9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Lazizbek Sattarkulov: TARIXDA QOLARMEN SHEʼRLARIM BILAN

notiq.uz > NAZM-U NASR  > Lazizbek Sattarkulov: TARIXDA QOLARMEN SHEʼRLARIM BILAN

Lazizbek Sattarkulov: TARIXDA QOLARMEN SHEʼRLARIM BILAN

Toshkent davlat transport universiteti, Temir yo‘l transporti muhandisligi fakulteti, Mashinasozlik texnologiyasi mutaxassisligi, 2-bosqich magistrant talabasi.
Sattarkulov Lazizbek Abror o‘g‘li 31-avgust 2000-yilda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tavallud topgan. L.A. Sattarkulov Bekobod shahri 14-umum ta’lim maktabini, Xovos transport kasb-hunar kollejini, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan.
L.A. Sattarkulov O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi a’zosi, Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi, universitet miqiyosida “Yil talabasi-2023” 1-o‘rin sohibi hisoblanadi, bundan tashqari “Innovatsion g‘oyalar”, “Mirzo Ulug‘bek vorislari” va “Eko innovatsion-2025” startap tanlovlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.
Shu kunga qadar qator anjumanlarda ishtirok etgan va xalqaro, respublika va mahalliy jurnallarda 52 dan oshiq maqola va tezislar nashr ettirgan, hamda 2 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi mavjud.
L.A. Sattarkulov “Olisdagi malak” (2019), “Nazm g‘unchalari muhandis ilinjlari” (2021) kitoblarida, “Yoshlik” (2022) jurnalida va “Texnika maskani” (2022), “Texnika maskani” (2023), “Texnika maskani” (2025) gazetalarida ijod mahsullari chop etib kelinmoqda, bularda “Olisdagi malak” kitobi Lazizbekning shaxsiy muallifdagi kitobi hisoblanadi.

••Avlodidanman••

Tarixda qolarmen sheʼrlarim bilan,
Mashrabni qonida hanuz oqar men,
Navoiy poyidan bir bon oʻpibon,
Berdaqning kuyida alpoz yonar men.

Uvaysiy onammi, Gulxaniy otam?
Olloyor tun-u kun men deb oʻylansa,
Qalandar isteʼdod borgandir yoki,
Shajaram Shayboniy tomon yoʻnalsa,

Bobom deb bilaymi Lutfiyni men ham?
Boʻlaymi Sakkokiy kabi gʻazalgoʻy,
Temuriy iznidan chiqmasdan turib,
Gadoiydek u haqda surayinmi oʻy.

Maʼrifat ulashsa Oxund dars berib,
Nishotiy yelkamni bir qucha qoʻysa,
Ogahiy bilimini chorakin bersin,
Misralar yozmoqdan ozgina toʻysa,

Sirdaryo boʻyida oʻsib, yashnadim,
Huvaydo avlodi boʻlarmikanman?
Amiriy kabi men firoq yashasam,
Oʻzim ham Maknuna olarmikanman?

Lek afsus ajdodim shoir suyakmas,
Bir gʻarib zotidan deya bilgaysiz,
Yozganim bugun siz oʻqib qolsangiz,
Laziz Zoda Ziyo deb atagaysiz.

••Bahor xazoni••

Toʻsatdan shabboda esib soʻng sekin,
Gullagan novdalar silasa yuzing,
Bilgin-ki ufurgan sogʻinch nafasim,
Axir yaqinlashmoqda baxtiyor kuzing.

Gʻunchasiz soʻngandek atrofga qara,
Bahordan boshlandi xazonim mening,
Bulutlar osmonni tark etmay turib,
Toʻyingga hozirlik koʻrmoqda sening.

Yor-yoring kuylashar chugʻurlagancha,
Taqdirni buyrugʻin eshitding oʻzing,
Qismatga tik turib, bor ovoz ila,
Qarab aytolmading bir ogʻiz soʻzing.

Tabassum aritma yuzingdan axir,
Bokira qutlagan soʻnggi baxt kuning,
Balkida eslarsan qurbon boʻlganim,
Chimildiq ortida bol totgan tuning.

••Qalbim maʼbadi¹••

Sochlaring zulfiga² mast boʻlgan chogʻim,
Sevinch ogʻusiga band banda erdim,
Bu tunda hasratlar sheʼrlarim aksi,
Bor gʻazab, mehrimni shul baytga berdim.

Qoʻrqaman qalamim yana tutmoqqa,
Bir misra yozmoqlik azob, bu qargʻish,
Baloqasd³ nasrga⁴ boshlading mana,
Dilimning taqvosin qilibon taftish⁵.

Qahraton qalbingda qahr nigohi,
Koʻzlaring qoshida sukut, shaxdsizman,
Qaro tun bagʻrida uyqusiz qalam,
Yana sheʼr yozdimmi bilgil baxtsizman.

¹maʼbad — muqaddas joy,
²zulf — jingalak soch,
³baloqasd — laʼnatlangan,
⁴nasr — sheʼriyat,
⁵taftish — tekshirish.

••Oddiy odammiz••

Koʻrishsak etimiz titrardi esla,
Gʻururda ikkimiz sobit qadammiz,
Bu titroq nogahon hissin yoʻqotgan,
Bugunchi sen uchun oddiy odammiz.

Sevgimiz daraxtin yaprogʻi xazon,
Ayozda gullagan qusur bodommiz,
Har bahor kelsin-ki yoʻlimiz ayro,
Bugunchi sen uchun oddiy odammiz.

