PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEV TURKIY DAVLATLAR TASHKILOTINING G’ALABA SAMMITIDA TURKIY DUNYONING BIRDAMLIGINI MUSTAHKAMLASH, JAHON SIYOSATI, IQTISODIYOTI VA GUMANITAR SOHADAGI ROLINI OSHIRISHGA QARATILGAN QATOR MUHIM TASHABBUSLARNI ILGARI SURDI

Jumladan:
— mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Samarqandda TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazishni taklif etdi;
— Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilishni qo‘llab-quvvatladi va Turkiy davlatlar tashkilotini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi;
— Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha Doimiy kengashini tuzish va uning Loyiha ofisini Toshkentda joylashtirishni taklif etdi;
— Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirib, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansi, «Turkiy yashil yo‘laklar» tizimi va «Yashil transformatsiya» konsorsiumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi;
— Organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Ekspertlar guruhini tashkil etish va turkiy organik mahsulotlarning yagona brendini jahon bozoriga olib chiqishni taklif qildi;
— O‘rta koridorni rivojlantirish va uni Xitoy – Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatladi, bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish muhimligini ta’kidladi;
— Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish hamda xalqaro va milliy moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini qabul qilishni tavsiya etdi;
— Sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha “yo‘l xaritasi»ni qabul qilish va Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini O‘zbekistonda o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi;
— O‘zbekistonda qo‘shma tadqiqotlar va innovatsiyalar maydoniga aylanadigan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilishini e’lon qildi;
— Ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar rejasi va yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqishni taklif etdi;
— 2026-yilda «Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida» mavzusida xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
