SHAHNOZA OCHILDIYEVA: TARJIMA
 
	     Uolter Tvis
    “Qirolichaning yurishi”
Shaxmat- bu shoxlar o’yini! Ammo shaxmat olamida qanchadan qancha shoxlarni mot qilgan qirolichalar bor. Agar yaqin yillardagi statistikalarga nazar solsak ma’lum bo’ladiki, Xalqaro Shaxmat Federatsiyasi tomonidan berilgan eng yuqori unvon grossmeyster (GM) unvoniga 39 nafar ayol sazovor bo’lgan. Buguni kunda dunyo miqiyosida shaxmatdagi eng kuchli ayol shaxmatchilar sifatida Xitoylik Hou Yifan (Reyting 2600), Ju Wenjun (Reyting 2550) va Rossiyalik Kateryna Lagna (Reyting 2550) e’tirof etiladi. Vatanimizda ushbu sport turiga qaratilayotgan e’tibor va berilayotgan yuksak qadr natijasida shaxmat kun sayin ommalashib bormoqda. Ayniqsa, ayollar terma jamoasidan Umida Omonova, Afruza Xamdamova va Nodira Nadirjanova, shuningdek Nilufar Yakubboyeva kabi o’zbek shaxmatchi qizlarining natijalari o’zgacha faxr beradi kishiga. Boshqa sport turlaridan o’zining vazmin ulug’vorligi, qudrati, inson tafakkurini yuksaltirishdagi ahamiyati bilan ajralib turadigan alohida bir qirollik- shaxmat o’yini har kimga ham sirli va qiziq tuyuladi. Shuningdek, shaxmatchilar ham…
Uolter Tvis qalamiga mansub “Qirolichaning yurishi” asari 1983-yil yozilgan. U asosan g’ayrat, iqtidor, ruhiyat va qalb holati kabi muhim mavzularni o’zida jamlagan. Asar muallif tilidan hikoya qilingan bo’lib, ota-onasidan erta yetim qolgan Elizabet Hormanning yetimxonadagi qiyinchiliklar, shaxmat olamida qanday yuksalib borishi, izlanish va qiyinchiliklar ortidan o’zligini topishini gapirib beradi. Yozmaydi , shunchaki gapirib beradi. Asarni o’qirkan muallifni eshitasiz, kichik jussali yosh qizning shaxmat taxtasida kechayotgan og’ir bahslarini birma-bir ko’z oldingizdan o’tkazasiz.
Asar Elizabetning avtohalokatga uchragan onasidan ajrilishi bilan boshlanadi. U qat’iy tartib ostida “Metuen-Houm” yetimxonasida tarbiyalana boshlaydi. Zimiston qamoqxonadek bu manzildagi hayoti havas qiladigan emasdi. Yana eng achinarlisi, yetimxonada bolalarga trankvilizator- tinchlantiruvchi psixatrop dorilar berilardi va “axloq tuzatish uchun” deb izohlanardi. Oh, bu qanchalar vijdonsizlik, jaholat! Elizabet shu yashil dorilarga ruju qo’yib o’rganib qoladi. Hatto o’g’irlaydi, ko’p iste’mol qiladi. U shunday hayotda yashab turgan bir paytda yerto’ladagi farrosh amaki- janob Sheybelning g’alati bir o’yin o’ynashidan xabar topadi. U umuman notanish shaxmat taxtasi va janob Sheybelning yolg’iz o’yinlarida donalarni yurishini uzoq kuzatardi. U tez orada o’zi ham o’ynashni, hayolida shaxmat taxtasini yaqqol jonlantirishni boshlaydi. U shu qadar iste’dodli ediki kim bilan o’ynashidan qat’iy nazar yutardi. Lekin o’yin hamon yerto’lada yashirincha kechardi. So’ng uni asrab olishadi-yu Uitli xonim bilan yashay boshlaydi. Oilasida moliyaviy ahvol deyarli yaxshi emasdi. U biroz vaqt pul yig’ib, ozroq o’g’irlab “Shaxmat yangiliklari” jurnalini sotib oladi. Janob Sheybeldan qarz olib 12 yoshida ilk bor shaxmat musobaqasida qatnashadi va 1-o’rin uchun 100 dollarni yutib oladi. So’ng onasi Uitli xonim uni qo’llab-quvvatlaydi va musobaqalarda g’alabalar davri boshlanadi. Kentukki chempioni unvonini Rudolf ismli shaxmat ustasidan olib qo’yadi. Atlanta, Mayami kabi davlatlarda bo’lib chempionatlarda qatnashishadi. Bank hisobida pul ko’payib boradi. Chiroyli sayohat, kafelar va mazali taomlarni oyisi Uitli xonim bilan kashf etadi. AQSH ochiq chempionatida Benni Uotsga yengilgach kuchli shug’ullanishda davom etdi. U o’z sevimli hobbisi uchun 1 kunda 5-6 soat vaqt ajratardi. U Meksikada musobaqada Borgovga yengiladi, onasi Uitli xonim ham vafot etadi. Shunday og’ir vaziyatda yosh qiz o’zining mustahkam irodasini namoyon qiladi.
