9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

DILOBAR MAXMAREJABOVA: YO‘QOTILGAN MEHR

notiq.uz > Yangiliklar  > DILOBAR MAXMAREJABOVA: YO‘QOTILGAN MEHR

DILOBAR MAXMAREJABOVA: YO‘QOTILGAN MEHR

YO‘QOTILGAN MEHR

Ko‘chada bolalar qiqir-qiqir kulib yugurishardi. Deraza ortidan ularning shovqinini eshitarkanman, ichimdan bir nimadir g‘imirlab qo‘yardi. O‘sha shovqin meni hayotga qaytarardi, ammo bir vaqtning o‘zida qalbimni tirnar edi — men ularga qo‘shila olmasdim. Deraza oynasi oramizga devor bo‘lib turardi: ular — o‘ynayotgan baxtli bolalar, men esa — ichkarida yolg‘izlikka mahkum bir bola.

Uy jim. Jimlik hatto devorlarga singib ketgandek. Oyoq tovushlarim ham bu sukunatni bezovta qilgisi kelmay sekin yurardi, go‘yo men emas, uy mendan qo‘rqayotgandek.

Har tong oyim ishga shoshar, men maktabga otlanardim. Ammo maktabdan qaytish — men uchun eng og‘ir lahzalar edi. Boshqa bolalar dadasining qo‘lidan ushlab, akalariga ilashib uyga yugurardi. Men esa sekin yurardim. Chunki uyda meni chaqiradigan ovoz yo‘q edi.

Qorong‘u erta tushardi. Ko‘cha bo‘shar, har bolaning ismi birma-bir aytilardi. Mening ismim esa hech qaerdan yangramasdi. Shunda qadamlarim yanada og‘irlashardi. Uyga emas — sukunatga qaytayotgandek.

Uyga kirganimda qorong‘ilik shundoqqina eshik ortidan qarshi olar edi. Xonamga kirib, yostiqqa yuzimni bosib, ovoz chiqarmaslikka urinar, lekin yig‘i baribir sinib tushardi. Bu yig‘i bolaligimning yagona hamrohi edi.

Oyim kech qaytardi. Meni uxlab qolgan holimda ko‘rib, yotog‘imga yotqizib qo‘yardi. Men uyg‘onmaganday, uy esa o‘z sukunatidan voz kechmasdi. Ular tirikchilik tashvishida yugurishardi, lekin bola yuragining bo‘shlig‘i hech qachon ish bilan to‘lmaydi — u faqat mehr bilan to‘ladi.

Yillar o‘tdi. Bolalikdagi sovuq xonalar qalbimni ham asta-sekin sovutdi. Mehrning ta’mini bilmay ulg‘aygan odam buning qadrini boshqalardan ham yaxshi anglaydi.

Universitetga o‘qishga kirdim. Hayotim o‘zgaradi, deb o‘yladim. Va bir kun akam chetdan qaytadi, degan xabar yuragimga uzoq yillardan beri ilk marta iliqlik olib kirdi.

Aeroport… odamlar shoshib yurardi. Men esa o‘sha gavjumlik ichida bolaligimni kutayotgandek titrardim. Akam uzoqdan ko‘rindi. Yuragim hapqiradi. Ko‘zlarimga yosh keldi. Yillar davomida tuyolmagan mehrim mana endi menga qaytayotgandek tuyuldi.

Quchoqlashdik. Ammo… o‘sha mehr yo‘q edi. Qo‘llarida iliqlik emas, begonalik sezdim. Bolaligimdagi akam emas—yonimda boshqa odam turardi. Xuddi mening bolaligimdagi mehrini kimdir olib qo‘yib, o‘rniga sovuqlik qo‘ygandek edi.

U qaytgach, uy yana torayib qolgandek bo‘ldi. Qahrli ovozlar, tanbehlar, keraksiz haqoratlar… Har kuni yuragimga toshday qo‘nar, ichimda yana o‘sha eski bo‘shliq uyg‘onardi. Uyning devorlari yana sovuqlashdi. Men yana o‘sha eski holimga qaytdim — yolg‘iz va eshitilmaydigan bola.

Bir kuni ko‘chada maktabdoshim Ikromni uchratdim. Ko‘zlarida charchoq, dard, odamga aytolmay yurgan og‘ir yuk bor edi. Gapira boshladi, dardi bitmasdi. Chetga ketmoqchi ekan, hayotim o‘zgaradi, deb umid qilar ekan.

Men unga sekin dedim:

— Ikrom… odam o‘ylaydi: pul topsam hammasi o‘zgaradi, deb. Hayotim yaxshilanadi, deb. Lekin bilasanmi, yo‘qotilgan narsa qaytmaydi. Ketgan vaqt qaytmaydi. Sovugan mehr qaytmaydi. Bolaligingni, yoningda bo‘lishi kerak bo‘lgan odamlarni keyin qidirib topa olmaysan. Odamlar ham, hislar ham bir marta ketadimi — bo‘shlig‘ini qoldirib ketadi. O‘sha joyga qayta hech kim sig‘maydi.

U jim bo‘lib qoldi. Menda esa gap tugadi. Har kimning og‘rig‘i o‘ziga yetarli.

Uyga qaytar ekanman, shamol yuzimga tegdi. Qachonlardir izlab topmoqchi bo‘lgan mehrim shamolga o‘xshar edi — bor edi, lekin ushlay olmasdim. U bir lahza yuzimni silardi, keyin yana yo‘qolib qolardi.

Hayot shunaqa ekan: kimdir mehrga zor o‘sadi, kimdir esa bor mehrni e’tiborsiz qoldiradi. Ba’zilar baxtni qidiradi, ba’zilar esa unga duch kelsa ham tanimaydi.

Men esa bitta haqiqatni angladim:

Yo‘qotilgan mehr qaytmaydi.
Ammo odam o‘zini tinchitishni, o‘ziga mehr berishni o‘rgansa — yaralar bitadi. Ha albatta, bitadi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.