9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

PUTIN TRAMPNI ALDADI -OAV

notiq.uz > Yangiliklar  > PUTIN TRAMPNI ALDADI -OAV

PUTIN TRAMPNI ALDADI -OAV

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh yetakchisi Donald Trampni aldadi va uni o‘ng‘aysiz holga solib qo‘ydi. Bu haqda AQShning Ukraina muzokaralari bo‘yicha sobiq maxsus vakili Kurt Volker “Euronews” telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.

Bu o‘rinda gap Tramp va Putinning joriy yil 18 avgust kungi telefon orqali muloqotida Rossiya rahbari bergan yolg‘on va’da haqida ketmoqda.

15 avgust kuni ikki davlat rahbari Alyaskada uchrashgan. Uch kun o‘tib, Tramp Oq uyda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa Ittifoqi yetakchilarini qabul qilgan. O‘sha kuni tashkil etilgan telefon so‘zlashuvida Putin Trampga Zelinskiy bilan uchrashish va urushni to‘xtatish yuzasidan muzokara o‘tkazishga va’da bergan.

“Ammo Putin Trampni aldadi va u bundan darg‘azab bo‘ldi. U Trampni juda zaif ahvolga solib qo‘ydi. Tramp esa kuchsiz ko‘rinishni aslo istamaydi. Shunday ekan, bu Tramp uchun qadr-qimmat masalasiga aylangan”, – deydi Kurt Volker.

Tramp Putin va Zelenskiy yuzma-yuz uchrashib, urushni to‘xtatish masalasini muhokama etishi haqida ishonch bilan gapirganidan keyin bir necha davlat ushbu uchrashuvga mezbonlikni taklif etdi. Ammo Kreml keyinroq Rossiya va Ukraina rahbarlari uchrashuvini bir necha bor rad etdi.

Kurt Volkerga ko‘ra, Tramp aynan Putinning aldovi sabab Ukrainaga “Tomagavk” raketalarini yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Kiyev ko‘pdan buyon Vashingtondan 1600-2500 km ga qadar nishonlarga zarba beradigan “Tomagavk” raketalarini yetkazishni so‘rab keladi. Hozircha Ukraina Rossiya hujumlariga 250 km ga qadar parvoz qila oladigan “Storm Shadow” raketalari bilan javob qaytarmoqda.

Prezidentlik saylovi davrida Rossiya – Ukraina urushini 24 soat ichida tugatishga va’da bergan Tramp Oq uyga kelganidan buyon Putin bilan bir necha bor telefonda suhbatlashdi.

Bunga ham qanoat qilmagan respublikachi siyosatchi joriy yil 15 avgust kuni Putin bilan Alyaska shtatida uchrashdi. Ikki davlat rahbari ishtirokidagi qariyb 3 soatlik muzokara amaliy natijasiz yakunlandi. Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish borasida jillaqursa muvaqqat kelishuvga ham erishilmadi.

Tramp rossiyalik hamkasbi bilan muzokarani ijobiy baholadi. U hatto Fox News telekanaliga bergan intervyusida Putin bilan uchrashuvga 10 ballik tizimda 10 ball qo‘yishini aytib maqtandi. Ammo aksar tahlilchilar Alyaskadagi uchrashuv amaliy natija bermagani holda Putinga katta ochko keltirdi deb hisoblaydi. Umuman, Alyaska sammiti Oq uyning mag‘lubiyati, Kremlning g‘alabasi o‘laroq talqin qilindi.

So‘nggi vaqtlarda Ukrainadagi urushni to‘xtatish borasida katta va’dalar bergan Tramp Putinni muzokara orqali murosa yo‘liga sola olmasligiga ko‘zi yetgani aytilmoqda.

Tramp o‘tgan hafta Virjiniya shtatidagi Kuantiko harbiy bazasida armiya generallari va qo‘mondonlar qarshisida so‘zlagan ma’ruzasida ham “Putindan juda hafsalam pir bo‘ldi” deya yozg‘irgandi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.