9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

SIRDARYODA 100 MILLION KUB METRLIK YANGI SUV OMBORI QURILADI

notiq.uz > Yangiliklar  > SIRDARYODA 100 MILLION KUB METRLIK YANGI SUV OMBORI QURILADI

SIRDARYODA 100 MILLION KUB METRLIK YANGI SUV OMBORI QURILADI

Sirdaryoda 100 million kub metrlik yangi suv ombori quriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Sirdaryo viloyatida 287 ming gektar suvli, 16,5 ming gektar yaylov va o‘rmon yerlari bor.Joriy yil Mirzaobod, Xovos va Sardobadagi 16 ming gektar cho‘l yerlar foydalanishga kiritilib, yarmiga yangi texnologiya asosida paxta ekilgani uchun gektaridan 60 sentnergacha hosil olindi

Xitoylik investorlar 50 million dollar hisobiga Boyovut, Guliston, Oqoltin, Xovos va Sirdaryo tumanidagi 30-40 yildan beri hech narsa ekilmagan yana 12 ming gektar tashlandiq yerni tomchilab sug‘orish orqali foydalanishga kiritishni boshlab yubordi. Kelasi yil bu yerlarda paxta yetishtirilib, kamida 60 ming tonna hosil olinadi. 

Buning natijasida shuncha gektar kam hosilli paxta va g‘alla dalasini qisqartirilib, o‘rnida ozuqa ekinlarini joylashtirishga ruxsat beriladi. 

Xitoyning Shimoliy-g‘arbiy agrar universiteti, Yanlin yuqori texnologiyalar zonasi bilan hamkorlikda Sirdaryoda qishloq xo‘jaligi urug‘chiligi bo‘yicha ilmiy-innovatsion markaz ishini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Sirdaryo viloyatida joriy yil 10 ming gektarda asosiy ekin sifatida sholi yetishtirilib, 53 ming tonna hosil olindi. 

Bu yaxshi ko‘rsatkich bo‘lsa-da, suvni tejash masalasi ham muhimligi qayd etildi. 

Boyovutlik fermer tomchilab sug‘orishni yo‘lga qo‘yib, g‘alladan bo‘shagan 23 gektar yerda takroriy ekinga 8 gektarida sholi, yana 15 gektarida esa paxta ekib, gektaridan 5-6 tonna hosil oldi. Eng muhimi, suv sarfi 10 barobar kamaydi. 

Shu bois, sholi yetishtiriladigan 8 ta tuman hokimlariga har yili kamida 2 ming gektar sholi maydonini tomchilatib sug‘orishga o‘tkazish topshirildi.

Ekin yerlarida suv ta’minotini yaxshilash uchun kelasi yil Boyovutda sig‘imi 100 million kub metr bo‘lgan “Sultonhovuz” suv omborining qurilishi boshlanadi. 

Bu orqali Boyovut, Guliston, Sayxunobod, Sirdaryo va Mirzaobod tumanlaridagi 110 ming gektarda yiliga 2 marta hosil olish imkoniyati yaratiladi. Yerlarning meliorativ holatini saqlab turish uchun viloyatdagi 16 ming kilometr zovurlarni bosqichma-bosqich tozalash vazifasi qo‘yildi. 

Viloyatdagi 200 ming gektarga yaqin ekin yerlari kuchli va o‘rta darajada sho‘rlangan. Sho‘rlangan yerlarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha pilot loyihani Sirdaryoda sinovdan o‘tkazib, natijasiga qarab, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi. Mutasaddilarga suv hisobini yuritish bo‘yicha Sirdaryoni namunali hududga aylantirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

(Xabar.uz)

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.