Shtat musobaqasidagi ishtirokida tanishgan Garri Beltik u bilan shug’ullanishni taklif qiladi va musobaqaga tayyorlaydi. Elizabet shaxmat ilmiga chuqur sho’ng’iydi, ko’p o’qib-o’rganadi. Elizabet AQSH ning eng yaxshi shaxmatchilaridan bo’lgan Bennini yutadi va u bilan birga yashab, rus shaxmatchisiga qarshi tayyorlana boshlaydi. Ular dunyoni butkul unutib shaxmat o’ynashadi faqat, birga tahlil qilishadi. Bet gazeta, jurnallar va kitoblarning bittasini ham qoldirmasdan o’qib chiqadi. Parijda 3-o’rinni egallaydi. Ammo Benni aytganidek bitta boy berilgan partiyaning ahamiyati yo’q edi. Lekin Bet ruhan tushkunlikka tushib ichkilikka shu qadar berilib ketadiki sog’lig’i ham yomonlashadi. O’zi yolg’iz hech narsa qilolmagach yetimxonadagi do’sti Jolindan yordam so’raydi. Ular birga yashashadi va Bet sport bilan shug’ullanib o’zligini topadi. Tiniq aqli, yuksak iste’dodi va qat’iyati uni yorug’likka olib chiqadi. U tinimsiz harakatlari natijasida nihoyat Moskva turnirida eng katta raqibi Borgovni mag’lub etadi. Bu yakun edi, chiroyli yakun. Uning asar so’ngida qishloqdagi keksalar bilan shaxmat o’ynashi uning kattalar olamiga, tashqi dunyoga moslashishda chekkan ichki iztiroblariga qaramay qalban samimiy va o’zgacha bo’lib qolganini ko’rsatadi.
Asarning eng kulminatsiyon nuqtasi Bet Harmonning Moskvadagi turniri, jahon chempioni Vasiliy Borgov ustidan qilgan g’alabasi bo’ldi mening nazarimda. Chunki mittigina qizning dori va alkagolga bog’lanib qolgach, yolg’izlikdan chiqish uchun do’stidan yordam olishi, o’ziga bo’lgan ishonchi, qat’iyatini tiklashi va oliy maqsadiga erishishi, albatta, juda ta’sirli. Asardagi yechim sanalgan Borgov ustidan g’alaba uning hayotiy o’zgarishini ifoda etadi. U endi mustaqil, sog’lom va ruhan kuchli, xalq e’tirofidagi ayol sifatida shakllanadi.
Asar, umuman olganda, inson umrining shkalalarini aks ettiradi. Nega? Chunki inson yashar ekan boshlaydi. Boshladimi, demak harakatda bo’ladi: o’sadi, yiqiladi, turadi, yana qayta ortiga dumalaydi , endi unda tajriba bor va u yanada katta kuchlanishda harakatlanadi, sinovlardan o’tadi (Bet sog’lom hayotga qytgani kabi) va o’z shaxsiyatini topadi. Baxt esa o’zligimiz topilgan yerdadir.
Bet bizga nafaqat irodali ayol, balki yetuk shaxmat murabbiysi sifatida ham o’rnak bo’ladi. Asarni o’qigan inson shaxmat bo’yicha qimmatli ma’lumotlar, o’yin texnikalari, yangi strategiyalar va ko’pgina shaxmatchilarning muvafaqqiyat yo’lini, ibratli hayotini kashf etadi. Asar shaxmatni umuman tushunmaganlar uchun ham qiziq, ibratli. Endi shaxmatdan habari bor, iqtidorli o’yinchilar uchun qanchalar manfaatli, qimmatli ekanini tasavvur qiling.(Shularni yoza turib shaxmat o’ynashni o’rganishni istadim, niyat qildim) Xullas ushbu asar ham ilmga, ham hislarga alohida ta’sirga ega. Shaxmat dunyosida ayollar ham yetarlicha huquq, imkoniyat va iste’dodga ega ekanligini, bir ojiza jussa va yumshoq qalb nelarga qodirligini namoyon etgan bu asar shunday xitob qiladi go’yo: “Qirolichaning yurishini namoyish qilish uchun, qirolicha nomiga munosib bo’lish lozim. To’xtama, bo’lajak qirolicha. Yengilma!”
24.04.2025
Shahnoza Ochildiyeva
 
                     
    