HAMKORLIKNING MUHIM MEXANIZMI

Dolzarb, da’vatkor nutq inson diqqatini tortmasdan qolmaydi. Agar u mamlakatlarning hamkorligi, do‘stligi va jipsligi bilan bog‘liq bo‘lsa yanada e’tiborga molik bo‘ladi.
Davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-maslahat uchrashuvidagi nutqi ana shu jihati bilan xarakterlanib turadi. Ushbu sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Sammit samimiy tilaklar bilan boshlandi. «Bugun bizning qardosh xalqlarimiz uchun haqiqatan ham tarixiy kun. Biz Ozarbayjon Respublikasini Maslahat uchrashuvlarimiz formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilish to‘g‘risida prinsipial qaror qabul qilmoqdamiz»,- dedi mamnuniyat bilan Prezidentimiz.
Ochiq aytish kerakki, ushbu nutq Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida mustahkam ko‘prikning timsoliga aylandi. Sammitda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze janoblarini ishtiroki ham ahamiyatli bo‘ldi.
Prezident nutqida ilk uchrashuvdan buyon o‘tgan qisqa davrda juda katta, ahamiyatiga ko‘ra tarixiy yo‘l bosib o‘tilgani, birgalikdagi faol sa’y-harakatlar natijasida dolzarb bo‘lgan qator muammolarga samarali yechimlar topishga muvaffaq bo‘lingani qayd etildi. Hududiy masalalar uzil-kesil hal etildi, chegara punktlari ochildi, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, transport aloqalari qayta tiklandi, mamlakatlarimiz o‘rtasida faol savdo-investitsiya va gumanitar aloqalar uchun qulay sharoit yaratildi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo – bu barqaror o‘sish va farovonlik uchun oldimizda yangi imkoniyatlar ochayotgan jadal taraqqiyot va samarali hamkorlik makonidir.
Raqamlar ham so‘zlaydi. Bu yutuqlar garovidir. O‘tgan yili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 10,7 milliard AQSH dollariga yetdi. Mintaqamizga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 17 foizga ko‘paydi. “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi munosabatlar kuchaydi. Mintaqamiz nufuzli xalqaro maydonlarda yagona pozitsiyani namoyon etmoqda. O‘zbekistonning raisligi davrida hamkorligimiz salohiyatini yanada oshirish maqsadida 20 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazilgani ham e’tiborga molik.
«Ishonchim komilki, — deydi Prezident, bugun biz mintaqamizning Yangi Markaziy Osiyo sifatidagi tarixiy uyg‘onish davri ostonasida turibmiz. Biz hamkorligimizning institutsional asoslarini yanada mustahkamlash, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga nisbatan tahdidlarga o‘zaro muvofiqlashtirilgan javobni ishlab chiqishni o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘yganmiz. Biz uchun hozirning o‘zida mintaqamizni bundan 10-20 yildan keyin qanday ko‘rishni xohlashimiz bo‘yicha aniq tushunchaga ega bo‘lish muhimdir.»
Prezident tomonidan ilgari surilgan takliflar ahamiyatlidir. Bular: hamkorlik mexanizmlari va shartnomaviy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish; savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish; yuqori texnologiyali mintaqaviy infratuzilmalar va transport-logistika salohiyatini birgalikda rivojlantirish; mintaqamizning gullab-yashnashi va farovonligi bevosita bizning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar; ekologiya, iqlim va suv resurslari taqchilligi masalalarini doimiy e’tiborda tutishdan iborat.
Nutqda sohamizga bevosita daxldor bo‘lgan, aniqrog‘i, suv masalasiga to‘xtalinganili e’tiborga molik. Mintaqada suv taqchilligi tobora o‘sib borayotgani va uning barqaror rivojlanishdagi salbiy oqibatlarini hisobga olib, 2026-2036 yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilishni taklif etamiz, dedi Prezident.
Qo‘shni Afg‘onistonni Amudaryo havzasi suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga faol jalb etishni muhimligini ta’kidladi. Soha kadrlarini professional tayyorlashga investitsiya jalb etmasdan turib, suv resurslarini samarali boshqarish imkonsiz ekanligini e’tirof eta turib, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti MTU bazasida Suv xo‘jaligi sohasida kompetensiyalar mintaqaviy markazini tashkil etish rejalashtirilganini ham ta’kidladi Prezident.
So‘ngra o‘z nutqida davom etib barchaning diqqatini bu masalaga jalb etdi. “Sizlarga ma’lumki, kelgusi yilda mamlakatimizda Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumi o‘tkazishni reja qilganmiz. Bu borada sizlarning qo‘llab-quvvatlashingizga va anjumanda faol ishtirok etishingizga umid qilamiz.”
Keyin esa xalqlarni madaniy va ma’naviy jihatdan o‘zaro boyitadigan Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy bilimlar va g‘oyalar yaratish, tadqiqotlar olib borish, umumiy madaniy-tarixiy merosimizni ommalashtirish uchun noyob platforma ekanini ham ta’kidladilar Prezident.
Qabul qilinayotgan hujjatlar va ilgari surilgan tashabbuslar zamiridagi maqsadni Prezident baralla e’tirof etdi. Bu barchamiz uchun umumiy bo‘lgan barqaror, xavfsiz va gullab — yashnagan Markaziy Osiyoni barpo etish niyatidir.
Buning uchun kuch birlikda, muvaffaqiyat sari yo‘l do‘stlik va hamkorlikda ekani ayni haqiqat.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, Prezidentimiz nutqidagi asosiy tezislar quyidagilar bilan izohlanadi.
— Mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish: Prezident Mirziyoyev mintaqa ichida savdo hajmini oshirish, to‘siqlarni bartaraf etish va qulay sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklif etildi.
— Investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish: Mintaqa davlatlari o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlikni rag‘batlantirish, qo‘shma investitsiya fondlarini tashkil etish va biznes uchun qulay muhit yaratish muhimligi qayd etildi.
—Transport-kommunikatsiya sohasini rivojlantirish: Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini oshirish, yangi transport yo‘laklarini yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
— Energetika sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish: Energetika xavfsizligini ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklif etildi.
— Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish: Iqlim o‘zgarishining mintaqaga ta’sirini yumshatish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
— Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish: Mintaqa xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida madaniy, ta’limiy va ilmiy almashinuvlarni faollashtirish taklif etildi.
— Xavfsizlikni ta’minlash: Mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etish, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Xullas, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-maslahat uchrashuvidagi nutqi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbuslarga boy bo‘ldi. Ushbu tashabbuslar Markaziy Osiyoning kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. Bu esa hamkorlik mexanizmining mustahkam mezoni demakdir.
Rahimboy Jumaniyozov, Professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi
