SHAVKAT MIRZIYOYEV SOG’LIQNI SAQLASH XODIMLARINI TABRIKLADI

O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzayganida sog‘liqni saqlash xodimlarining munosib hissasi bor — prezident.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev respublika sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.
«Ushbu qutlug‘ ayyomda xalq salomatligining posbonlari bo‘lgan siz, azizlarni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Hammamizga ayonki, sihat-salomatlik har bir inson, butun jamiyat uchun bebaho boylik, ulug‘ ne’matdir. Faqat sog‘lom inson va sog‘lom xalq mislsiz ishlarga qodir ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz, — dedi prezident.
Shundan so‘ng davlat rahbari sog‘liqni saqlash sohasida so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlarni sanab o‘tdi.
«Yurtimizda 2017 yildan buyon onalar o‘limi ko‘rsatkichi 21 promilledan 11 promillega, go‘daklar o‘limi esa 11,5 promilledan 7,8 promillega kamaygani ham sohada amalga oshirilayotgan islohotlarimizning samarasidir», — dedi prezident.
Davlat rahbari shunngdek, shifokorlar kelajakda ham o‘zlarining bilim va tajribalari bilan soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonch bildirdi.
Tabrik yakunida Shavkat Mirziyoyev shifokorlarni yana bir bor tabriklab, ularga sihat-salomatlik, ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt-saodat, xonadonlariga tinchlik va fayzu baraka tiladi.
(Xabar.uz)