BOYLIGI BILAN UYGA «QAMALGAN» AKA-UKA QISMATI
foto: internet, ochiq manba
Kolerlar Nyu-Yorkning eng nufuzli, obro‘li oilalaridan biri — Genri Koler shifokor, Syuzi esa san’atkor edi. Katta kutubxonasi bor, gazeta o‘qiydigan, pianino chala oladigan, huquq va muhandislikni bitirgan ikki yigitning ota-onasi vafot etganida Lengli 44, Gomer esa 48 yoshda bo‘lib, ular hatto oila ham qurmagan edilar.
Buyuk depressiyadan oldin, aka-uka Kolerlar boy va faqat oq tanlilar yashaydigan xavfsiz mahallada istiqomat qilishgan. Keyinchalik hayot qiyinlashib, buyuk depressiya boshlandi va badavlat oq tanlilar o‘z uylarini boy berib vayronagarchiliklar sodir bo‘ldi, jinoyatchilik avj oldi.
Lekin bu qiyinchiliklar aka-ukalarga bevosita ta’sir qilmadi, chunki ularda ota-onasidan qolgan meros va pul bor edi. Gomer sug‘urta kompaniyasida ishlagan va yerga sarmoya kiritgan, Lengli esa nafaqaga chiqqan va pianino biznesini boshlagan. Biroq mahallada, yurtda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar ularga o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi. Aka-uka uylarini sotib, derazalarini sindirgan bezorilardan, o‘g‘rilardan uzoqroqqa ko‘chib ketishlari mumkin edi, ammo ular o‘zlarini uylaridan tashqarida tasavvur qilisholmasdi. Vaqt o‘tgan sayin ularning tashqi dunyo bilan aloqasi kamayib bordi. Chunki aka-uka o‘zlarini katta uylaridagina xavfsiz his qilishardi.
1933-yilda Gomer insultni boshidan o‘tkazdi va ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi, qisman falaj bo‘lib qoldi. Lengli katta meros va jamg‘armasi tufayli ishni tashlab, akasiga g‘amxo‘rlik qila boshladi. Lengli oziq-ovqat va suv uchun kechasi tashqariga chiqar va devor oshishga majbur bo‘lardi (suv, elektr energiyasi, gaz va issiqlik pul to‘lanmagani uchun o‘chirilgan edi).).

U uyining derazalarini bekitib tashladi, chaqirilmagan mehmonlar uchun barcha qavatlarga «qopqon» qo‘ydi. Ya’ni to‘rt qavatli uyni keraksiz ashqol-dashqollar bilan to‘ldirdi: kitoblar, cholg‘u asboblari, eski gazeta taxlamlari, turli avtomobil qismlari bilan go‘yoki himoya devorlarini yaratdi.
Ular aql bovar qilmaydigan darajada boy ekanliklari va qal’aga o‘xshash uylarida oltin va olmoslarni yashirishayotgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Faqat birgina jurnalist Lengli bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi. Lengli unga qisqacha izoh berdi: «Telefonni o‘chirib, elektron pochtani tekshirishni to‘xtatganimizda qanchalik yengillik his qilganimizni tasavvur qila olmaysiz». Boshqacha qilib aytganda, aka-ukalar go‘yoki «xavfli» sivilizatsiyadan voz kechishgandi.
Aka-uka bir necha yil davomida unutilgan, ammo 1942 yilda politsiya ularni haydab chiqarish uchun esga oladi. Chunki Kolerlar o‘n yildan ortiq vaqt davomida uy to‘lovlari uchun katta qarzga botgan edi. Politsiya eshikni sindirib, eski-tuski narsalardan yasalgan tuzoqlarni buzib tashladi va Lenglini topdi. U indamay ularga kerakli miqdorga chek yozdi va eshikdan kuzatib qo‘ydi.
Aka-ukalar qiziqish ortib borayotganligi sababli, Lengli yana jurnalistlar qurshovida qoldi. Ikkinchi intervyusida Lengli akasiga qanday g‘amxo‘rlik qilishini aytib berdi. Lengli va uning akasi shifokorlarga ishonmasliklarini, o‘zlari tibbiyotni yaxshi bilishlarini va Gomerga o‘zlari tashxis qo‘yib, davolayotganliklarini aytadi. Lenglining iqroricha, u bemor akasiga sog‘lom tushlik tayyorlaydi, uni yuvintiradi, hatto kitob o‘qib beradi. Ular radio tinglashadi va bir-birlari bilan muloqot qilishadi. Qachonlardir Gomerning ko‘rish qobiliyati tiklansa o‘qishi uchun Lengli uyda shu qadar ko‘p gazetalar yig‘adiki…