Tunlari uyqusiz diydorlashardik,
Qay vaqti, kim bilan endi qaydamiz?
Hayoling boʻlagi menda boʻlsa ham,
Bugunchi sen uchun oddiy odammiz.

Sevgimiz koʻchaning nihoyasida,
Ikkimiz ayblashga doim uddamiz,
Iymondan haydalgan dahriy singari,
Bugunchi sen uchun oddiy odammiz.

••Kul boʻlib boʻldim••

Yuzma-yuz kelganda titradim firoq,
Biz qalban uzoqmiz, juda ham uzoq,
Parishon oʻtganda koʻzlarimga boq,
Men seni ishqingda kul boʻlib boʻldim.

Chiroying tabiat uchun andoza,
Goʻzal oy labingdan olgandek boʻsa,
Bir bor qarashinga ilhaqman toza,
Men seni ishqingda kul boʻlib boʻldim.

Hayot mazmuniga berib yangi tus,
Koʻnglimga oʻt yoqqan qoshlaring qaqnus,
Malikam qasringda boʻlibman mahbus,
Men seni ishqingda kul boʻlib boʻldim.

Ohista qadaming jim kuzatsamda,
Butun bir borligʻim, hayolim sanda,
Bokira hislarim fosh etmasamda,
Men seni ishqingda kul boʻlib boʻldim.

••Qotil qadamlar••

Zehnimni yo‘qotib, bo‘ldimmi hasta,
Najotim, ko‘rsating, ey voh, odamlar!
Es-hushim kishandband, vujudim esa,
U tomon odimlar bebosh qadamlar.

Yuragim mash’alin o‘g‘irladi yo,
Issiqlik berolmas o‘zga sanamlar,
O‘zligin izlagan Majnun misoli,
U tomon odimlar ilhaq qadamlar.

Samoga xulu’sin¹ aytgan zahoti,
Mahsharning² isini sezdim u damlar,
Chiqmagan jonimning oxir umidi,
U tomon odimlar so‘nggi qadamlar.

Eshiting bir lahza, oshiqmang axir,
Qalbini qo‘rqlar metin saddamlar³,
Ko‘ksimga yana bir xanjar urgancha,
U tomon intilmang, qotil qadamlar!

¹xuluʼ — vos kechish,
²mahshar — qiyomat kuni,
³saddam — toʻsiq, devor.

••Yozolmay qoldim••

Goʻyo-ki xudodan kelgandek jazo,
Sheʼriyat gulshanin kezolmay qoldim,
Tutgan qalamlarim uchlari toʻntoq¹,
Nazmda bir misra yozolmay qoldim.

Kecha bir suyganim bugun begona,
Muhabbat bogʻida kezolmay qoldim,
Hislarim butunlay oʻmarishgan yo,
Ming goʻzal koʻrsamda sevolmay qoldim.

Bu sheʼrim samoga qilingan nido,
Yuragim ursada sezolmay qoldim,
Ilhomim qaytib ber, yolgʻizlikda men,
Hayotim chiroyin bezolmay qoldim.

¹toʻntoq – noqulay

••Fojia emas••

Koʻnglim metiniga tasanno, sabab:
Xiyonat tubida bir nima demas,
Bu koʻngil borini yoʻqotib boʻlgan,
Seni mendan ketganing fojia emas!

Bu koʻngil metinga koʻnikkan avval,
Hatto-ki sogʻinching diydori kelmas,
Ruhiyat ozori qurshab olguncha,
Jabrni chekkuvchi oʻzing-ku, menmas!

Koʻnglim ham aynida xotirjam biroz,
Bir umr kutganim aslida senmas,
Qip-qizil poyandoz poyingga tayyor,
Seni mendan ketganing fojia emas!

••Shoir boʻlmang••

Shoir yozsa doʻzax oʻtin sezib yozar,
Mohiyatan doʻzax tubin kezib yozar,
Uyqu totmay bu laʼnatdan bezib yozar,
Shoir boʻlmang, shoir dardi ogʻir doʻstlar!

Ziyo istab uzoq surgun boʻlganlar kim?
Soʻzi uchun koʻziga xun toʻlganlar kim?
Satr izlab qalban har kun oʻlganlar kim?
Shoir boʻlmang, shoir dardi ogʻir doʻstlar!

Nazm zoti yuksaklarda osmon asli,
Ruhiyatan barbod qilish oson asli,
Jilmaygan bu koʻngil osti xazon asli,
Shoir boʻlmang, shoir dardi ogʻir doʻstlar!

Sheʼriyat deb boʻgʻiz qonim yutar boʻldim,
Haqni izlab murtad yoʻlin tutar boʻldim,
Oʻzim sizni Jahannamda kutar boʻldim,
Shoir boʻlmang, shoir dardi ogʻir doʻstlar!

••Eski bahor••

Kelgancha bu xazon bahor havosi,
Har tunda jon berib, azobdan toʻydim,
Jahannam olovin qalab qoʻy ey Rob,
Men endi oʻlimdan qoʻrqmay ham qoʻydim.

••Xunrez!••

Oʻz dardimdan kuyaymi?
Yo ularning zaxridan,
Ishonch novdasi yakson,
Ogʻir soʻzlar zarbidan.

Ruhga mehr ozuqa,
Biroz shirin soʻz bormi?
Ogʻiz, qulogʻimiz berk,
Bizlar shahvat qurboni.

Faqat xato yashabmiz,
Yelkada boʻxton togʻi,
Huzur vaʼda qilguncha,
Chorlar boʻyin sirtmogʻi.

Nega keldik dunyoga?
Yashamoqqa hayfmiz,
Haqiqatdan soʻz ochmang,
Bizlar aqli zaifmiz.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.