9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

«Insoniyat sivilizatsiyasiga asos bo‘lgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan» – Paragvay Prezidenti

notiq.uz > Yangiliklar  > «Insoniyat sivilizatsiyasiga asos bo‘lgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan» – Paragvay Prezidenti

«Insoniyat sivilizatsiyasiga asos bo‘lgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan» – Paragvay Prezidenti

«Insoniyat sivilizatsiyasiga asos bo‘lgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan» – Paragvay Prezidenti

Foto: Islom sivilizatsiyasi markazi.

O‘zbekistonga rasmiy tashrif doirasida Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi.

Oliy martabali mehmonga O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov hamrohlik qildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu Markaz islom sivilizatsiyasining bebaho ilmiy va ma’naviy merosini asrash, o‘rganish va uni jahon hamjamiyatiga yetkazishga qaratilgan yirik tarixiy-ma’rifiy majmua hisoblanadi. 

Santyago Penya tashrif davomida Qur’oni karim zaliga kirib, musulmon olamida ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan Usmon Mushafi — Qur’onning eng qadimiy nusxalaridan biri bilan yaqindan tanishdi. Mazkur nodir qo‘lyozmaning islom tarixi va jahon ilmiy-falsafiy taraqqiyotidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.

Paragvay Prezidentining delegatsiya a’zolari markazdagi “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” hamda “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Mehmonlar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi ulug‘ allomalarning dunyo ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqidagi ma’lumotlardan katta taassurot oldi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar va temuriylar davrlariga oid nodir qo‘lyozmalar, artefaktlar, manbalar ham namoyish etildi. 

Tashrif davomida davlat rahbari markazdagi 14 ta ravoq, tarixiy artefaktlar va rangtasvir asarlarini ko‘zdan kechirib, ularda aks etgan boy ma’naviy va ilmiy merosga yuksak baho berdi. Ayniqsa, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Termiziy va Buxoriy kabi allomalarning ilmiy merosi bilan bog‘liq ekspozitsiyalar Prezident Penyada katta taassurot qoldirdi.

Prezident Santyago Penya shunday dedi: 

“O‘zbekiston tarixi haqiqatan ham beqiyos. U besh ming yillik taraqqiyotni o‘z ichiga olgan ulkan sivilizatsiyadir. Bir millatni anglash uchun uning tarixini bilish kerak, bu yerda esa tarix juda boy. Insoniyat sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan ko‘plab ilmiy va madaniy yutuqlar aynan shu zamindan kelib chiqqan. O‘zbekistonning eng katta boyligi — uning tarixiy merosi, ilmiy yutuqlari va madaniy sivilizatsiyasidir. Masalan, algebra yoki tibbiyot sohasidagi ilk mukammal ilmiy asoslar shu yurtdan kelib chiqqanini ko‘pchilik bilmaydi. Men bu tashrifdan juda ruhlandim. Paragvay O‘zbekiston bilan kelgusidagi istiqbolli hamkorlikka tayyor”.

Delegatsiya islomdan avvalgi davrlarga oid ekspozitsiyalar bilan ham tanishdi. 80 ming yillik tosh nayzalar, qadimgi Baqtriya, So‘g‘d va Xorazm sivilizatsiyalariga oid ma’lumotlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Zardushtiylik davri artefaktlari, qadimiy qo‘lyozmalar va immersiv shou-taqdimotlar yuqori bahoga sazovor bo‘ldi. Shundan so‘ng delegatsiya “Kongress xoll” majmuasini ko‘zdan kechirdi va tashrif “Ikkinchi Renessans” bo‘limidagi ekspozitsiyalar bilan davom etdi. Mehmonlar Amir Temur davri tarixi, o‘sha davrga oid shaxmat donalari va qadimiy Qur’on qo‘lyozmalarini ko‘rib chiqishdi. Prezident Santyago Penya Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarining amaliy samarasi ekanini alohida ta’kidlab, mamlakatimizda tarixiy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.

(Xabar.uz)

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.