirish hamda tibbiy uskunalar yetkazib berish bo‘yicha yangi kelishuvlar imzolandi.
Yaponiya tomoni qo‘shma Inson resurslarini rivojlantirish markazi va Yoshlar innovatsiya markazi faoliyatini ko‘p yillardan buyon qo‘llab-quvvatlab kelayotgani yuqori baholandi.
Agentlikning energetika sektorini rivojlantirish, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlash va kambag‘allikka qarshi kurashish, ilg‘or muhandislik kadrlarini tayyorlash hamda «Bir qishloq – bitta mahsulot» loyihasi ko‘lamini oshirishdagi ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar Yaponiya investorlari uchun maxsus iqtisodiy zona barpo etish loyihasini tez fursatlarda ishga tushirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari JICA bilan 2030 yilga qadar Yangi hamkorlik dasturi doirasidagi loyihalarni o‘z vaqtida tayyorlash va ularning natijalari barqaror bo‘lishini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
(Xabar.uz)