Dilobar Maxmarejabova: MUZLAGAN BALIQ

Ishdan qaytish har kuni bir xil. Ko‘chalar shovqin, mashinalar g‘uvillaydi, odamlar shoshadi, bolalar esa beg‘ubor kulib o‘ynamoqda. Hayot atrofimda tirik, ammo mening ichim jim.
Qalbimda g‘alati bo‘shliq. Go‘yo nimadir yetishmaydi. Ammo nima? O‘zim ham bilmayman. Faqat yuragimning ich-ichida nimanidir so‘zlamoqchi bo‘lgan, ammo hech kim eshitmaydigan bir ovoz bor.
Doimgidek kechki ovqat uchun o‘sha do‘konga kirdim. Sotuvchi yigit — odatdagi tabassumi, odatdagi salomi bilan qarshi oldi:
— Assalomu alaykum, sizga qanday yordam bera olaman?
Men esa yana jim. Nima olishimni bilmayman. Shunchaki yurib, javonlar orasida kezdim. Mevalar, shirinliklar, rang-barang mahsulotlar… va nihoyat muzlatgich qarshisida to‘xtadim.
U yerda — muzlagan baliq.
Ko‘zim bir zumda unga ilashdi. Qiziq, nega yuragim allaqachon bu sovuqlikni tanigandek? Qo‘limni uzatdim — sovuq, ammo menga tanish bir sovuqlik. Shu lahzada nimanidir his qildim… lekin o‘zimga ham tushuntira olmadim.
Baliqni oldim. Sotuvchi odatdagidek xushmuomala:
— 30 ming so‘m bo‘ladi, — dedi jilmayib.
Pulni berdim, ammo o‘ylarim allaqachon muzlagan baliq bilan birga ketgan edi. Yo‘lda yurarkanman, ichimdan bir fikr o‘tib ketdi: “Bu baliq emas, men muzlab qolganman…”
Ha, ehtimol, men ham shundayman — jonim bor, ammo iliqligim yo‘q. Yuragimda hislar muzlab qolgan. Shuning uchun men sevolmayman, minnatdor bo‘lolmayman, hech kimga ishonolmayman.
Avvallari men boshqacha edim — quvnoq, beg‘ubor, odamlarni kuldirardim. Endi esa hamma: “O‘zgargansan, avvalgi Zebi yo‘q,” deydi. Balki ular haqdir. Balki, men o‘sha dengizda erkin suzib yurgan baliq edim, lekin hayot degan sovuq qo‘l meni tutdi, muzlatdi.
Endi men yashayapman, ammo his qilmayapman. Nafas olyapman, ammo tirik emasman.
Kim biladi, balki har birimizning yuragimizda bir muzlagan baliq yashayotgandir — sovuqlikka o‘rganib, iliqlikni unutgan bir parcha muz…