Bir kuni qo‘shnilar politsiyaga yoqimsiz hiddan shikoyat qildi, ular aka-uka o‘lgan deb taxmin qilishadi. Politsiya axlat uyumlari orasidan Gomerni g‘alati holatda topdi. U latta xaltaga suyanib, ustiga eski mo‘ynali kiyim kiyib olgan, tizzalari bukilgan, boshi egilgan holatda o‘tirardi.
«Men Gomer Kolerman, advokatman va men tirikman. Nega uyimga bostirib kiryapsiz? Iltimos, menga ism-sharifingiz va nishon raqamlaringizni ayting», — deb salomlashdi Gomer politsiyachilar bilan.
Serjant undan nega g‘alati o‘tirganini so‘radi. Gomer bu holatda o‘tirishiga sabab kasalligi ekanini aytadi. 1920-yilning oxiridan beri Gomerni akasidan boshqa odam birinchi marta ko‘rib turishi edi. 1947 yil mart oyida politsiyaga yana qo‘shnilardan Kolerlar uyidan hid kelayotgani haqida juda ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Bu safar Gomer o‘tirgan joyga yetib borish, chiqindilarni tozalash va tuzoqlarni zararsizlantirish uchun besh soat kerak bo‘ldi. Gomerni xuddi shu g‘alati holatda chirigan stulda o‘tirgan holda topdilar. U o‘lgan edi. Tashxislar shuni ko‘rsatdiki, u charchoq, ochlik va yurak xurujidan vafot etgan edi. Politsiya uning ukasini qidira boshladi. U nahotki Gomerni tashlab ketgan bo‘lsa?
Ishchilar vayronalarni tozalashayotganda, butun shtat bo‘ylab Lengli uchun qidiruv e’lon qilingandi. Kichik Koler faqat ikki oydan keyin, Gomerdan atigi 10 metr uzoqlikda topilgan. Lengli akasiga ovqat olib kelayotganda o‘zlari yaratgan tuzoqlaridan biriga tushib qoladi. Otasidan qolgan «Ford» mashinaning bir bo‘lagi uning ustiga tushib, axlat ko‘chkisini yuzaga keltirgan.
Kolerlar uyidan 120 tonna turli buyumlar olib chiqildi.

Nyu York aholisining yarmi uyning qulashini tomosha qilish uchun yig‘ildi. Uydan 10 ta royal va to‘rtta pianino, 25 000 ta kitob, rasm va haykallar to‘plami, bouling to‘plari, aravachalar, velosipedlar, bankada saqlangan ikki boshli chaqaloq, skelet (ehtimol bu ularning otasi shifokor Genri Kolerga tegishli) va gazetalar to‘plami topildi. Tozalash ishlaridan so‘ng yarim chirigan uyni buzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ba’zi narsalar kim oshdi savdosida sotildi va Kolerlar merosi uzoq qarindoshlar o‘rtasida taqsimlandi.
.

Ha, ular dunyodan yuz o‘girib boyligini asragan, lekin aynan shu boylik ularni tiriklay qamab qo‘ygan edi.
Ushbu voqea Amerika tarixida «haddan tashqari izolyasiya va to‘plovchilik» ramziga aylandi. Hech narsadan voz kecholmaydigan va boylikka «ko‘milgan» shaxslarga «Collyer’s syndrome» yorlig‘i yopishtiriladigan bo‘ldi.
Kolerlar voqeasi faqat tarixiy shov-shuv emas, balki har kim uchun ham saboq. Boylik odamni jamiyatdan uzsa, eshiklarni yopishga majbur qilsa, u himoya qilmaydi, baxt bermaydi, balki uy ichiga qamaydi va bu halokatli yakun topadi.
(Xabar. uz)