DILNORA FAXRIDDINOVA: «ONA»,»BOSHQACHA», «SOG‘INCH»
Faxriddinova Dilnora Kamoliddin qizi. 2006-yil 14-dekabrda Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tug’ilgan. Chirchiq shahridagi 13-sonli umumiy maktabni tamomlagan. Maktabda o’qib yurgan vaqtlarida «Chirchiq tongi», «Mahalla ovozi» gazetalarida bir qancha she’rlari chop etilgan. Hozirda O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universitetining 2-bosqich talabasi. 1-kurslik vaqtlarida «O’zbekistonda ta’lim» jurnalida 20dan ortiq she’rlari chop etilgan.
Ona
Meni deya yugurding, yelding,
O‘zing-chi, tuz totdingmi, ona?
Men beparvo yurgan zamonda
Yo‘limga ko‘z tutdingmi, ona?
Men qo‘ng‘iroq qilmadim bir bor,
Yo’qlashimni kutdingmi, ona?
Shirin so‘zim qizg‘onib sendan,
Tik qaddingni bukdimmi, ona?
«Sen baxtimga sog‘ bo‘lgin», — deysan,
Seni bemor qildimmi, ona?
Kunda o‘n bor so‘raysan holim,
Men qadringga yetdimmi, ona?
Yo‘qlamadi shoira qizing,
Mendan xafa bo‘ldingmi, ona?
Men-chi shodon yuraveribman,
Senchi dardga to’ldingmi, ona.
BOSHQACHA
To‘g‘ri, dadam suyar erkalab,
Uyg‘otadi onam ertalab.
Lekin barbir o‘sha erk talab,
Buvim bergan mehr — boshqacha.
Tanishlar ko‘p, yaqinlari kam,
Og‘zi to‘lib maqtashar har dam.
Yolg‘on aytar, rost aytganda ham —
Buvim bergan mehr — boshqacha.
Boshim silab, sochimni o‘rgan,
Betob bo‘lsam, darmonim bo‘lgan.
«Jonim bolam», deb yaxshi ko’rgan—
Buvim bergan mehr — boshqacha.
Tariflarim bitmaydi aytsam,
G‘amga botar uzoqqa ketsam.
Qachonki men qishloqqa qaytsam —
Buvijonim mehri boshqa ekanda.
SOG’INCH
Nega buncha yo’q bo’lib ketding?
Yozib turda. Bo’lay hotirjam.
Eslaysanmi, yo’qmi bilmadim.
Meni SOG’INCH ezdi do’stginam…
Birga o’tgan eng yaxshi kunlar
Yodga olib suhbatlashmaymiz.
Vaqt o’tkazib endi soatlab
Pichirlashib sirlasholmaymiz.
Uying tomon bog’lanmas yo’lim,
Diydoring ham xuddi bir shamdek.
Gap tugab, so’ng xayrlashsak ham,
Menga doim tuyilar kamdek.
Opamdayin bo’lib qolganding,
G’amga botsam bo’larding singlim.
Hozir xuddi karaxt kalxatdek
Mahzunlikka cho’kkanday ko’nglim.
Firoq keldi hanjarin olib
Meni quvdi Qo’shqorg’on tomon
Bizga vafo qilmayin taqdir
Seni Azatbashga eltgani yomon.
Qayda bo’lma bo’l mayli omon
Sog’ligingni bilib tursam bas.
SOG’INCH dardi do’stginam yomon
Men mehringdan olardim nafas…
***
Sog’inchlardan dili vayronman,
Yo’lingga termulgan jayronman.
Ne qilarim bilmay hayronman,
Kelin bo’lib ketting-a, Opa…
Endi sirim kimga aytaman,
Qiymadayin mayda-maydaman.
Xayol surib uyga qaytaman,
Kelin bo’lib ketting-a, Opa…
Tergasang ham mayliga edi,
Xonang ham bo’sh, yolgizman endi.
Qalbim takror shivirlab dedi:
Kelin bo’lib keting-a, Opa…
Gilam yuvib muzdek suv kechgan,
Gap eshitganda xo’b qasam ichgan,
Qog’irchoqqa kiyimlar bichgan,
Kim esladi bolaligini!?
Telefon neligin bilmagan,
Pul uchun harxasha qilmagan,
Shom bo’lmay uyiga kirmagan,
Kim esladi bolaligini!?
Tunda tomda yulduz sanagan,
Yozda ko’rpa-to’shak savagan,
Erkalatib hamma avragan,
Kim esladi bolaligini!?
Ko’rpachaning taxini buzgan,
Tosh qulatib arqonni uzgan,
Nam turpoqqa rasmlar chizgan
Kim esladi bolaligini!?
Idish tovoq yasardik loydan,
Atay kechib o’tardik soydan,
Hech kamimiz bo’lmagan boydan
Kim esladi bolaligini!?