PUTIN QANDAY HOLATDA YEVROPA BILAN URUSH BOSHLANISHI MUMKINLIGINI AYTDI

Foto: RIA Novosti.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat Yevropa davlatlari bilan urush qilish niyatida emasligini aytdi. Lekin Yevropa urush boshlasa, Rossiya bunga tayyor, deydi u.
«Rossiya Yevropa davlatlari bilan urush boshlash niyatida emas, lekin Yevropa urush boshlasa, Rossiya hozir tayyor», — dedi prezident.
Putin, shuningdek, Yevropa Ukraina uchun tinchlik rejasi bo‘yicha Rossiya uchun qabul qilib bo‘lmaydigan takliflarni ilgari surayotganini ta’kidladi. Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlatlari ayni damda tinchlik jarayonidan chiqib ketgan, mojaroni cho‘zishga ahd qilgan va boshqa narsalar qatori AQSh prezidenti Donald Trampning kelishuv rejasiga aralashmoqda.
2-dekabr kuni Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Yevropa Ittifoqi (YeI) Rossiya bilan urushga tayyorlanayotganini ma’lum qildi. U alyansning 2029-yilgacha to‘liq jangovar shaylikka erishishi kerakligi ko‘rsatilgan strategik hujjatlarini keltirib o‘tdi. Vazirning aytishicha, bu Yevropa va Rossiya o‘rtasida 2030- yilda urush boshlanishiga imkon beradi.
Noyabr oyi oxirida Siyyarto Yevropa Ittifoqini Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik kelishuvini yana bir bor buzishni rejalashtirishda ayblagandi. Uning fikricha, Yevropa davlatlarining barcha siyosatchilari AQSh tinchlik rejasini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashlari kerak, chunki bu pozitsiya «insonparvarlik va sog‘lom fikr» tamoyillariga mos keladi.
(Xabar.uz)