NUFUZLI ANJUMANDAGI NUTQ
	Suv resurslarining taqchilligi muammosiga to‘xtalar ekan, Prezidentimiz O‘zbekistonda Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazish rejalashtirilganini ta’kidladi. Mazkur anjuman yakunlari bo‘yicha Suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash va bu borada global darajada innovatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish mo‘ljallanmoqda.
Ekologik o‘zgarishlarning yana bir salbiy ko‘rinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganidir. Prezidentimiz ushbu yo‘nalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmaganini qayd etdi. Shu munosabat bilan bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilishga chaqirdi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan va jahon hamjamiyati tashabbuslar diqqat markaziga qaratilgan: Afg‘onistonda tinchlik va iqtisodiy hamkorlikni ta’minlash; G‘azo va Ukrainadagi muammolarni siyosiy yo‘l bilan hal qilish; Orolbo‘yi ekotizimini tiklash; Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumini tashkil etish; iqlim migratsiyasiga qarshi Global pakt qabul qilish takliflari nafaqat mintaqaviy, balki global barqaror taraqqiyot yo‘lida amaliy qadam bo‘ldi desak, aslo xato bo‘lmaydi.
Prezident nutqi Yangi O‘zbekistonning ochiqlik, pragmatizm va hamjihatlik siyosatining uzviy ifodasidir, unda yangragan tashabbuslar xalqaro hamjamiyatni tinchlik, barqaror rivojlanish va hamkorlik sari chuqur tahlil va o‘zaro manfaatlar aks etgan muhim siyosiy pozitsiyadir deb baralla aytish mumkin.
Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qat’iy intilishini tasdiqlab, Prezident O‘zbekiston 2030-yilga borib “daromadi o‘rtadan yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini ta’kidladi.
Shuni alohida e’tirof etish joizki, Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida samarali mexanizmga aylandi.
– Shuni qat’iy ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi. Mintaqamiz o‘zining hamjihatligi, barqarorligi, o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida subyekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda, – dedi Prezident.
Bundan tashqari, Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi ham ilgari surildi.
– Biz BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirishning qat’iy tarafdorimiz, – dedi u yuksak minbardan turib.
Prezidentimiz Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi.
Xalqaro tranzit koridorlarining xavfsizligini ta’minlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish maqsadida “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etishga chaqirdi.
Shavkat Mirziyoyevning nufuzli anjumandagi nutqi Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdori ekani xususidagi adolatli bong, da’vatkor xitob o‘rnida yangradi.

RAHIMBOY JUMANIYOZOV, professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi