9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

«CHANG QIZLARI » YOXUD QISHLOQ AYOLLARI FILMLARDA

notiq.uz > Yangiliklar  > «CHANG QIZLARI » YOXUD QISHLOQ AYOLLARI FILMLARDA

«CHANG QIZLARI » YOXUD QISHLOQ AYOLLARI FILMLARDA

«Chang qizlari» yoxud qishloq ayollari filmlarda

foto: https://ru.freepik.com/

Qishloq ayoli haqida juda ko‘p so‘z aytilgan. Garchi u jamiyatning turli jabhalarida mehnat qilsada, qiyin sharoitlarda yashasada na superqahramon, na drama qirolichasi. Biz qishloq ayollari deganda aynan doimo mehnat bilan band, qo‘llari qadoq ayollarni tushunamiz. Qishloq o‘z nomi bilan tirikchilik, og‘ir mehnat, orzuga erishish uchun doimiy kurash ketadigan maskandek.  

Ular haqida, qishloq hayoti haqida ko‘plab kitoblar yozilgan, kinofilmlar yaratilgan.  

Qishloq ayoli oddiy, lekin sinmas… xuddi «Chang qizlari» (Daughters of the dust — 1991-yil, AQSh) filmidagi qizlar kabi. Janubiy Karolina qirg‘oqlari yaqinidagi orolda yashovchi oila hikoyasiga asoslangan «Chang qizlari» filmida ayollar bir tomondan tashqi xavf — turli guruhlar, ochlik va chanqoqlik bilan kurashsa, ikkinchi tomondan, ichki qo‘rquv va insonlikni saqlab qolish muammosi bilan yuzma-yuz keladi.  Bu yerda ayollar nafaqat xonadonda, balki butun qishloqning tirgak ustuni sifatida tasvirlanadi. Ya’ni ayol mehnati yerda, dengizda, xonadonda — butun hayotni bog‘lab turadi.  Filmda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan madaniy an’analarga ega oila ayollarining kurashlari va o‘z taqdirini o‘zi belgilashga intilishlari yoritilgan. Filmning asosiy g‘oyasi erkinlik va hayot uchun kurash, odamiylikni og‘ir sharoitda ham saqlab qolish, ayollarning ichki kuchi, birdamligi. Tabiat va jamiyat inqirozida kim haqiqiy «omon qoluvchi» ekanini ko‘rsatish.

«Chang qizlari» 

«Binafsha rang» (The Color Purple) 1985-yil ishlab chiqarilgan. 15 million dollar budjet sarflangan bu film 98,4 million dollar yig‘ib, kassada muvaffaqiyat qozondi.  Film 11 ta «Oskar» mukofotiga, jumladan, «Eng yaxshi film» nominatsiyasiga nomzod bo‘lgan, biroq birorta ham g‘alaba qozona olmagan..

«Binafsha rang»

Lekin «Oltin globus» mukofotining to‘rtta nominatsiyasini olgan. Film qishloq muhitidagi ayollarning og‘rig‘ini juda haqqoniy va samimiy ko‘rsatadi. Bu filmda ayol qishloqda ham o‘z ovoziga ega bo‘lishi mumkinligi namoyon qilinadi. Bosh qahramon Selli — bolaligidan zo‘ravonlik va kamsitishni boshidan kechirgan ayol. U «ayol gapirmaydi» degan qarashlarga qarshi qadamba-qadam bosh ko‘tara boshlaydi.  

«Norma Rey» (Norma Rae — 1979-yil, AQSh)

Bosh qahramonni Salli Fild ijro etgan ushbu filmda Norma kichik qishloqda tug‘ilib o‘sgan ayol. U fabrikada ishlaydi. Har kuni og‘ir mehnat, to‘xtovsiz ishlaydigan og‘ir stanok … uning oddiy hayoti shunday. Ammo bir kuni u shunchaki ishchi emasligini anglab, o‘z huquqlari uchun ovoz chiqara boshlaydi.

«Norma Rey»

Bu kinoni nega ko‘rish kerak? Qishloqda yashaydigan ayolning jismoniy va ruhiy og‘ir mehnati haqqoniy ochib berilgan.

«Qiu Ju qissasi» (The Story of Qiu Ju — 1992-yil, Xitoy)

Oddiy qishloq ayoli. Bu safar ayol traktorda emas, balki huquqiy tomondan o‘z haqini so‘rash uchun shaharga borishga qaror qiladi. Uning hayoti ham boshqalarnikidek: sahardan ish, bolalar va hech qachon tugamaydigan tashvishlar.  

Film Xitoyning qishloq hududida yashovchi ayol Qiu Ju haqida hikoya qiladi. Qishloq oqsoqoli uning turmush o‘rtog‘iga jarohat yetkazadi va ayol homilador bo‘lishiga qaramay oldin tumanga, keyin esa shaharga adolat topish uchun yo‘l oladi.

 «Qiu Ju qissasi»

Film kinofestivallarda xit bo‘lgan va 1992-yilda Venetsiya kinofestivalida «Oltin sher» mukofotini qo‘lga kiritgan.

Bu filmni nima uchun albatta tomosha qilish muhim: ayol «feminist shiorlar» bilan chiqmaydi. U shovqin qilmaydi. U faqat adolat talab qiladi. Bu — oddiy mehnatkash qishloq ayolining ichki kuchi.

Uning yurishi bu inqilob emas albatta,  ammo inson sifatida tan olinish uchun katta isyonni his qilishingiz mumkin. Qolaversa filmda qishloq ayolining og‘ir mehnati va byurokratiya bilan kurashi haqiqiy hayotdek berilgan.

Filmni ko‘rgach sizni qo‘zg‘atadigan fikr: qishloq ayoli sukutda yuradi, lekin adolat izlaganda to‘xtamaydi.

Umuman olganda kinolar bizga nimani o‘rgatadi:  «Norma Rae» adolat uchun ovoz chiqarishni o‘rgatadi. «The Story of Qiu Ju» — sukutda adolat izlashni ko‘rsatadi. «Daughters of the Dust» — ayol tarixni, an’analarni, qadriyatlarni qanday saqlab turganini eslatadi.

Bu filmlar turli mamlakatlarda, har xil tilda suratga olingan. Lekin barchasi orzu va erkinlik istagi  haqida so‘zlaydi.  Turli bosim, og‘ir muhit, tirikchilik… va shu bilan birga sinmas kuch, orzu va sukut  ularni birlashtiradi.

Bugun 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni … 

Bugun nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyo qishloqlaridagi ayolning hayoti, orzulari, kechmishlari, mehnati eslanadigan kun.  

Bugun qishloq ayollari faqat o‘ziga vaqt ajratadigan kun, o‘zlari haqidagi filmlarni tomosha qilish uchun ajoyib imkoniyat berilgan kun.

Bu filmlar faqat ekrandagi hikoya emas — ular siz haqingizda.

Barno Sultonova

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.