ISTEʼDOD UCHQUNINING TALANT ALANGASIGA AYLANISHI

Dilobar Maxmarejabova Elbek qizi Qashqadaryo viloyati Yakkabog’ tumanida tug’ilgan. Hozirda Toshkent shahridagi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo’nalishi 2-bosqich talabasi.
TIRIK YETIM (hikoya)
Ko‘chamizga tanish qadam tovushlari eshitildi. O‘girilib qarasam, qarshimda maktabdosh dugonam turardi. Uni oxirgi bor maktabni bitirish arafasida ko‘rgandim. Oradan yillar o‘tibdi. U turmush qurib ketganini eshitgandim, lekin bugun qo‘lida chaqaloq ko‘tarib eshigimizdan kirib kelishini aslo kutmagan edim.
Dugonamning nigohlari hamon o‘sha — maktab paytidagidek beg‘ubor, sochlari esa yosh qizlarnikidek jilvalanib turardi. Go‘yo qarshimda o‘sha 10-sinflik dugonam emas, balki hayotdan hali sinov ko‘rmagan qizaloq turganday. Faqat qo‘lida tinchgina uyquga ketgan murg‘akkina bola uni butunlay boshqa qiyofaga solib qo‘ygandi.
Yoniga bordim, mehr bilan salomlashdik. So‘ng bolaning yuziga qaradim va yuragim hapriqib ketdi. U xuddi dadasining o‘zi edi. Qurbon degan yigitchani esladim — maktab paytimizda ismini ko‘p eshitganmiz. Ammo shu bolakayni u tan olmayapti, degan gapni eshitish yuragimni tilka-pora qildi.
Dugonam esa ko‘zlarida bir ishonch bilan shunday dedi:
— Hozirgi erim uni qo‘llarida ko‘tarib yuradi, o‘z bolasiday yaxshi ko‘radi.
Men indamadim. Faqat ich-ichimdan shubhalar qalqib chiqardi: “Bugun shunday bo‘lsa ham, ertaga-chi? Balki kelajakda yuziga solib qo‘ymasmikan? Mehribonligi so‘nib qolmasmikan? Shu begunoh bolasini chin dildan o‘z farzandi kabi qabul qila olarmikan?”
Chaqaloq esa hech narsadan bexabar, sokin uyquda edi. U hayotning og‘irligini, kattalarning xatolarini hali sezmasdi. Ammo baribir u — tirik yetim edi. Chunki onasi yoshlikning ostonasida turibdi, otasi esa otalik mas’uliyatidan yuz o‘girgan.
Men uning mayin vujudini qo‘limda ushlab turarkanman, o‘yga toldim: aslida ayb kimda? Yoshlikda o‘ylamay qilingan qarorlardami? Kattalarning beparvoligidami? Yoki jamiyatning e’tiborsizligidami? Javobini topolmadim. Faqat bitta narsani aniq his qildim: bu bolakay hech narsaga aybdor emas.
Dugonam esa suhbat davomida boshqa tanishlarini yomonlab, bekorchi g‘iybatlar qilardi. Men esa uning gaplariga e’tibor bermay, faqat qo‘limdagi chaqaloqqa termulardim. “U kelajakda kimning qo‘lida ulg‘ayadi? O‘qimagan onasinikimi? Hozir mehribonlik ko‘rsatayotgan o‘gay otasinikimi? Yoki uni tan olmayotgan, ammo qonida jilg‘ib oqayotgan haqiqiy otasinikimi?”
Bu savollar yuragimni og‘ir toshdek bosib turardi…