«Konstitutsiyaviy shikoyat» instituti samaradorligi oshiriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-dekabr kuni fuqaro va tadbirkorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Joriy yilda o‘zining 30 yilligini nishonlayotgan Konstitutsiyaviy sud faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar bajarildi. Jumladan, 2021-yilda Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risidagi qonun yangi tahrirda qabul qilinib, samarali konstitutsiyaviy nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud o‘z vakolatlarini to‘laqonli amalga oshirishini ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifasi bo‘lib, mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish taqozo etilmoqda.
Taqdimotda bu boradagi takliflar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Konstitutsiyaviy sud tomonidan har yili mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash bo‘yicha taqdim etib boriladigan taklif va tavsiyalarni amalga oshirishning samaradorligi oshiriladi.
Bunda Konstitutsiyaviy sud tomonidan fuqaro va tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartib-taomillari maqbullashtiriladi, sansalorliklar bartaraf etiladi.
Shuningdek, “konstitutsiyaviy shikoyat” instituti samaradorligini oshirish va murojaat etuvchilarning sud himoyasini ta’minlash maqsadida sud ishida qo‘llanilgan qonun Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topilgan taqdirda tegishli sud hujjatini qayta ko‘rib chiqish tartibini joriy etish taklif qilindi.
Taqdimotda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish orqali aholiga qulaylik yaratish masalalari ham muhokama qilindi.
Xususan, Konstitutsiyaviy sud majlislarida masofadan onlayn tarzda ishtirok etish, sud majlislarini internet orqali translyasiya qilib borish, vazirlik va idoralar o‘rtasida elektron axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Konstitutsiyaviy sudning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyaviy sudlari bilan hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Sudning Osiyo konstitutsiyaviy sudlari assotsiatsiyasiga raisligi doirasida mamlakatimizda va xorijda qator xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Odil sudlovni ta’minlashga oid boshqa masalalar, xususan, iqtisodiy va ma’muriy sudlarni aholi hamda tadbirkorlarga yanada yaqinlashtirish ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, ushbu sudlarga murojaat qilishda eksterritorial sudlovga tegishlilikni avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali hal qilish tashabbusi ilgari surildi.
Prezidentimiz takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularni sifatli va tizimli amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
(Xabar.uz)