NODIRBEK ABDUSATTOROV- LONDON CHESS CKASSIC 2025 G‘OLIBI !

Kecha, 4-dekabr kuni Londondagi Emirates Stadium majmuasida shaxmat bo‘yicha London Chess Classic 2025 turnirining 8-tur o‘yinlari yakuniga yetdi.
Mukofot jamg‘armasi 50 ming funt sterlingni tashkil etuvchi ushbu nufuzli musobaqada dunyoning eng kuchli shaxmatchilari qatorida bosh sovrin uchun kurashgan o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov muddatidan avval g‘olib bo‘ldi.
U 8-turda musobaqaning birinchi raqamli shaxmatchisi, Fransiya sharafini himoya qilayotgan Alirizo Firo‘zja bilan durang o‘ynadi va 8 imkoniyatdan 7 ochko to‘plab, finishga bir tur qolganida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Firo‘zja 5 ochko bilan — ikkinchi o‘rinda.
O‘zbekistonlik shaxmatchi so‘nggi turda ukrainalik grossmeyster Pavel Elyanovga qarshi dona suradi.
Abdusattorov turnirni britaniyalik Geveyn Jonsga qarshi durang bilan boshlab, keyin ketma-ket oltita o‘yinda quyidagi raqiblarni mag‘lub etdi: Abhimaniya Mishra (AQSh), Nikita Vityugov (Angliya), Maykl Adams (Britaniya), Nikolas Teodoru (Gretsiya), Sem Shenklend (AQSh), Lyuk Maksheyn (Britaniya).
Nodirbek Abdusattorov London Chess Classic turniridagi g‘alabasidan so‘ng reytingini 20 ochkoga yaxshilab, onlayn-jadvalda 22-o‘rindan 12-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
(Xabar.uz)